Jahon | 19:02 / 26.03.2022
36462
6 daqiqa o‘qiladi

Shimoliy Koreya qit’alararo ballistik raketani sinovdan o‘tkazdi (video)

KXDR rahbari Kim Chen In boshchiligida o‘tkazilgan sinovda ballistik raketa 6248 metrga ko‘tarilib, 1 soatdan oshiq uchgach, Yapon dengiziga qulagan. BMT va AQSh boshchiligidagi kollektiv G‘arb Shimoliy Koreyaning bu harakatini qoralovchi bayonot bilan chiqdi.

Shimoliy Koreya 24 mart kuni o‘zining yangi qit’alararo ballistik raketasi sinovini o‘tkazdi. Bu haqda KXDR davlat telekanallariga asoslanib, Al Jazeera xabar bermoqda.

Mahalliy OAVda yangi turdagi qurol deya atalayotgan Hwasong-17 ballistik raketasi sinovi Kim Chen Inning buyrug‘i asosida mamlakat mudofaa qobiliyatini mustahkamlash va AQSh bilan «uzoq davom etadigan qarama-qarshilik»ka tayyorgarlik ko‘rish maqsadida uchirilgan.

Foto: Rodong Sinmun

Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In shaxsan boshchilik qilgan ballistik raketa sinovlariga doir kadrlar davlat telekanalida xuddi blokbaster filmlari kabi qo‘yib berilgan. Qora charm kurtka va quyoshdan himoyalovchi ko‘zoynak taqqan Kim ikki nafar harbiy qurshovida raketa oldiga chiqib keladi va raketa uchirilishini kuzatib turadi.

Foto: Rodong Sinmun

Pxenyan xalqaro aeroportidan uchirilgan 25 metr uzunlikdagi raketa, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 6 248 m balandlikkacha ko‘tarilgan hamda havoda ming kilometrdan ortiq uchib, 67 daqiqadan so‘ng Yapon dengiziga qulagan.

«Koreya Xalq Demokratik Respublikasida paydo bo‘lgan yangi qurol butun dunyoni yana bir bor bizning strategik qurolli kuchlarimiz qudratini aniq tushunib olishga majbur qiladi. Davlatimiz xavfsizligiga tajovuz qilishga jur’at etishdan oldin har qanday kuch juda katta to‘lov to‘lashiga to‘g‘ri kelishini yaxshi bilishi kerak», – deya Kim Chen Inning so‘zlarini keltirmoqda davlat telekanali.

Foto: Rodong Sinmun
Foto: Rodong Sinmun

Tahlilchilarga ko‘ra, Shimoliy Koreya uchirayotgan raketalar mudofaa maqsadlaridan chetga chiqib, tahdid ko‘rinishiga o‘tgan. Shuningdek, KXDR AQSh tomonidan o‘zining yadroviy davlat sifatida tan olinishi hamda xalqaro sanksiyalar bekor qilinishini xohlamoqda.

Janubiy Koreya va AQSh hozircha KXDR harakatlariga harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazish bilangina javob berishi kutilmoqda. Chunki rasmiy Seulning asosiy ittifoqchisi ayni damda bor e’tiborini Rossiya-Ukraina mojarosiga qaratgan.

Lekin 24 mart kunining o‘zida AQSh davlat departamenti rasmiy vakili Ned Prays Shimoliy Koreya yadroviy dasturiga aloqador Rossiya bilan hamkorlikdagi ikkita kompaniya KXDR Tabiiy fanlar ikkinchi akademiyasiga nisbatan sanksiyalar e’lon qilinganini ma’lum qildi.

Shimoliy Koreya 2017 yilda ilk bor yadroviy bombaga ega qit’alararo ballistik raketani to‘liq sinovdan o‘tkazgan edi. BMT raisi ham AQSh, Janubiy Koreya va Yaponiya tomonidan keskin muhokama qilingan ushbu sinovning Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyalariga zid ekanini aytgan.

Holat yuzasidan, kecha, 25 mart kuni BMT Xavfsizlik kengashi majlisi bo‘lib o‘tdi. Kengashda nutq so‘zlagan bosh kotibning siyosiy va tinchlikparvarlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Rozmari DiKarlo Shimoliy Koreya tomonidan o‘tkazilgan qit’alararo ballistik raketa sinovi 2018 yilda e’lon qilgan moratoriy va Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyalarining ochiqdan ochiq va qo‘pol buzilishi ekanini aytdi.

Rozmari DiKarlo – BMT Bosh kotibining siyosiy va tinchlikparvarlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari / Foto: un.org

BMT rasmiysi KXDR shu yilning o‘zida 12 marta turli hajmdagi ballistik raketalarni sinovdan o‘tkazgani, lekin hech bir sinovlardan oldin qo‘shnilarini xabardor qilmaganini ta’kidladi.

Shuningdek, Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti Pxenyanni e’lon qilinmagan raketa sinovlari fuqarolik parvozlari uchun jiddiy xavf tug‘dirayotgani haqida bir necha marta ogohlantirgan.

Bundan tashqari, AQSh Davlat departamenti katta yettilik mamlakatlari tashqi ishlar vazirliklari hamda Yevroittifoq bilan birgalikda KXDRning harakatlarini qoralovchi bayonot e’lon qildi.

«Ushbu ehtiyotsiz harakatlar mintaqaviy va xalqaro tinchlik hamda xavfsizlikka tahdid soladi, xalqaro fuqaro aviatsiyasi va mintaqadagi dengiz navigatsiyasi uchun xavfli va oldindan aytib bo‘lmaydigan xavf tug‘diradi.

[...] Aniq bilamizki, KXDRdagi og‘ir gumanitar vaziyat davlat resurslarini o‘z xalqi farovonligiga emas, balki ommaviy qirg‘in qurollari va ballistik raketa dasturlariga yo‘naltirishi natijasidir. Biz barcha davlatlarni BMT Xavfsizlik kengashi tomonidan KXDRga tatbiq qilingan hamma cheklovchi choralarni to‘liq va samarali amalga oshirishga chaqiramiz», – deyiladi kollektiv G‘arb bayonotida.

Shimoliy Koreya – Koreya yarimorolida joylashgan totalitar-diktatura tizimidagi davlat. Maydoni 120 ming km\kv.dan ortiq, aholisi 26 millionga yaqin. 1948 yil – KXDR tashkil topganidan buyon Kimlar dinastiyasi unga hukmronlik qilib keladi.

Butunlay yopiq tashqi siyosat olib boruvchi mamlakatni qo‘shnilari Xitoy va Rossiya qo‘llab-quvvatlashi aytiladi. 2006 yilda Shimoliy Koreya ilk yadro sinovini muvaffaqiyatli amalga oshirgani haqida rasman e’lon qilgan. Turli manbalarga ko‘ra, ayni vaqtda Shimoliy Koreyada 10 tadan 60 tagacha yadro kallagi bor.

Mavzuga oid