O‘zbekiston | 10:41 / 06.04.2022
5029
2 daqiqa o‘qiladi

Dori vositalari va tibbiy buyumlarni markirovkalash muddati tasdiqlandi

Vazirlar Mahkamasining “Dori vositalari va tibbiy buyumlarni majburiy raqamli markirovkalash tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Foto: zdrav.expert

Hujjat bilan dori vositalari (substansiyalar bundan mustasno) va tibbiy buyumlarni guruhlarga bo‘linishini nazarga tutgan holda identifikatsiya vositalari orqali majburiy raqamli markirovkalash tizimini 2022-2025 yillar davomida bosqichma-bosqich joriy qilish nazarda tutilgan.

Majburiy raqamli markirovkalashni boshlash muddatlari hamda mahsulotlar turlari quyidagicha belgilandi:

birinchi guruh - ikkilamchi (tashqi) qadoqlarda ishlab chiqarilgan dori vositalari (orfan dori vositalari bundan mustasno) - 2022 yil 1 sentabrdan boshlab;

ikkinchi guruh - birlamchi (ichki) qadoqlarda ishlab chiqarilgan dori vositalari va dorivor angro - mahsulotlari (orfan dori vositalari bundan mustasno) - 2022 yil 1 noyabrdan boshlab;

uchinchi guruh - orfan dori vositalari (kam uchraydigan kasalliklarni davolash uchun) - 2023 yil 1 martdan boshlab;

to‘rtinchi guruh - maxsus ro‘yxatga kiritilgan import qilingan tibbiy buyumlar - 2025 yil 1 fevraldan boshlab.

Qaror bilan quyidagilar tasdiqlandi:

majburiy raqamli markirovkalanadigan dori vositalari va tibbiy buyumlarning identifikatsiya kodlari ro‘yxati;

dori vositalari va tibbiy buyumlarni mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan majburiy raqamli markirovkalash tizimini bosqichma-bosqich joriy qilish grafigi;

dori vositalari va tibbiy buyumlarni xorijiy ishlab chiqaruvchilar tomonidan majburiy raqamli markirovkalash tizimini bosqichma-bosqich joriy qilish grafigi;

ulgurji va chakana savdo tashkilotlarining dori vositalari va tibbiy buyumlarni majburiy raqamli markirovkalash tizimiga bosqichma-bosqich o‘tishi grafigi;

sog‘liqni saqlash sohasidagi tibbiyot muassasalarining dori vositalari va tibbiy buyumlarni majburiy raqamli markirovkalash tizimiga bosqichma-bosqich o‘tishi grafigi;

dori vositalari va tibbiy buyumlarni identifikatsiya vositalari orqali raqamli markirovkalash tartibi to‘g‘risidagi nizom.

Mavzuga oid