Iqtisodiyot | 17:39 / 07.05.2022
24802
2 daqiqa o‘qiladi

Soliq tushumlari 17 foizga oshdi - DSQ

Foyda solig‘i to‘lovchilar soni 22,8 mingtaga, QQS to‘lovchilar 19 mingtaga, aylanmadan olinadigan soliq to‘lovchilari soni 16,7 mingtaga ko‘paygan.

Foto: Fotolia

Davlat soliq qo‘mitasi 2022 yilning I choragi yuzasidan soliq tushumlariga oid ma’lumotlarni taqdim etdi.

Yilning birinchi choragida budjetga soliq daromadlari 34, 495,1 mlrd so‘mni tashkil qilib, o‘tgan yilga nisbatan 17 foiz o‘sish qayd etilgan.

Qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha tushum – 7,5 trln so‘mni tashkil etib, umumiy o‘sish 27 foizga yetdi. Bu soliq turi bo‘yicha tushumlar o‘sishida Navoiy viloyati (93 foiz), Toshkent shahri (86 foiz) va Farg‘ona viloyati (83 foiz) yetakchilik qildi.

Soliq qo‘mitasi QQS tushumlarining oshishini soliq ma’murchiligining raqamlashtirilishi orqali qo‘shilgan qiymat zanjiridagi uzilishlarning oldini olish imkoniyati kengaytirilgani bilan izohlagan.

“Bundan tashqari, xarid cheklari taqdim etilishini rag‘batlantirish institutining joriy etilishi keng jamoatchilik faolligini oshirib, aylanmadan olinadigan soliq tushumi 1,3 baravar o‘sdi”, – deyiladi xabarda.

Shuningdek, deyarli barcha soliq turlari bo‘yicha soliq to‘lovchilar soni oshgan. Xususan, foyda solig‘i to‘lovchilari 22,8 mingtaga, QQS 19 ming, aylanmadan olinadigan soliq to‘lovchilari soni 16,7 mingtaga ko‘paygan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilda Davlat budjeti daromadlarining salkam uchdan bir qismi OKMK va NKMK hissasiga to‘g‘ri kelishi kutilmoqda. Mazkur ikki kombinatning budjet shakllanishidagi o‘rni 31,33 foizga yetishi prognoz qilingan.

Avvalroq, go‘sht, o‘simlik yog‘i va kartoshka importi 2022 yilning oxirigacha qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etilgani e’lon qilingan edi.

Joriy yilning aprel oyi oxirida Davlat soliq qo‘mitasi samarasiz va alohida shaxslarga berilgan soliq imtiyozlarini bekor qilish ustida ish olib borayotganini ma’lum qilgandi.

Mavzuga oid