O‘zbekiston | 20:39 / 10.03.2022
30435
9 daqiqa o‘qiladi

Tibbiyotda yangi monopoliya? 178ta laboratoriya bitta operatorga berildi

Sog‘liqni saqlash vazirining buyrug‘i bilan Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi deyarli barcha davlat shifoxonalarining laboratoriyalari xorijda ochilgan bitta korxona qo‘liga topshirildi. Qator tadbirkorlar buning oqibatida raqobat yo‘q qilingani, bu qonunchilikka zidligini aytmoqda.

O‘zbekistonning sobiq sog‘liqni saqlash vaziri Abduhakim Hojiboyev 2021 yil 24 sentyabrda imzolagan 237-sonli buyruq bilan, Toshkent shahridagi 16 ta va Toshkent viloyatidagi 99 ta tibbiyot muassasasi namuna sifatida “Markazlashtirilgan klinik diagnostika laboratoriya yaratish, jihozlash va ishga tushirish” loyihasi doirasida “Intermed Innovation” qo‘shma korxonasiga biriktiriladi.

Buyruqda, natijalarga qarab loyihaga boshqa tibbiyot muassasalari ham biriktirilishi nazarda tutilgan. Hujjatda, vazirning 2021 yil 24 iyundagi 144-sonli buyrug‘iga muvofiq, “Intermed Innovation” bilan uch tomonlama shartnoma imzolangani ko‘rsatilgan.

Shundan so‘ng, Sog‘liqni saqlash vaziri Bexzod Musayevning 2022 yil 7 yanvardagi buyruq bilan mazkur loyihaga jalb etilgan tibbiyot muassasalari soni kengaytiriladi. Unga ko‘ra, Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi jami 178ta oilaviy poliklinika hamda ko‘p tarmoqli poliklinikalarga qarashli laboratoriyalar “Intermed Innovation” qo‘shma korxonasiga topshirilgan.

Natijada, “Intermed Innovation” Toshkent shahri va Toshkent viloyatida klinika-diagnostik laboratoriya xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha raqobatchilardan ancha ustun (ehtimol monopol) mavqega ega bo‘ldi.

Bu nimani anglatadi?

Kun.uz'ga tibbiy-laboratoriya xizmatlarini ko‘rsatuvchi bir guruh tadbirkorlar tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurash va sud-huquq masalalari qo‘mitasiga kiritilgan shikoyat xati kelib tushdi.

Shikoyat xatida tadbirkorlar vazir buyrug‘i amaldagi qonunchilik talablariga zidligi hamda unda tadbirkorlik sub’yektlarining qonuniy huquq va manfaatlari cheklanayotgani aytiladi.

Kun.uz bilan suhbatda shikoyat arizasiga qo‘l qo‘ygan tadbirkorlardan birining tushuntirishicha, arizachilar eng ko‘p e’tiroz bildirayotgan jihat quyidagicha: Buyruqda “Intermed Innovation” laboratoriyalarida o‘tkazilgan tahlil javoblari “diagnostika standartlarida belgilangan muddatlarda haqiqiy deb hisoblanib, boshqa tibbiyot tashkilotlari tomonidan qayta tahlil o‘tkazilmasligi” belgilangan.

Tadbirkorning fikricha, bu – “Intermed Innovation”ga topshirilayotgan laboratoriyalarda o‘tkazilgan tahlillargina poliklinikalar tomonidan qabul qilinishini anglatadi.

“Bu inson huquqlarining buzilishi emasmi: istalgan odam o‘zi istagan joyda tahlil topshirishga haqli. Ular bu huquqni qonunan cheklashmoqda. Endi vrachlar o‘sha laboratoriyalardan boshqa joyda qilingan tahlillarni qabul qilmaydi. 178 oilaviy va markazlashgan ko‘p tarmoqli poliklinikalar Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi deyarli barcha tibbiyot muassasalari degani. Bir so‘z bilan aytganda, bizdek xususiy laboratoriyalarga umuman imkon qoldirilmayapti.

Bundan tashqari, ularning sifatini nazorat qilish bo‘yicha hech qanday band yo‘q.  SSV tomonidan ko‘r-ko‘rona uning tahlillarini to‘g‘ri deb qabul qilinishi belgilanmoqda. Ish bor joyda baribir xatolik bo‘ladi, chet eldagi eng yuqori texnologiyali laboratoriyalarda ham xatolik bo‘ladi va bu narsa qisqa vaqt ichida bartaraf etiladi. Tanlov cheklangani uchun UzAuto'ning mashinalarini magnitafonsiz va sifatiga savollar borligiga qaramay olishga majbur bo‘lganimizdek, endi faqatgina bitta xizmat ko‘rsatuvchining xizmatidan (qanday xizmat ko‘rsatishidan qat’i nazar) foydalanishga majburmiz. Aslida, u sifat nazoratidan o‘tkazilishi kerak edi”, – deydi tadbirkor.

E’tirozlar

Qonunchilik palatasiga shikoyat yo‘llagan tadbirkorlar o‘zlarining e’tirozlarini bir qancha qonun normalari buzilayotgani bilan asoslashgan.

