“Bunday sel 80 yil avval kuzatilgan”: FVV Samarqand va Jizzax viloyatida oqqan sel oqibatlarini ma’lum qildi
Gidrometeorologiya xizmati markazi ma’lumotga ko‘ra, 20 aprel kuni Samarqand va Jizzax viloyatlarida bir soat-u o‘ttiz daqiqada yog‘ib o‘tgan yomg‘ir bir oylik yog‘ingarchilik miqdorini tashkil etgan.
Kecha, 2022 yil 20 aprel kuni Samarqand, Jizzax, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlarida kuchli yomg‘ir yog‘ib sel kelishi kuzatildi. Oqibatda, ko‘plab ko‘chalarni, qishloqlarni sel bosdi va aholi xonadonlari, ijtimoiy obektlarga suv kirib ketdi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi axborot xizmati sel oqibatlari haqida ma’lumot berdi.
Yomg‘ir va sel oqibatlarini bartaraf etishda yordam so‘rab, Samarqand viloyatidan 222 ta, Jizzax viloyatidan 14 ta, Navoiy viloyatidan 10 ta, Qashqadaryo viloyatidan 1 ta — jami 280 dan ortiq murojaat kelib tushgan. Murojaatlar bo‘yicha sel oqimlari, suv toshqinlari oqibatlarini bartaraf etish uchun yong‘in-qutqaruv bo‘linmalaridan 92 ta maxsus texnika, 20 ta motopompa hamda 758 nafar qutqaruvchi jalb etilgan.
Yomg‘ir va oqova suvlari Samarqand viloyati bo‘yicha:
- Samarqand shahrining 5 ta shohko‘chasidan o‘tuvchi avtomobillar qatnov qismida;
- 54 ta ichki ko‘chalar atrofidagi irrigatsiya tarmoqlarida;
- 20 dan ortiq ko‘p qavatli uylarning yerto‘lalari va atrofida;
- 84 ta yakka tartibdagi turar joy binolari yerto‘lalari va hovlilarida;
- 5 ta umumta’lim (9, 29, 39, 75-son umumta’lim, 1 ta ixtisoslashgan) maktab;
- M.Ulug‘bek ko‘chasidagi “Ko‘zmunchoq” nomli MTM hovlilari hamda Narpay ko‘chasidagi “Muz saroyi” binosi ostidagi avtoturargohda to‘plangan.
Bundan tashqari, yomg‘ir suvlari Samarqand tumanining 4 ta MFYlarida, M-39 Almati-Toshkent-Termiz xalqaro avtomobil yo‘lining Bulung‘ur tumani G‘ubdin qishlog‘i hududidan o‘tgan 1046-kilometrida (d=1500 suv o‘tkazish quvuriga sig‘masdan) yo‘l qatnov qismining bir tomonida yig‘ilib qolgan.
Yuzaga kelgan holat oqibatlarini bartaraf etish maqsadida, yong‘in-qutqaruv bo‘linmalaridan 144 shaxsiy tarkib, 17 ta yong‘in-qutqaruv texnikasi, 11 ta motopompa hamda “Samarqand suv ta’minot” MChJdan 6 ta maxsus texnika, 14 nafar ishchi-xodim jalb qilingan.
Jizzax viloyati bo‘yicha:
Forish tumanining tog‘li hududlari va adirliklarida sodir bo‘lgan sel oqimi “Egizbuloq” MFYda joylashgan 260 ta xo‘jalikdan o‘tib, ularning 53 tasi to‘liq, 44 tasi o‘rta va 163 tasi yengil darajada talafot ko‘rgan.
Qutqaruvchilar tomonidan 6 nafar fuqaro sel oqimlari ichidan qutqarilib, Forish tumani tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan. 4 kishi selda oqib halok bo‘lgan. Ushbu hududda shunday sel oqimlari bundan taxminan 80 yillar avval kuzatilgan.
Sel oqimi 15-son umumta’lim maktabi va 9-son maktabgacha ta’lim muassasasi hududiga (binolarning 1-qavatiga) ham kirgan. 1,5 kilometr ichki yo‘llarga sel suvlari toshishi oqibatida transport vositalari harakati vaqtinchalik to‘xtatilgan.
Yuzaga kelgan sel oqimi natijasida “Egizbuloq” MFYda joylashgan 25 ta xo‘jalikda istiqomat qiluvchi 100 dan ortiq fuqaro vaqtinchalik yashash uchun yaqin qarindoshlarining uylariga ko‘chirib o‘tkazilgan.
Sel oqibatlarini bartaraf etish ishlariga jami 520 nafar huquqni muhofaza qiluvchi organlari xodimi, viloyat va tuman hokimligi mas’ul rahbarlari, FVDTning hududiy va quyi tizimlari xizmatlari ishchi-xizmatchilari hamda 54 ta maxsus texnika jalb etilgan.
Qashqadaryo va Navoiy viloyatlarida sel oqimlari o‘z yo‘lidan oqib o‘tgan. Sel hududlardagi aholi yashash xonadonlari va boshqa ijtimoiy soha obektlariga ziyon yetkazmagan.
Qayd etilishicha, hodisa oqibatlarini bartaraf etish ishlari FVV rahbariyati nazorati ostida davom ettirilmoqda.
Mavzuga oid
10:46 / 15.11.2024
Qoidabuzarlik qilgan FVV avtomobili haydovchisi jarimaga tortildi
19:07 / 12.11.2024
FVV avtomobili vazirlik binosiga kirishda qo‘pol qoidabuzarlik qildi
20:46 / 07.11.2024
Prezident 10 ta sel suv ombori qurish ishlarini boshlashni buyurdi
15:57 / 07.11.2024