O‘zbekiston | 20:06 / 06.04.2022
21529
3 daqiqa o‘qiladi

Ekologiya qo‘mitasi sotib olgan elektromobillar kimlarga berilishi ma’lum bo‘ldi

Xarid qilingan 10ta elektromobildan 6tasi Ekologiya qo‘mitasining hududiy boshqarmalariga, bittasi qo‘mita matbuot kotibiga, bittasi qo‘mita raisining maslahatchisiga, qolgan ikkitasi xodimlarning navbatchiligi uchun ajratilgan.

Volkswagen e-Bora / Foto: Olx.uz

Davlat ekologiya qo‘mitasi birinchilardan bo‘lib xizmat mashina parkiga 10 dona elektromobil sotib oldi.

Ekoqo‘mita matbuot kotibi Bunyod Abdullayevning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, elektromobillar xaridi Davlat ekologiya qo‘mitasi, BAAning O‘zbekistondagi vakolatxonasi va “Falcon Hunting Solutions” MChJ bilan uch tomonlama imzolangan memorandum doirasida amalga oshirilgan.

Bu memorandumga asosan, shuningdek, 8 ta “Niva” va 5 ta “Damas” rusumli avtomobillar ham sotib olingan.

“Kelishuvga ko‘ra, Davlat ekologiya qo‘mitasi tasarrufidagi muhofaza etiladigan tabiiy hududlar nazoratini sifatli olib borish uchun 22 dona “Niva” avtotransport vositasi beg‘araz berilishi ko‘zda tutilgan.

Elektromobillar Andijon viloyati, Farg‘ona viloyati, Jizzax viloyati, Samarqand viloyati, Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmalariga, qo‘mita Markaziy apparatidagi matbuot xizmati rahbariga, rais maslahatchisiga va qolgan ikkitasi xodimlarning navbatchiligi uchun ajratildi.

Qo‘mita avtoparkidagi eskirgan transport vositalari tizim tashkilotlariga foydalanish uchun berilmoqda”, dedi Bunyod Abdullayev.

Taqdim etilgan elektromobillardan 6 tasi Volkswagen e-Bora va 4 tasi e-Lavida modellaridir. e-Bora modeli O‘zbekiston bozorida taxminan 24 ming dollar, e-Lavida esa 20-22 ming dollar narxda sotilmoqda.

Megawatt Motors'dan ma’lum qilishlaricha, e-Bora akkumulyator sig‘imi 40 kVt/s, dvigatel quvvati 136 ot kuchiga ega. Maksimal tezligi 150 km/s., bir quvvatda 270 km masofani bosib o‘ta oladi. Oddiy sharoitda (rozetkadan, 220 v) 8 soatda akkumulyator to‘liq quvvatlanadi.

e-Lavida esa 38.1 kVt/s, 136 ot kuchiga ega va maksimal tezligi 150 km/s.ga teng. To‘liq quvvati 278 km masofani bosib o‘tishga yetadi.

Eslatib o‘tamiz, 28 mart kuni Ekologiya qo‘mitasi va Megawatt Motors o‘rtasida imzolangan memorandumga binoan, ikki yil ichida O‘zbekistonning barcha yirik shaharlarida elektromobillar uchun tezkor quvvatlash stansiyalari o‘rnatish bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik loyihasi amalga oshirilishi kutilmoqda.

Ekoqo‘m kelgusida qo‘mitaning barcha xizmat mashinalarini elektromobillarga almashtirishni rejalashtirgan.

Mavzuga oid