Jahon | 20:16 / 19.04.2022
40720
10 daqiqa o‘qiladi

Sharqiy front: Rossiyaning Donbassdagi hujumi qanday rivojlanishi mumkin?

Ukrainadagi mojaro mamlakat sharqiga ko‘chgan, bu yerdagi Ukraina qurolli kuchlari jangovar tajriba va yaxshi tayyorgarlikka ega hisoblanadi.

Foto: BBCRussian

Tahlilchilarning hisoblashicha, Ukraina armiyasining eng yaxshi bo‘linmalari sharqda, Rossiya hujumini qaytarish uchun tayyorlangan pozitsiyalarni egallab turibdi.

Shu vaqtgacha ukrain harbiylari Rossiya armiyasi yurishlariga qattiq qarshilik ko‘rsatib kelmoqda, ammo rossiyalik harbiylar asta-sekinlik bilan ilgarilagan va ayrim hududlarda ular son jihatdan Ukraina qurolli kuchlaridan jiddiy ustunlikka ega bo‘lishi mumkin.

Muhim janglar qayerda bo‘lib o‘tadi?
Rossiya rasmiy shaxslari endilikda bor e’tibor Donbassni - Ukrainaning sharqdagi viloyatlari Lugansk va Donetskni «to‘liq ozod etish»ga qaratilishini ta’kidlab keladi.

Lekin Ukraina sharqidagi hududlar relefi rossiyalik harbiylarning oldinga siljishi uchun qator muammolar tug‘dirishi mumkin.

Mamlakat shimoli bilan solishtirganda bu hududning katta qismini o‘rmonzorlar tashkil etadi va tahlilchilar bu omil Ukraina kuchlariga qo‘shimcha yordam berishi mumkinligini tusmol qilishmoqda.

Urushlarni o‘rganish institutiga ko‘ra, katta ehtimol bilan Slavyansk uchun janglar urushning keyingi eng muhim bosqichi bo‘ladi.

Agar shimoldan Izyum tomondan kelayotgan rossiyalik harbiylar shaharni egallay olishsa, ular sharqqa tomon harakatlanishi va Ukraina harbiylarining kichik guruhini o‘rab olishi yoki janubga yurishda davom etib, Ukraina armiyasining katta kontingentini qurshovga olishga harakat qilishi mumkin.

Agar Mariupol qulasa, Rossiya qamaldan bo‘shagan kuchlarini shimolga, Donetskdan g‘arbdagi hududga yuborish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Ukraina armiyasi qanday tayyorlanmoqda?

Xalqaro strategik tadqiqotlar institutidan iste’fodagi brigada generali Ben Barrining fikricha, Ukraina qurolli kuchlarida mudofaaga tayyorlanish uchun yillar bo‘lgan va Rossiya kuchlariga ularni pozitsiyalaridan chekintirish oson kechmaydi.

«Ukraina tomoni nafaqat Birinchi jahon urushi namunasidagi xandaqlarga ega, balki ular himoyalanadigan muhim shahar va qishloqlar ham mustahkamlangan», deydi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ukrain zirhli texnikalari va artilleriyalari oldindan tayyorlangan yer ostidagi pana joylarga yashirilgan.

Ukrain askari Xarkov atrofidagi okopda turib ruslar dronini o‘qqa tutmoqda. Foto: Getty Images

Sharqdagi ko‘plab ukrain harbiylari katta jangovar tajribaga ega - ular 2014 yilda boshlangan mojarodan buyon Donbassdagi ayirmachilarni tiyib turibdi.

Agar Ukraina harbiy qo‘mondonligi mamlakat shimolidan rossiyalik harbiylar ketgach, Kiyev mudofaasi uchun zarur bo‘lmagan bo‘linmalarni sharqqa ko‘chirishga qaror qilsa, bu hudud himoyasida turuvchilar soni ham oshadi.

Rossiya armiyasi qanday hujumga o‘tishi mumkin?

Barrining hisoblashicha, Rossiya, katta ehtimol bilan artilleriya va aviatsiyadan faol foydalanib, Ukraina qurollari kuchlarining yaxshi mustahkamlangan mudofaa pozitsiyalarini buzishga harakat qiladi va shundan keyin quruqlik orqali yurish boshlashi mumkin.

