O‘zbekiston | 13:28 / 01.03.2022
2314
2 daqiqa o‘qiladi

Urganch shahar hokimining 35 ta qarori noqonuniy deb topildi

Fuqarolarga yer uchastkalari ajratib berish to‘g‘risidagi qarorlar hokimlik tomonidan noqonuniy ravishda bekor qilib, yer maydonlari davlat zaxirasiga qaytarilgan.

Urganch shahar adliya bo‘limi tomonidan «Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori talablariga Urganch shahar hokimligi tomonidan rioya qilinishi bo‘yicha monitoring o‘tkazilgan.

Jumladan, hokim qarorlari «E-qaror» elektron tizimi orqali monitoring qilinganda, 35 fuqaroga yer uchastkalari ajratib berish to‘g‘risidagi qarorlar bekor qilinib, yer maydonlari davlat zaxirasiga qaytarilgani, bu bilan farmon talablariga rioya qilinmagani aniqlangan.

Adliya bo‘limi xabarida qaysi hokim, qaysi davrda qonunbuzilishiga yo‘l qo‘yganiga aniqlik kiritilmagan. 

Monitoring natijasiga ko‘ra Urganch tumanlararo ma’muriy sudiga hokim qarorlarini haqiqiy emas deb topish haqida da’vo arizalari kiritilgan.

Sud tomonidan shahar hokimining yer uchastkalarini davlat zaxirasiga qaytarish to‘g‘risidagi 35 ta qarori haqiqiy emas deb topilgan. Bu bilan qonunga zid bo‘lgan qarorlarning bekor qilinishi ta’minlangan.

Eslatib o‘tish joiz, farmonda 2021 yil 1 avgustdan tuman va shahar mahalliy davlat hokimiyati organlari yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni belgilash, e’tirof etish, o‘zgartirish, bekor qilish huquqidan mahrum qilingan.

Urganch shahriga 2020 yil dekabr oyidan beri Oybek Xolboyev hokimlik qiladi.

Mavzuga oid