Jahon | 22:16 / 06.03.2022
56487
2 daqiqa o‘qiladi

Putin Ukrainadagi harbiy harakatlar qanday shart bilan tugashini aytdi

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning aytishicha, Ukrainadagi urush Kiyev harbiy harakatlarni to‘xtatsa, tugaydi. Bu haqda Putin turkiyalik hamkasbi Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan telefon suhbatida aytgan.

Foto: TASS

Kreml axborot xizmatining ma’lum qilishicha, Putin Ukrainadagi voqealarni «Donbassni qutqarish operatsiyasi» deb atagan. Putinning aytishicha, Ukrainadagi Rossiyaning harbiy harakatlari Kiyev harbiy harakatlarni to‘xtatib, Rossiya tomoni qo‘ygan shartlarni tan olsagina tugashi mumkin.

Putin harbiy operatsiya reja bo‘yicha ketayotganini aytdi. Erdo‘g‘an Putinga Ukraina bilan muloqotni davom ettirishini bildirdi. Putin ham Rossiya muloqotga tayyorligini aytdi.

Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralarda har ikki tomon o‘z shartlarini ma’lum qilgandi. Rossiya Ukrainadan Qrimni tan olishni, DXR va LXRni Donetsk va Lugansk viloyatlari chegarasida tan olib, neytrallik e’lon qilishini talab qilmoqda.

Hozircha tomonlar Belarusda ikki marta muzokara o‘tkazishdi. Birinchi raundda hech qanday kelishuv bo‘lmadi. Ikkinchi raundda esa gumanitar koridor bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bu kelishuv bir kun ham davom etmadi, uning buzilishida tomonlar bir-birini aybladi.

Ўткир Жалолхонов
Tayyorlagan Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid