Jahon | 21:53 / 28.03.2022
67845
12 daqiqa o‘qiladi

Yerdan tashqaridagi hayot: O‘zga sayyoraliklar bormi?

Qariyb 2 yil oldin Pentagon noma’lum uchar jismlar tasviri tushirilgan videolarni e’lon qilgach, o‘zga sayyoraliklar mavzusi qayta jonlandi. AQShning ayrim razvedka xodimlari hukumat o‘zga sayyoraliklar haqidagi haqiqatlarni ommadan sir tutadi degan fikrda. Xo‘sh, noma’lum uchar jismlar haqida hozirgacha ilm-fanga nimalar ma’lum?

O‘zga sayyoraliklar kemasi deb e’lon qilingan ilk fotolar

Yer sayyorasidan tashqarida ham jonli yoki ongli mavjudotlarning bor yoki yo‘qligi bahsli bo‘lib kelgan. Buni haqiqat deb, hatto o‘zga sayyoraliklar kemasi suratlarini e’lon qilgan ilk odam Shveytsariya fuqarosi Billi Meyyer edi.

Billi Meyyer e’lon qilgan surat

U o‘zga sayyoraliklar bilan aloqada bo‘lgani haqida 1970 yillarda aytib chiqqan. Billi o‘zga sayyoraliklarni ilk marta 5 yoshida ko‘rganini ta’kidlagan.

Billi Meyyer 1976 yilda namoyish qilgan suratlar 1979 yilda AQSh Harbiy-havo kuchlari sobiq uchuvchisi Vendel Stivens kitobida va keyinchalik AQShning “X-Files” ilmiy-fantastik dasturi reklamasida ham paydo bo‘ladi.

Tasvirlar xiralashgan, suzib yurgan shakldagi metall dog‘larga o‘xshaydi. Shuning uchun ham ufolog (noma’lum uchar jismlarni o‘rganuvchi mutaxassis)lar bu rasmlarga skeptik ruhda qarashadi. Hozirgacha fotolar haqiqiy yoki soxtaligi bo‘yicha aniq xulosa berilmagan.

Billi Meyyer e’lon qilgan surat

Boshqa noma’lum jismlar

Koinot bepoyon, undagi jismlarning son-sanog‘i cheksiz. Ulardan ayrimlari teleskoplarga tushib qolib, insoniyatning noma’lum jismlarni aniqlashga bo‘lgan qiziqishini uyg‘otib yuboradi. 2017 yil 19 oktyabrda kanadalik astrofizik Robert Verik Havaida joylashgan Haleakala observatoriyasidagi teleskop orqali Yerdan 33 million kilometr uzoqlikda bo‘lgan jism uchib o‘tganini aniqlaydi. Unga ʻOumuamua deb nom beriladi.

ʻOumuamua obekti

ʻOumuamua – uzunligi 100–1000 metr, kengligi 35–167 metr atrofidagi jism bo‘lgan. 2019 yilning iyul oyida astronomlar ʻOumuamua tabiiy obekt bo‘lishi mumkin degan xulosaga kelishdi. Ayrimlar esa, uning notanish texnologiya mahsuli degan fikrni ilgari surgan. Ammo ikkinchi fikrni isbotlash uchun yetarli dalil topilmagan. 2021 yilning martida “ʻOumuamua’ Plutonga o‘xshagan Quyosh tizimidan tashqaridagi sayyora bo‘lishi mumkin” degan taxminiy xulosa berilgan.

ʻOumuamua'ga o‘xshash yana bir noma’lum jism 2019 yilning 30 avgustida aniqlangan. Buni rus astronomi Gennadiy Vladimirovich Borisov aniqlagan va unga 2 I/Borisov nomi berilgan. Hozir shunday koinotlararo noma’lum jismlarni o‘rganish bo‘yicha Lyra loyihasi ishga tushgan.

2 I/Borisov obekti

Noma’lum uchar jismlar aks etgan videoga Pentagon izohi

Noma’lum uchar jismlar haqidagi shubhalarni qayta yuzaga chiqargan voqealardan biri 2020 yil aprelida Pentagon saytida e’lon qilingan NUJlar tasviri tushirilgan 3ta video bo‘ldi. Videolar 2004 va 2015 yillarda olingan bo‘lib, ularning haqiqiyligini AQSh dengiz harbiy kuchlari ham tasdiqlagan. Voqea shov-shuvga sabab bo‘lgandi. Bu bo‘yicha AQSh hukumatining uzoq kutilgan bayonoti esa 2021 yilning iyun oyida e’lon qilindi.

Unga ko‘ra, videoda tasvirga tushirilgan jismlar aynan nima ekani aniq emas. Bayonotda noma’lum jism qush, dron kabi keng tarqalgan uchar obekt, AQSh hukumati yoki biror xususiy tashkilotning yangi ishlanmalari, muz parchasi kabi atmosferaviy hodisa yoki xorijiy raqobatchilar joylashtirgan texnologiyalar bo‘lishi mumkinligi aytilgan.

Pentagon saytida e’lon qilingan noma’lum uchar jismlar

Voqeadan keyin Pentagon 2021 yil avgustida NUJlarni o‘rganish uchun Unidentified Aerial Phenomena Task Force'ni tashkil qildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, oxirgi 20 yilda Pentagon e’lon qilgan videoga o‘xshash 144ta o‘rganilmagan samoviy hodisa kuzatilgan.

Ufologlar AQSh o‘zga sayyoraliklar haqidagi dalillarni bosti-bosti qilib keladi degan fikrda. Shuning uchun ham AQSh jamiyati bir necha yillardan beri hukumatdan haqiqatlarni talab qilib keladi, turli chiqishlar qiladi.

O‘zga sayyoraliklarga AQShning sobiq prezidentlari munosabati

Noma’lum uchar jismlar haqidagi qarashlar AQSh saylov kampaniyalarini ham chetlab o‘tmagan. Masalan, Hillari Klinton saylov kampaniyasi menejyeri Jon Podesta mavzuga amerikaliklar qiziqishini yaxshi bilib, vaziyatdan foydalangan. U saylovchilarga Klinton saylansa, o‘zga sayyoraliklar haqida hukumatning maxfiy hisobotlarini e’lon qilishiga va’da beradi.

Massachusetsda suratga olingan noma’lum jismlar. 1952 yil

Donald Tramp AQSh prezidentligi vaqtida o‘zga sayyoraliklar haqida bilganlarini hatto oilasiga ham oshkor qilmasligini aytgan.

“O‘zga sayyoraliklar haqida bilganlarimni aytmayman, ammo ular juda qiziq”, – degan Tramp.

AQShning 44-prezidenti Barak Obama esa jurnalistlarga hukumatda noma’lum uchar jismlar yoki kosmik kemalarni o‘rganadigan laboratoriya yo‘q degan fikrni aytgan. Ammo bu mavzuda o‘z shaxsiy qarashlarini ham yashirmagan.

“To‘g‘ri, osmonda qandaydir jismlar, izlar bor, ammo biz ularning qanday harakat qilgani va trayektoriyasini tushuntirib berish imkoniga ega emasmiz. Ammo insonlar buni chuqurroq o‘rganishga harakat qilishdan to‘xtashmaydi”, – degan u.

AQShning ayrim razvedka xodimlari esa noma’lum uchar jismlar haqidagi ma’lumotlar ommaga oshkor qilinganidan ko‘proq ekaniga ishonadi.

O‘zga sayyoraliklarni izlayotgan davlatlar

AQShning sobiq senatori Harri Ridning aytishicha, dunyoda bu mavzuni o‘rganayotgan yana bir nechta davlatlar bor.

Noma’lum uchar jismlar bo‘yicha Xitoy va Rossiyada ham tadqiqotlar bor. Shuning uchun bu mavzuni biz ham o‘rganganimiz ma’qul, degan u 2019 yil Nevada Newsmakers nashriga bergan intervyusida.

Isroil kosmik boshqarmasi sobiq rahbari Xaim Eshed mahalliy gazetalardan biriga bergan intervyusida Trampning Yer va o‘zga sayyoraliklar o‘rtasida shartnoma borligini aytish arafasida ekani, ammo “ommaviy g‘alayon” paydo bo‘lishidan qo‘rqib, fikrini o‘zgartirganini ma’lum qilgan.

NASA o‘zga sayyoraliklar haqida nima deydi?

NASA agentligining asosiy maqsadlaridan biri – koinotda hayot mavjudligiga oid belgilarni qidirish. Hozirgacha NASA Yerdan tashqarida hayot borligi haqida aniq dalil topmagan. Biroq u “biz koinotda yolg‘iz emasligimizni isbotlovchi va shunga oid asosiy savollarga javob topish uchun” Quyosh sistemasini tadqiq qilib keladi. Agentlikning astrobiologiya dasturi Yerdan tashqaridagi hayotning paydo bo‘lishi, rivojlanishi kabilarni o‘rganadi.

Agentlik o‘zga sayyoraliklarni doimiy ravishda qidirmaydi. Biroq sun’iy yo‘ldoshlari orqali dunyoning boshqa kosmik agentliklari bilan hamkorlikda Yer atmosferasi haqida keng qamrovli ma’lumotlar yig‘adi. Ma’lumotlar noma’lum jismlarni aniqlash uchun maxsus yig‘ilmagan, istalgan odam ulardan foydalanishi mumkin.

"Yerdan tashqarida hayot bo‘lishi mumkin va albatta, buning ehtimoli bor. Fan doimo yangi narsa topish maqsadida rivojlanadi. Biroq biz hali Yerdan tashqarida hayot borligini aniqlaganimiz yo‘q. Ammo uni qidirishda davom etamiz”, – deyilgan agentlik saytida.