Ukraina harbiylari bilan oldindan artilleriya zarbalari bermasdan, yuzma-yuz to‘qnashish Rossiya armiyasi uchun katta yo‘qotishlarga olib keladi va mag‘lubiyat xavfini jiddiy darajada oshiradi.

Iste’fodagi general Barrining hisoblashicha, Rossiyada uzoq masofadan zarbalar yo‘llash uchun yetarlicha vositalar mavjud. Xususan, Rossiya armiyasida juda ko‘plab o‘ziyurar artilleriya qurilmalari mavjud va bu juda muhim omil bo‘ladi.

O‘ziyurar artilleriya qurollari tashqi ko‘rinishdan tankka o‘xshaydi. Undan yuqorilatib o‘t ochiladi, u dala to‘plariga qaraganda yaxshi himoyalangan va raqib mudofaasi yorib o‘tilgan taqdirda, tezda yangi pozitsiyalarni egallashi mumkin.

Ammo katta ehtimol bilan yorib o‘tish uchun bunday imkoniyatlar ko‘p bo‘lmaydi - front chizig‘idagi ko‘plab uchastkalar ancha turg‘un holatda bo‘ladi.

Rossiya armiyasida ukrainlar pozitsiyalarini uzoq masofalardan o‘qqa tutish uchun baravar o‘t ochuvchi reaktiv tizimlar ham bor va ular keng qo‘llanishi tayin.

«Grad» tizimi 20 soniyada 40 raketa uchirishi mumkin. Urush boshlanganidan buyon «Grad» bilan Ukrainadagi ko‘plab aholi punktlariga halokatli zarbalar berildi, Xarkov, Mariupol va boshqa shaharlardagi kvartallar xarobaga aylantirildi.

Ayrim xabarlarga ko‘ra, Ukrainaning ayrim hududlarida, jumladan Donetsk viloyatida Mariupolda va Xarkovdagi Izyumda Rossiya armiyasi termobarik qurollar qo‘llagan.

Termobarik o‘q-dorilar xuddi shu o‘lchamdagi an’anaviy porlovchi qurilmalarga nisbatan ancha halokatli hisoblanadi. Ular yonuvchi aralashma bulutini hosil qiladi, keyin o‘sha bulutni yoqib yuboradi, katta olov to‘pi va kuchli portlash to‘lqini vujudga keladi.

Britaniya qirolligi mudofaa tadqiqotlari instituti xodimi Semyuel Krenni-Evansning hisoblashicha, bunday o‘q-dorilar birinchi navbatda shahar sharoitidagi harbiy harakatlar olib borish uchun mo‘ljallangan, chunki dastlabki zarbadan so‘ng tarqaladigan yonuvchi aralashma buluti portlashdan oldin binolardagi bo‘shliqlarga singib kirishi mumkin.

Agar Rossiya artilleriyasi Ukraina qurolli kuchlarining asosiy istehkomlarini buzishga muvaffaq bo‘lsa, katta ehtimol bilan, Ukraina kuchlari zarbalari ostida qoladigan hududni tezda bosib o‘tish uchun tanklar qo‘llab-quvvatlovidagi motorlashtirilgan piyoda qismlarni oldinga tashlaydi.

Hujumni havodan qo‘llab-quvvatlash uchun qiruvchi-bombardimonchi samolyotlar hamda zarbdor vertolyotlar qo‘llanadi.

Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba sharqdagi harbiy harakatlar Ikkinchi jahon urushi davridagi harbiy amaliyotlarni yodga soladigan darajada bo‘lishidan ogohlantirgan.

Rossiyani nima to‘xtatishi mumkin?

Tahlilchilar hozircha Rossiya harbiylari kampaniyaning ilk davrida kuzatilgan jiddiy logistik muammolarni hal qilgani haqida ishonch bilan ayta olishmaydi.

Birinchi haftada qo‘shinlarga yonilg‘i, oziq-ovqat, ichimlik suvi va zarur jihozlar, masalan, radioaloqa vositalari va qishki kiyimlar yetishmagandi.

«Jangovar tayyorgarlik, motivatsiya va yetakchilik ham muhim o‘rin tutadi. Rossiya Kiyev atrofida o‘zini yaxshi ko‘rsata olmadi va biz ular bundan saboq chiqarganmi, yo‘qmi, bilmaymiz», deya hisoblaydi brigada generali Barri.

Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya urushning birinchi bosqichida Ukrainaga qaraganda uch barobar ko‘proq harbiy texnikasidan ayrilgan.

Hozircha bu sharqdagi amaliyotning borishiga qanday ta’sir ko‘rsatishi noma’lum, ammo yo‘qotilgan qurollarning o‘rnini to‘ldirish jiddiy muammoga aylanishi mumkin.

Xarkov atrofida yakson etilgan rus tanki. Foto: Getty Images

Oryx harbiy tahlillar sayti tomonlarning harbiy texnikalardagi yo‘qotishlarini hisoblab chiqqan - ro‘yxatga faqat foto yoki videolar bilan hujjatlashtirilgan holatlar kiritilgan.

Sayt baholariga ko‘ra, Rossiya aprel oyi boshiga kelib 400 dan ortiq tankini yo‘qotgan, shuningdek 20 samolyot, 32 vertolyot, yuzlab zirhli texnikalar va boshqa mashinalar.

Ukraina tomoni yo‘qotishlari kamligi mamlakat qurolli kuchlari hajmi kichikroqligi bilan izohlanadi - shu bilan birga bu Ukraina qurolli kuchlarining taktik muvaffaqiyatlarining dalili sifatida ham talqin qilinishi mumkin.

Ukraina ko‘p miqdorda Rossiya harbiylarining qoldirib ketgan harbiy texnikalarini ham egallab olgan, ammo ular qanchalik foyda keltirishi noma’lum.

Amerikaning Harbiy-dengiz kuchlarini tahlil qilish markazi xodimi Maykl Kofman shunday deydi: «Bu texnikalar jihozlanib, foydalanishga yaroqli va zarur nuqtalarga yuborishga tayyor bo‘lguniga qadar ma’lum vaqt o‘tadi. Qo‘lga kiritilgan bir necha tanklar yoki BMPlar - bu hali zirhli tanklar brigadasi degani emas».

Uzoq muddatli istiqbolda Rossiya hal qiluvchi ustunlikka erishishi mumkin, ayniqsa G‘arb davlatlari asosan mudofaa qurollari yetkazib berish bilan cheklanadigan bo‘lsa.

Krenni-Evans aytadi: «Ukrainaning har bir yo‘q qilingan «Grad» raketa tizimi yoki gaubitsasi o‘rniga ko‘p holatlarda yangisi bo‘lmaydi. Ammo Rossiyada hamon ishlab chiqarish quvvatlari mavjud, shuning uchun rossiyalik harbiylarni bu yo‘qotishlar mushkul ahvolga tushirib qo‘ymaydi. Bu urush uzoq cho‘zilar ekan, vaqt Rossiyaning foydasiga ishlaydi».

Ukraina armiyasi sondagi ustunlikka emas, mobillikka tayanadi

BBC korrespondenti Jonatan Bill sharqdagi ukrain harbiylarining artilleriya pozitsiyalaridan birida bo‘lgan.

«Harbiy harakatlarning asosiy qismi ochiq maydonlarda o‘tkaziladi. Ukrain harbiylari mudofaa pozitsiyasida ustunlikka ega, ular okoplarda joylashib ulgurishgan.

Biz Rossiya aviatsiyasi paydo bo‘lishidan xavfsirab osmonga qaraymiz, ammo Ukraina havo hujumidan mudofaa tizimlari hamon mavjud. Biz radar va zenit qurilmalari o‘rnatilgan mashinani ko‘rdik, ammo bizdan uni tasvirga olmaslikni so‘rashdi.

Artilleriya pozitsiyasida biz ko‘plab havo hujumidan mudofaa tizimlarini, shu jumladan G‘arb mamlakatlari tomonida yetkazib berilgan, tashib yurish mumkin bo‘lgan «Stinger» zenit-raketa majmualarini ko‘rdik. Ular Rossiya dronlari yoki harbiy samolyotlari tomonidan xavf tug‘ilgan taqdirda foydalanish uchun tayyor holatda.

Bunday qurollar ushbu urushda muhim rol o‘ynamoqda: Rossiya havoda ustunlikka ega bo‘lsa-da, ular osmonda to‘liq nazorat o‘rnata olishmadi»

Mavzuga oid