Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yevroittifoq Rossiyaga qarshi beshinchi sanksiyalar to‘plami ustida ish boshladi
Boltiqbo‘yi davlatlari, jumladan, Litva Rossiya neftiga embargo qo‘yishga chaqirdi, Germaniya esa Yevropada energiya tashuvchilarga yuqori narxlar tufayli tezkor choralar ko‘rish bo‘yicha ikkilanmoqda, deya xabar berdi Reuters manbalari.
Yevropa ittifoqi Ukrainadagi voqealar tufayli Rossiyaga qarshi beshinchi sanksiyalar paketini tayyorlamoqda va Rossiya neftiga embargo qo‘yish imkoniyatini muhokama qilmoqda, deb xabar berdi Reuters o‘z manbalariga tayangan holda.
«Biz sanksiyalarning beshinchi bosqichi ustida ishlayapmiz va ko‘plab yangi nomlar taklif qilinmoqda», deya ma’lum qildi agentlikka yevropalik yuqori martabali diplomat.
Rossiya nefti importiga cheklovlar qo‘yish yoki qo‘ymaslik masalasi bo‘yicha muhokamalar 21 mart kuni, AQSh prezidenti Jo Baydenning Bryusselga rejalashtirilgan tashrifi oldidan Yevropa ittifoqi tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishida bo‘lib o‘tadi.
Agentlik manbalariga ko‘ra, Boltiqbo‘yi davlatlari, jumladan, Litva neft embargosini talab qilmoqda. Germaniya Yevropada energiya tashuvchilar narxining yuqoriligi sababli bu yo‘nalishda tezkor choralar ko‘rish bo‘yicha ikkilanmoqda. Reuters’ning ta’kidlashicha, Germaniya Yevropa ittifoqining boshqa mamlakatlariga qaraganda Rossiya gaziga ko‘proq qaram va Yevropa ittifoqida Rossiyadan neftning eng yirik xaridori hisoblanadi.
AQSh Rossiyadan energiya tashuvchilar importini taqiqlab bo‘ldi, Kanada va Buyuk Britaniya ham Rossiya neftidan voz kechish rejalarini e’lon qildi. Yevropa ittifoqi Rossiya gazi, nefti va ko‘miridan «asta-sekinlik bilan» voz kechishni rejalashtirmoqda va aniq muddatlarni belgilamadi.
Yevrokomissiya 2022 yilda Rossiya gazi iste’molini uchdan ikkiga qisqartirish va yetkazib berishdan «2030 yildan ancha oldinroq» voz kechish mumkin deb hisoblamoqda. REPowerEU Yevropa rejasi suyultirilgan tabiiy gaz, rossiyalik bo‘lmagan yetkazib beruvchilardan quvurlar importini ko‘paytirish, qayta tiklanadigan vodorod ishlab chiqarishni ko‘paytirish va import qilish orqali gaz ta’minotini diversifikatsiya qilishni nazarda tutadi. Yevropa ittifoqi rejasining yangilangan versiyasi joriy yilning may oyida taqdim etilishi kutilmoqda.
YeI Ukrainadagi voqealar tufayli Rossiyaga qarshi bir nechta sanksiyalar paketini joriy qildi. Cheklov choralari Markaziy bank zaxiralari va aktivlariga, Rossiyaning bir qancha banklariga, shu jumladan VTBga, texnologik mahsulotlar eksportiga, samolyotlar va ular uchun ehtiyot qismlar yetkazib berishga, shuningdek, Yevropa moliya bozorlariga kirish jarayoniga tegishli bo‘ldi. Aktivlar va hisoblarni muzlatishdan iborat shaxsiy sanksiyalar rossiyalik yirik ishbilarmonlar, kompaniyalar top-menejyerlari, amaldorlar va siyosatchilarga tegishli bo‘ldi. Rossiya prezidenti Vladimir Putinga qarshi ilk bor Yevropa sanksiyalari joriy etildi.
YeIning oxirgi, to‘rtinchi cheklov choralari to‘plami yangi investitsiyalar va energetika sektori uchun uskunalar yetkazib berishni taqiqlashni, shuningdek, Rossiyadan temir va po‘lat importiga embargo qo‘yishni nazarda tutadi.
G‘arb sanksiyalari fonida Rossiya valuta operatsiyalari qoidalarini kuchaytirdi hamda AQSh va Yevropa ittifoqining «misli ko‘rilmagan» va «noqonuniy» sanksiyalariga javob qaytarishga va’da berdi.
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov g‘arbning Rossiyadan energiya tashuvchilar importiga cheklovlar qo‘yish bo‘yicha muhokamalariga izoh berar ekan, bunday tashabbuslar bozor buzilishiga olib kelishini aytgan bo‘lsa, bosh vazir o‘rinbosari Aleksandr Novak bu kabi choralar neft narxining bir barrel uchun 300 dollargacha ko‘tarilishiga olib kelishi mumkinligini bildirdi.
Mavzuga oid
09:03 / 28.05.2025
WSJ: Tramp Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirish haqida o‘ylayapti
15:45 / 27.05.2025
Yevroittifoq Rossiyaga qarshi sanksiyalarni AQSh bilan birgalikda qo‘llamoqchi
14:36 / 23.05.2025
Bank of Georgia rossiyaliklarning lyuks do‘konlardagi xaridlarini chekladi
10:22 / 23.05.2025