O‘zbekiston | 18:54 / 04.05.2022
23098
3 daqiqa o‘qiladi

“Yurak amri” xayriya fondi faoliyati vaqtincha to‘xtatildi

Bundan maqsad, fond asoschisi Sardor Rahimxonning ma’lum qilishicha, loyiha masshtabi kengayib ketgani bois ehtimoliy xatolarning oldini olishdir. “Yanada kuchga to‘lish, xatolarimizni isloh qilish va rasmiy faoliyatga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida mana shunday qarorga keldik, azizlar”, dedi u.

Foto: "Yurak amri" fondi

“Yurak amri” xayriya jamoat fondining faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. Bu haqda fond asoschisi va yetakchisi Sardor Rahimxon ma’lum qildi.

Sardor Rahimxonning so‘zlariga ko‘ra, loyiha pandemiyaning dastlabki davrlarida qisqa muddatli xayriyalar uchun tashkil qilingan. Keyinroq, 2021 yil 12 iyulda bu xayriya loyihasi rasman fond sifatida tashkil qilinib, faoliyatini davom ettirgan.

“Insonlarga faqat oziq-ovqat bilan yordam berish bilan ish bitmas ekan. Shundan so‘ng insonlarga uylar berish, davolatish, o‘qitish va boshqa-boshqa muammolariga [yechim berishga] kirishdik. Biz yurtboshimizni kambag‘allikni qisqartirish, ayollarni temir daftardan chiqarish siyosatlariga mos ravishda ularni yonlarida kamarbasta bo‘lamiz, deya harakat qildik”, – deydi u.

Fond yetakchisining aytishicha, tashkilotchilarning o‘zlari ham fond shunchalik katta loyiha bo‘lib ketishi haqida o‘ylamagan, bugungi natijalarga prezident tomonidan yaratilgan sharoitlar tufayli erishilgan.

“Tan olishimiz kerak, bizning jamoamiz bunday katta ko‘lamga tayyor emas ekanmiz. Ayniqsa, minglab insonlarning ehsonlari haqida gap ketganda bizning ham jismoniy, ham ruhiy imkoniyatlarimiz yetishmasligini his qildik. Shu sabab katta xatolarning oldini olish maqsadida, xalqimiz va yurtboshimiz oldida yuzimiz yorug‘ bo‘lsin, degan maqsadda vaqtinchalik faoliyatimizni to‘xtatishga qaror qildik. Ya’ni, yanada kuchga to‘lish, xatolarimizni isloh qilish va rasmiy faoliyatga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida mana shunday qarorga keldik, azizlar”, – deydi Sardor Rahimxon.

Shuningdek, Sardor Rahimxon o‘z fikrlaridan boshqa ma’no yasamaslikni va “Yurak amri” uchun atalgan xayriyalarini boshqa fondlarga o‘tkazishlarini so‘ragan.

Foto: "Yurak amri" fondi
Foto: "Yurak amri" fondi

Avvalroq, fond tomonidan Toshkent viloyati Bo‘ka tumanida ehtiyojmand oilalarga “Jannatdagi qasrlar” loyihasi doirasida hashar yo‘li bilan uy qurib berilayotgani xabar berilgan edi.

Shuningdek, 28 aprel kuni Qalampir.uz nashriga intervyu bergan Sardor Rahimxon fond faoliyati, unga kelib tushayotgan mablag‘larning to‘g‘ri va maqsadli sarflanishiga shubha bildirayotganlar oldida “yuzi yorug‘ligi”ni bildirgan.

“Hisob raqamimizga tushadigan pullarga ko‘pchilik shubha bilan qaraydi. Nimadirlar deydi. Fitnachilar, kimlarningdir foydasiga ishlaydigan trollar, internetda soxta profillar bilan izoh yozadiganlar, har xil fitna maqolalar chiqaradiganlar bor. Ularning hammasini kimga, kimning manfaati uchun ishlashini bilamiz. Lekin har qanday holatda Robbimizning, xalqning, ehson beruvchilarning oldida yuzimiz yorug‘”, degandi loyiha asoschisi.

Mavzuga oid