“Boshqa sayyoralardan yuborilgan signal Yergacha yetib kelmaydi”

O‘zbek astrofizigi, fizika-matematika fanlari doktori, professor, Jahon Fanlar Akademiyasi a’zosi Bobomurod Ahmedov Yerdan tashqarida ham jonli mavjudotlar borligiga ishonadi. Faqat masofa juda uzoq bo‘lgani uchun ular Yerga yoki Yerdan ularga yuborilgan signal yetib bormaydi.

Olimning so‘zlariga ko‘ra, hozir ko‘plab ekzosayyoralar aniqlanyapti va ularning har birida qandaydir turdagi hayot bor. Ular juda zich yulduzlar orasida joylashgan. Va atrofida fazoviy hodisalar ham tez-tez ro‘y beradi. Balki shuning uchun u yerda ma’lum turdagi hayot rivojlanishiga imkon yo‘qdir.

“Yer esa juda sokin va xavfsiz joyda joylashgan, – deydi Ahmedov. – Turli astronomik hodisalar Yerga xavf tug‘dirmaydi va bu joyda yashash uchun sharoit bor. Yerdan tashqarida ongli mavjudotlar borligi haqida hozircha bizga hech narsa ma’lum emas. Bor bo‘lsa ham ular va Yer o‘rtasidagi masofa juda uzoq va ular yuborgan signal bizgacha yetib kelmaydi”.

Islom dinining munosabati

O‘zga olamlarning mavjud yoki yo‘qligi borasida islom olimlari turli mulohazalarni bildirishgan. Bu mavzuda musulmon odamning munosabati qanday bo‘lishi kerakligi borasida diniy ulamo Mubashshir Ahmadning javobini keltirishni lozim topdik.

“Va siz bilmaydigan narsalarni yaratadir” (“Naxl surasi, 8-oyat).

— Boshqa yulduz va sayyoralarda ham hayot mavjudligi haqida ilmiy izlanishlar olib borilayotganiga ham yarim asrdan ortiq vaqt bo‘lib qoldi. Qirq yildirki, mana shu maqsadda simsiz to‘lqinlar xizmatidan foydalanilmoqda. O‘ttiz yildan buyon falakshunos olimlar koinotdan yuboriladigan ishoralarni ushlab qolish uchun unga quloq tutmoqdalar.

O‘zim ham ilm olamida biror kashfiyot bo‘lsa, Qur’on va ilm o‘rtasini bog‘lovchi ba’zi ziyolilarning tutgan yo‘llarini ma’qullamayman. Ularning dinga g‘ayratlarini kamsitmagan holda aytaman, ilmiy kashfiyotlar va Qur’on o‘rtasini muvofiqlashtirish va ta’vilga bunday mukkasidan ketmaslik kerak. Chunki u kashfiyotlar borasidagi keyingi izlanishlarning noto‘g‘ri natijaga kelinganini ko‘rsatsa, Qur’on oyatlari ham ularni ehtimol tutgan, degan fikrimiz bilan Allohning kalomiga zulm qilgan bo‘lamiz. Bunda bog‘liqlik ko‘rishda ehtiyot bo‘lish yoki ishni qat’iylik va jazmdan uzoq holdagi ehtimol chegarasida to‘xtatish lozim.

Qur’oni karimni tafsir qilgan mufassirlarimiz shunday o‘rinlarda ehtiyot va hazirlik maslagida bo‘lishgan. “Ehtimol”, “monelik yo‘q” singari so‘zlarni aytishga majbur bo‘lishgan. Masalan, imom Nasafiy o‘z tafsirlarida Alloh taoloning: “Osmonlar va yerning yaratilishi hamda (Alloh) ularda tarqatib-yoyib yuborgan jonivorlar Uning (qudrati ilohiyasiga dalolat qiladigan) oyat-alomatlaridandir. U O‘zi xohlagan vaqtida ularni jamlab-yig‘ib olishga qodirdir” (“Shuro” surasi, 29-) oyatini tafsir qilib, deydilar: “Jonivorlar yer yuzidagina bo‘ladi. Lekin mazkurlarning hammasi, ya’ni osmonlar va yerga ham uni nisbat berish joizdir. Osmonlarda maxluqlarni yaratganlik ehtimoli uzoqmas”.

Inson qat’iy qaror qilolmagan narsalarda eng to‘g‘ri yo‘l mana shunday bo‘ladi. Agar osmonlarda tirik mavjudotlar borligi aniq bo‘lsa: “... ularda tarqatib-yoyib yuborgan jonivorlar”, oyati bu haqiqatga teskari kelmaydi.

Agar unda tirik jonzot borligi aniq bo‘lmasa, unda oyat mufassir ochiq aytgan ko‘rinishda qolaveradi. Vallohu a’lam.

Zuhra Abduhalimova tayyorladi.

Mazkur material Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning dinshunoslik ekspertizasidan o‘tkazilgan.

Mavzuga oid