O‘zbekiston | 20:06 / 06.05.2022
7511
7 daqiqa o‘qiladi

Elektrotexnika tarmog‘ida yangi vazifalar belgilandi

Yil oxirigacha elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi, eksporti va misni qayta ishlashni sezilarli ko‘paytirish, uchta viloyatda Toshkent shahridagi “Texnopark” kabi klasterlar ochish, maktablar va shifoxonalarga muqobil energiyada ishlovchi suv isitish tizimlarini o‘rnatish, yaqinda joriy etilgan maishiy texnikalar markirovkasini qat’iy nazoratga olish va boshqa vazifalar belgilandi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Bugun, 6 may kuni prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida elektrotexnika tarmog‘ini rivojlantirish yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Yutuqlar

Ma’lum qilinishicha, o‘tgan 5 yil davomida elektrotexnika tarmog‘ida:

  • 465 million dollarlik investitsiyalar o‘zlashtirilib, 163 ta yangi loyiha ishga tushirilgan;
  • ishlab chiqarish hajmi 4 barobarga (4 trillion so‘mdan 17 trillion so‘mga), eksport esa 3 barobarga (190 million dollardan 565 million dollarga) oshgan;
  • tarmoqda ish o‘rinlari soni 2 barobarga oshib, 32 mingtaga yetgan.

“Lekin bu hali juda kam. Taraqqiyot dasturida 2026 yilga qadar elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 2 baravarga, eksportni 3 baravarga oshirishni maqsad qilganmiz.

Kelgusi yillarda mis ishlab chiqarish hajmi 2 baravarga oshadi. Uni o‘zimizda chuqur qayta ishlab, raqobatdosh tayyor mahsulotlarni eksportga yo‘naltirish zarur”, dedi prezident.

Buning uchun “ta’lim – innovatsiya – ishlab chiqarish – servis” yaxlit zanjirini o‘z ichiga olgan sanoat klasteri tashkil etish shartligi ko‘rsatib o‘tildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Yil oxirigacha ishlab chiqarishni kamida 20 foizga oshirish vazifasi qo‘yildi

Davlat rahbari 2022 yilda ishlab chiqarishni kamida 20 foizga oshirish vazifasini qo‘ydi. “O‘zeltexsanoat” uyushmasi raisi yangi loyihalar bo‘yicha tinimsiz izlanishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi. Misol uchun, 2021 yilda o‘zimizda ishlab chiqarish mumkin bo‘lgan 1,3 mlrd dollarlik elektrotexnika mahsulotlari import qilingan.

Joriy yilda 500 ming xonadon ichimlik suvi bilan ta’minlanadi. Bu, ularga suv isitish qozoni va quyosh kollektorlari, suv hisoblagichlari kerak, degani.

Toshkent va Namanganda ushbu mahsulotlarni ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalarni boshlashga ko‘rsatma berildi.

Viloyatlarning ham o‘z “Texnopark”lari bo‘ladi

Joriy yilda 250 million dollarlik 86 ta loyihani ishga tushirish rejalashtirilgan. Lekin bu yetarli emasligi qayd etildi.

“Jizzaxda 1 ta, Qoraqalpog‘iston, Qashqadaryo va Surxondaryoda 2 tadan, Buxoro, Namangan va Xorazmda 3 tadan loyihani ishga tushirish bo‘yicha rejalar meni qoniqtirmaydi. Har bir viloyat hokimida kamida 100 million dollarlik yangi elektrotexnika loyihalari bo‘lishi shart”, dedi prezident.

Yig‘ilishda mutasaddilarga yana 1,5 milliard dollarlik yangi loyihalar ro‘yxatini shakllantirish, Samarqand, Toshkent, Farg‘ona viloyatlari hokimlariga Toshkent shahridagi “Texnopark” kabi elektrotexnika klasterlarini yo‘lga qo‘yish topshirildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Misni qayta ishlash 70 foizga yetkaziladi

Misni qayta ishlashni joriy yilda 37 foizdan 50 foizga, 2026 yilda 70 foizga yetkazish maqsadi belgilandi.

Buning uchun Ohangaron tumanidagi yangi mis klasterida 168 million dollarlik 12 ta loyiha doirasida yana 90 ming tonna misni qayta ishlaydigan quvvatlar yaratiladi.

Ijtimoiy obektlarga muqobil energiyada ishlovchi suv isitish tizimlari o‘rnatiladi

Yig‘ilishda muqobil elektr energiyasi loyihalarini mahalliy butlovchi qismlar bilan ta’minlash masalasi ham muhokama qilindi. Shuningdek:

  • xonadonlarga muqobil energiyada ishlaydigan suv isitish tizimini o‘rnatish xarajatlari 30 foizgacha qoplab beriladi;
  • bog‘cha, maktab, kasalxona va boshqa ijtimoiy obektlarda muqobil energiyada ishlaydigan suv isitish tizimlarini, ko‘chalarda esa, quyosh energiyasida yoritish moslamalarini o‘rnatish bo‘yicha alohida dastur qabul qilinadi.

Bu maqsadlarga har yili kamida 100 milliard so‘m yo‘naltiriladi.

Elektrotexnika eksporti uchun 1 mlrd dollarlik marra

Yig‘ilishda eksport hajmini 2023 yilda 1 milliard dollarga yetkazish muhimligi qayd etildi.

“Misol uchun, birgina qo‘shni davlatlar yiliga o‘zimizda ishlab chiqarish mumkin bo‘lgan 6 milliard dollarlik elektrotexnika mahsulotlarini import qiladi. Lekin, ushbu davlatlar importida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar ulushi 5 foizga ham yetmaydi”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Eksportni oshirish uchun bojxona hududida qayta ishlash tizimini maishiy texnika misolida yo‘lga qo‘yish topshirildi.

Shuningdek, tayyor mahsulot eksportini kengaytirish uchun Elektrotexnika jamg‘armasiga 20 milliard so‘m ajratiladi.

Markirovka bo‘yicha nazorat kuchayadi

Ichki bozorga sifatsiz va noqonuniy elektrotexnika mahsulotlari kirib kelishining oldini olish maqsadida:

  • eski transformatorlar importiga chek qo‘yish;
  • maishiy texnikalar markirovkasi tizimini joriy etishni qat’iy nazoratga olish vazifasi qo‘yildi.
Foto: Prezident matbuot xizmati

Research & Development

Yig‘ilishda elektrotexnika tarmog‘ida izlanish va rivojlantirish (R&D) bo‘yicha alohida dastur amalga oshirilishi ta’kidlandi.

Bunda, tarmoq mutasaddilari va korxonalari yil yakuniga qadar:

  • “Elektroapparat” (muqobil energetika va kuchlanish uskunalari bo‘yicha izlanishlar), “Texnopark” (murakkab qoliplar), “Artel” (maishiy texnika yangi modellari), “Uzkabel” (yangi izolyatsiya materiallari va kabel) negizida 4 ta R&D markazini tashkil etadi;
  • ushbu markazlarga malakali xorijiy va mahalliy mutaxassislar jalb qilinadi;
  • markazlar uchun Innovatsiya jamg‘armasidan 10 milliard so‘m grantlar ajratiladi.

Moliya vazirligiga R&D markazlarini qo‘llab-quvvatlash uchun uch yil muddatga:

  • mol-mulk va yer soliqlari bo‘yicha hisoblangan summaning 1 foizini to‘lash;
  • ijtimoiy soliq stavkasini 1 foiz miqdorida belgilash bo‘yicha qonun loyihasini kiritish topshirildi.

Yetakchi xorijiy kompaniyalarni jalb qilib, “O‘zeltexsanoat” uyushmasi huzurida Loyihalash va injiniring markazini tashkil etish vazifasi qo‘yildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Kadrlar tayyorlash

Yig‘ilishda kelgusi uch yilda tarmoq uchun 4 ming nafar oliy va 14 ming nafar o‘rta ma’lumotli mutaxassislar zarur bo‘lishi ta’kidlandi.

Misol uchun, birgina Samarqandda ishga tushiriladigan korxonalarda 2022 yilda 1 200 nafar mutaxassisga ehtiyoj mavjud.

Shuning uchun Toshkent shahridagi Radiotexnika kolleji, Samarqand va Chirchiq xizmat ko‘rsatish texnikumlari, Farg‘ona elektrotexnika kolleji “O‘zeltexsanoat” uyushmasiga biriktirilishi belgilandi.

Bir oy muddatda Toshkent davlat texnika universiteti va boshqa oliygohlarning elektrotexnika bo‘yicha o‘quv dasturlarini to‘liq qayta ko‘rib chiqish topshirildi.

Yig‘ilish yakunida muhokama qilingan masalalar yuzasidan tarmoq va hududlar rahbarlarining hisoboti eshitildi.

Mavzuga oid