Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Biz qilayotgan ish - odamlarga yordam berish». Putin - Ukrainadagi urush haqida
Rossiya prezidenti Vladimir Putinning aytishicha, Ukrainadagi «maxsus harbiy amaliyot» Donbassdagi odamlarga yordam berishdek ezgu maqsadni ko‘zlab boshlangan. Bu haqda Putin Amur oblastidagi Vostochniy kosmodromiga tashrifi vaqtida gapirdi.
«Biz bir tomondan odamlarga yordam beryapmiz, ularni qutqaryapmiz, boshqa tomondan Rossiya xavfsizligini ta’minlash uchun harakat qilyapmiz.
Bizda boshqa yo‘l qolmagandi, bu to‘g‘ri qaror bo‘ldi. Ukrainada paydo bo‘lgan aksilrossiya kuchlari bilan to‘qnashuv muqarrar edi, gap bu qachon sodir bo‘lishida qolgandi. Afsuski, neonatsizm bizga yaqin bo‘lgan kattagina davlatning hayot tarziga aylandi.
Kiyev Minsk kelishuvini amalga oshirishdan ochiqchasiga bosh tortgach, Donbassdagi odamlarni genotsid qilishlariga ortiq chidab bo‘lmasdi. Maxsus amaliyotning barcha maqsadlari to‘liq amalga oshiriladi», dedi Putin.
Rossiya prezidentining aytishicha, zamonaviy dunyoda hech kimni yakkalab qo‘yib bo‘lmaydi.
«Biz yakkalanmoqchi emasmiz. Zamonaviy dunyoda hech kimni keskin yakkalab bo‘lmaydi, Rossiyadek katta davlat bilan bunday qilish esa aniq imkonsiz», degan Putin.
Kosmodromga belaruslik hamkasbi Lukashenko bilan birga borgan Putin ikki mamlakat kosmik sohada hamkorlik qilishini aytib, koinotga belaruslik kosmonavtlarni ham uchirish bo‘yicha rossiyalik mas’ullarga ko‘rsatma berdi. Putin Rossiya Oyga chiqish dasturini tiklashini ham aytdi.