Sport | 22:53 / 10.03.2022
8073
2 daqiqa o‘qiladi

Andijonda boks bo‘yicha viloyat chempionati yakunlandi

Foto: KUN.UZ

5-10 mart kunlari Andijon shahridagi Yakkakurashlar bo‘yicha ixtisoslashgan bolalar-o‘smirlar sport maktabi maxsus zalida o‘smirlar o‘rtasida boks bo‘yicha viloyat chempionati o‘tkazildi. Respublika chempionatida qatnashish huquqini beruvchi musobaqada Andijonning 14 ta shahar-tumanlaridan 250 nafar yosh bokschi g‘oliblik uchun kurashdi.

10 mart kuni 15 vazn bo‘yicha final bahslari bo‘lib o‘tdi. Ringdagi har bir jang o‘ta murosasiz o‘tdi.  

Final janglarida 11 ta vazn toifasida Andijon olimpiya zaxiralari kolleji tarbiyalanuvchilari g‘olib bo‘lgan bo‘lsa, qolgan vaznlarda Shahrixon, Oltinko‘l va Andijon shahri vakillari shohsupaning eng yuqorisiga ko‘tarilishdi.

“Viloyatimizda boks bilan shug‘ullanayotgan yoshlar soni 3500 nafardan ziyod. Mazkur musobaqa shu yilning iyun oyida o‘tkaziladigan O‘zbekiston birinchiligida qatnashishga munosib nomzodlarni saralash maqsadida tashkil etildi. O‘tgan oyda Marhamat tumanida 2005-2006 yillarda tug‘ilgan o‘smirlar o‘rtasida viloyat birinchiligi bo‘lib o‘tdi. Saralab olingan g‘oliblar bilan o‘quv-yig‘inlari tashkil etiladi”, - deydi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan murabbiy Mars Qo‘chqorov.

Elmurod Ermatov va Azizbek Ismoilov tayyorladi

Mavzuga oid