O‘zbekiston | 17:29 / 12.03.2022
12399
3 daqiqa o‘qiladi

Qamchiq dovonida qolib ketgan yo‘lovchilar uchun poyezd yuborildi

Qamchiq dovonida qor ko‘chkisi xavfi e’lon qilingach, 12 mart kuni soat 09:00dan dovonda avtomobillar harakati to‘liq to‘xtatilgan edi. Shu sababli yo‘lda qolib ketgan yo‘lovchilar uchun poyezd tashkillashtirildi. Keyingi soatlarda dovonda 5ta qor ko‘chkisi kuzatilgan.

Foto: Favqulodda vaziyatlar vazirligi

Qamchiq dovoni avtomobillar harakati uchun vaqtincha yopilgani munosabati bilan yo‘lda qolib ketgan yo‘lovchilarga maxsus reys orqali poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yildi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligidan xabar berishlaricha, ayni paytda Ohangaron, Angren va Orzu vokzali orqali qo‘shimcha yo‘lovchi poyezdi qo‘yilib, vokzallardan aholini manzilga yetkazish ishlari tashkillashtirilmoqda.

“Hurmatli fuqarolar! Qamchiq dovonida ob-havo barqaror bo‘lmaguniga qadar dovon orqali vaqtinchalik harakatlanmaslikni tavsiya etamiz”, – deyiladi FVV xabarida.

Foto: Favqulodda vaziyatlar vazirligi
Foto: Favqulodda vaziyatlar vazirligi

“O‘zgidromet” dovonda qor ko‘chkisi ro‘y berganini ma’lum qildi. Qayd etilishicha, 11–12 mart kunlari Qamchiq davonida kuchli yog‘ingarchilik (qor va yomg‘ir aralash qor) – 41 mm kuzatilgan, meteorologik maydonchada qor balandligi 54 sm, tog‘ yonbag‘irlaridagi qor balandligi 180 sm gacha yetgan.

“O‘zgidromet” prognozi oqlanib, dovon hududida 5 ta qor ko‘chkisi kuzatildi. Eng katta qor ko‘chkisining hajmi 400 min m3 tashkil etdi.

Tog‘li xududlarda istiqomat qiluvchi fuqarolarni, dam oluvchilarni hamda tog‘li hududlarda harakatlanuvchi haydovchilarni ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishlarini so‘raymiz”, – deyiladi Gidrometeologiya markazi axborotida.

Foto: "O‘zgidromet"

Toshkent viloyati hokimligi xabariga ko‘ra, yo‘lda qolib ketgan avtotransport haydovchilari va yo‘lovchilarni Toshkent viloyatining Ohangaron va Angren shaharlari hamda Namangan viloyatining Pop tumanidagi mavjud umumovqatlanish shohobchalariga joylashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Ular uchun zaruriy sharoitlar yaratilgan.

Foto: Toshkent viloyati hokimligi
Foto: Toshkent viloyati hokimligi

A-373 xalqaro avtomobil yo‘lining Qamchiq dovoni qismi avtomobillar harakati uchun 12 mart kuni soat 9:00 dan vaqtincha yopilgan edi. Ko‘p o‘tmay yo‘lning bir qismida o‘pirilish ro‘y bergani ma’lum bo‘ldi.

Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati dovonga avtomobillar harakatini cheklash uchun Toshkent viloyatida 5ta post tashkil etgan.

Foto: IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati
Foto: IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati

Mavzuga oid