Birinchidan, laboratoriyalar ushbu kompaniyaga topshirilishi qonuniy asosga ega emasligi aytiladi. Jumladan, buyruq qabul qilinishida asos sifatida olingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 25 maydagi 5124-son qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 20 avgustdagi 674-sonli qarorida nazarda tutilgan vazifalar va masalalar ikki sog‘liqni saqlash vazirining buyruqlari bilan qay darajada bog‘liqligi savol ostiga olinadi. Chunki bu normativ-huquqiy hujjatlarda (Prezident va VM qarorlarida) SSVning Toshkent shahrida tajriba tariqasidagi markazlashtirilgan klinika-diagnostika laboratoriyasi tashkil etish to‘g‘risida “YaKDL” UK MChJ bilan, istisno tarzida, bevosita muzokaralar asosida konsession shartnoma tuzish haqidagi taklifiga rozilik berilgan. Biroq, buyruqlarda “Intermed Innovation” QK bilan istisno tariqasida konsessiya shartnomasini imzolashiga oid hech qanday norma mavjud emas.

Qolaversa, tegishli normativ-huquqiy hujjatlarda davlat xususiy sherikchiligida xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar tender asosida tanlab olinishi qayd etiladi.

Ikkinchidan, “Intermed Innovation” bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma tuzilishi o‘z-o‘zidan ustun mavqe, ya’ni tovar yoki moliya bozorida xo‘jalik yurituvchi sub’yektning yoxud shaxslar guruhining raqobatlashuvchi xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga bog‘liq bo‘lmagan holda unga o‘z faoliyatini amalga oshirish va raqobatning holatiga hal qiluvchi ta’sir ko‘rsatish, tegishli bozorga boshqa xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning kirishini qiyinlashtirish yoxud ularning iqtisodiy faoliyat erkinligini boshqacha tarzda cheklashga olib keladigan holat hisoblanadi.

Buyruqning 3-bandi birinchi xatboshiga ko‘ra, boshqa xususiy laboratoriyalar va davlat tibbiyot muassasalari o‘rtasida tuzilgan ijara shartnomalarning amal qilishi 2022 yil 10 yanvardan boshlab to‘xtatilishi belgilangan. Ijara shartnomalarining tarzda bekor qilinishi “Ijara to‘g‘risida”gi qonun talablariga ham zid hisoblanadi.

Uchinchidan, tadbirkorlar Sog‘liqni saqlash vazirining buyruqlari “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunga ham zid ekanini aytmoqda.

“O‘zbekiston Respublikasi “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunining 71-moddasida to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha davlat xaridlari qaysi hollarda amalga oshirilishi mumkinligi belgilab qo‘yilgan. Sog‘liqni saqlash vazirining ushbu buyrug‘i va u bilan e’tirof etilgan konsessiya shartnomasini tuzishda qonunchilikda belgilangan  istisnolar mavjud emas”, deyiladi murojaatda.

Yakka operator kim?

Yuridik shaxslar reyestriga ko‘ra, “Intermed Innovation” MChJ 2010 yilda ro‘yxatga olingan, ustav fondi – 273 600 dollar. Faoliyat turi – “boshqa texnika va uskunalar ulgurji savdosi”.

Kompaniyaning 99,30 foiz ulush bilan ta’sischisi – Silverdale Trade L.P. Ikkinchi ta’sischi (0,70 foiz) – Jivetin Oleg Leonidovich ayni paytda kompaniya rahbari ham hisoblanadi.

Silverdale Trade, shuningdek, “Jizzax” EIZda ochilgan, 40,9 mlrd so‘mlik ustav fondiga ega “Bek Oil” MChJning 47,20 foiziga ham egalik qiladi. Bu kompaniyaning  faoliyat yo‘nalishi – neftni qayta ishlash mahsulotlari ishlab chiqarish.

Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, Silverdale Trade Limited Partnership Buyuk Britaniyada 2014 yilda ro‘yxatga olingan. Britaniya hukumatining ochiq ma’lumotlar portalida, kompaniya benefetsiari sifatida Rossiya fuqarosi Igor Rukavishnikov ko‘rsatilgan.

Iqtisodchi Otabek Bakirovning qayd etishicha, Silverdale Trade Shotlandiyadagi ofshorda joylashgan va uning yuridik manzili (Edinburg shahri, Atirgul ko‘chasi 196-uy)da 339ta kompaniya ro‘yxatdan o‘tgan.

“Intermed Innovation” MChJ QK qanday yo‘l bilan yoki qanday jarayonlar orqali loyiha operatori etib tanlab olinganligi, konsessiya shartlari, xususan, har bir tadqiqot turi bo‘yicha laboratoriya diagnostikasi xizmatining eng yuqori qiymati aniqlashtirilmagan”, deydi Bakirov.

Tibbiyot sohasida o‘ziga xos yangi monopoliyaning tashkil etilgani va u SSV tomonidan har tomonlama faol qo‘llab-quvvatlanayotgani vakolatli tashkilotlar tomonidan o‘rganib ko‘rilsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Madina Ochilova,
Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid