O‘zbekiston | 12:48 / 07.05.2022
15693
3 daqiqa o‘qiladi

Urganch tumanida zaxkash ko‘milib, noqonuniy uylar qurilmoqda

Xorazm viloyati, Urganch tumani, Chakkasholikor qishlog‘ida zaxkash o‘zboshimchalik bilan ko‘mib yuborilib, uy-joylar qurilishi boshlangan. Kadastr agentligi buning noqonuniy ekanini ma’lum qildi.

Foto: KUN.UZ

Urganch tumani, Chakkasholikor qishlog‘i, Sholikorlar mahallasi hududida dehqonchilik uchun mo‘ljallangan yerlar yaqinidagi zaxkash hech qayerdan ruxsat olinmasdan, o‘zboshimchalik bilan ko‘mib yuborilgan.

Uning o‘rnida poydevor qurilib, devorlar tiklangan va bir necha uy-joylar qurilishi boshlangan.

Kadastr agentligi Urganch tumani bo‘limi bergan ma’lumotga ko‘ra, ushbu hududda uy-joy qurishga ruxsat berilgani haqida hech qanday hujjat yoki yozuvlar yo‘q.

Fuqarolik kodeksining 212-moddasiga ko‘ra, qonunchilikda belgilangan tartibda qurilish maqsadlari uchun ajratilmagan yer uchastkalarida, shuningdek imorat qurish uchun zarur ruxsatnoma olmasdan yoki arxitektura va qurilish normalari hamda qoidalarini jiddiy buzgan holda qurilgan uy-joy, boshqa bino, inshoot yoki o‘zga ko‘chmas mulk o‘zboshimchalik bilan qurilgan imorat hisoblanadi.

Hududning yon qismi dehqonchilik uchun mo‘ljallangan yerlar hisoblanadi. Zaxkashning ko‘mib yuborilishi ushbu yerlarning meliorativ holatiga jiddiy nojo‘ya ta’sir ko‘rsatadi. Zaxkashlar yerlarning zaxini qochirish uchun mo‘ljallangan. Uning ko‘mib yuborilishi yerlarning zaxlab ketishiga, unumdorligini pasayishiga, foydalanishdan erta chiqib ketishiga olib keladi. Dehqonchilik qilinadigan unumdor yerlar tobora qisqarib borayotgan sharoitda bu achinarli hol.

Urganch tumani melioratsiya bo‘limi zaxkashni ko‘mib yuborish uchun hech kimga hech qanday xulosa berilmaganini ma’lum qildi.

Afsuski, Chakkasholikor qishlog‘ida yuz bergan voqea o‘zboshimchalik bilan yerlarni egallab olish bilan bog‘liq ko‘plab muammolarning kichik bir qismi xolos.

Kadastr agentligi Xorazm viloyati boshqarmasi bergan ma’lumotga ko‘ra, 2022 yilning 1 may holatiga Xorazm viloyatida 648 ta holatda 14 gektar yerni o‘zboshimchalik bilan egallab olish holati aniqlangan. 6 gektar yer bilan bog‘liq 223 ta holatda qonunbuzilishi ixtiyoriy bartaraf etilgan.

Yerlar o‘zboshimchalik bilan egallab olinishi bo‘yicha 340 ta holatda fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga da’vo arizasi kiritilgan, prokuratura organlariga 66 ta ma’lumotnoma berilgan.

Nurmuhammad Said,

Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid