Lend-liz haqida: SSSR AQSh yordamisiz nemislarni yenga olarmidi?
2022 yil 9 may kuni AQSh prezidenti Jo Bayden Ukrainaga yengillashtirilgan tartibda qurol-yarog‘ yuborish imkonini beradigan lend-liz to‘g‘risida qonunni imzoladi. Bunday qonun avval bir marta - Ikkinchi jahon urushi chog‘ida AQSh o‘z ittifoqchilariga yordam yuborishi uchun Franklin Ruzvelt tomonidan imzolangandi.
Inglizcha lend va lease so‘zlaridan olingan atama qarzga va ijaraga berish, degan ma’noni anglatadi. Bu qonun odatda qurol sotishda uchraydigan byurokratik to‘siqlarni cheklab o‘tish imkonini beradi. Ilk lend-liz haqidagi qonun Ikkinchi jahon urushi boshlangach qabul qilingan. Unga ko‘ra AQSh tomonidan nemislarga qarshi urushayotgan davlatlarga keng miqyosda yordam ko‘rsatilgan.
1941 yil 11 mart kuni AQSh prezidenti Franklin Ruzvelt Hitler Germaniyasiga qarshi kurashayotgan davlatlarga harbiy yordam ko‘rsatish dasturi – lend-liz haqidagi aktni imzolaydi. 1941 yil 22 iyunda Germaniya SSSRga hujum qilgach, AQShdan yordam oluvchi davlatlar qatoriga sovet ittifoqi ham qo‘shiladi. Oradan 81 yil o‘tib AQSh prezidenti Jo Bayden ikkinchi marta bunday qonunni imzoladi. Bu safar Rossiya bosqinidan o‘zini himoya qilayotgan Ukrainaga lend-liz asosida harbiy yordam ko‘rsatiladi.
Lend-liz tarixi
1939 yil 1 sentabr kuni Germaniya Polshaga hujum qiladi. Bunga javoban Buyuk Britaniya va Fransiya Germaniyaga urush e’lon qiladi. Shu tariqa insoniyat boshiga juda katta kulfatlar solgan Ikkinchi jahon urushi boshlanadi.
1940 yilda Germaniya armiyasi Yevropaning katta qismini egallaydi va Londonni ham bombardimon qila boshlaydi. Bu paytda Buyuk Britaniyaning asosiy ittifoqchisi bo‘lgan Fransiyani nemislar bosib olgan, Germaniyaga qarshi turishi mumkin bo‘lgan davlatlardan biri SSSR Hitler bilan «do‘stlik va o‘zaro hujum qilmaslik haqida» shartnoma imzolashga ulgurgandi. Ana shunday og‘ir paytda Buyuk Britaniya AQShdan yordam so‘rashga majbur bo‘ladi.
1941 yil 12 avgust kuni Britaniya bosh vaziri Uinston Chyorchil va AQSh prezidenti Franklin Ruzvelt o‘zaro uchrashib, AQShning lend-liz asosida Buyuk Britaniyaga ko‘rsatadigan yordami masalasida kelishib olishadi.
Ungacha 1941 yil 11 mart kuni AQSh prezidenti Franklin Ruzvelt Hitler Germaniyasiga qarshi kurashayotgan davlatlarga harbiy yordam ko‘rsatish dasturi — lend-liz haqidagi aktni imzolaydi. Shundan so‘ng Germaniyaga qarshi urushayotgan davlatlarda AQShdan imtiyozli shartlar asosida harbiy yordam olish imkoniyati paydo bo‘ladi.
1941 yil 22 iyunda Germaniya SSSRga hujum qilgach, o‘sha yil kuzda AQSh prezidenti lend-liz asosida sovetlarga ham yordam berishni ko‘zda tutuvchi aktni ham imzolaydi. Shu tariqa sovet ittifoqi ham imtiyozli shartlar asosida AQShdan harbiy yordam olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Lend-liz shartlari
Garchi Ikkinchi jahon urushi tugab, AQSh bilan munosabatlar sovuqlashgach SSSRda lend-lizni «AQSh o‘z manfaatlari uchun amalga oshirgan», deb talqin qilishgan bo‘lsa ham aslida unday emasdi.
Franklin Ruzvelt imzolagan qonunga ko‘ra:
- AQSh tomonidan ittifoqchilarga yetkazib berilgan va urush vaqtida foydalanilgan, yo‘qotilgan hamda dushmanlar tomonidan yo‘q qilingan materiallar, mashinalar, har xil harbiy texnikalar, qurollar, xomashyo, boshqa narsalar uchun haq olinmaydi.
- Lend-liz dasturiga binoan berilgan va urush tugagandan so‘ng yaroqli holda saqlanib qolgan turli texnikalarni qarz olgan davlat o‘zida olib qolishni xohlasa, ularning haqi Amerika budjeti hisobidan qoplanadi. So‘ng AQSh ularning pulini uzoq muddatli foizsiz kredit qilib rasmiylashtiradi va qarzdor davlat qarzlarini vaziyatga qarab to‘liq yoki qisman to‘lab beradi.
- Mabodo AQSh talab qilgan taqdirda urush davrida yaroqli holda saqlangan turli texnikalar va jihozlar urushdan keyin Amerikaga qaytarilishi shart bo‘ladi.
Yuqoridagi shartlardan kelib chiqilsa AQSh lend-liz dasturi asosida yetkazib bergan turli texnikalar va jihozlarning hamda boshqa mahsulotlarning bir qismiga pul oladi, xolos. Unda ham uzoq yillik foizsiz kredit asosida. Jahon bozorida harbiy texnikalarning juda qimmat narxlanishi inobatga olinsa, bu urush paytida katta miqdorda yordam olgan SSSR uchun juda ham manfaatli kelishuv bo‘lgan.
O‘shanda AQSh prezidenti Franklin Ruzvelt lend-lizni izohlab shunday degandi: Qo‘shnimning uyiga o‘t ketdi. Menda olovni o‘chirishda asqotadigan rezina shlang bor. Agar qo‘shnim o‘tni o‘chirishda mening rezina shlangimdan foydalanishni xohlasa men bajonidil berib turaman.
Rossiyada Ruzveltning bu mashhur so‘zlarini «Agar qo‘shningni uyiga o‘t tushsa, olov senikiga ham yetib kelmasidan unga rezina shlanglaringni berib tur», deb talqin qilishgan.
Lend-liz — bu beg‘araz yordam emasligi, turli harbiy texnikalar va boshqa yordamlar olayotgan davlat bir kun kelib baribir ularning pulini to‘lashi lozimligi haqida gapiradiganlar yetarlicha. Bunday gap-so‘zlarga o‘z vaqtida Franklin Ruzvelt shunday deb javob bergan:
«Uyiga o‘t ketgan qo‘shnim rezina shlangni so‘raganda, unga «Rezina shlang menga 15 dollarga tushgan. Marhamat, uni olib ishlatavering, keyin menga 15 dollar to‘lang, demayman. Menga 15 dollar kerak emas, qo‘shnim olovni o‘chirgach rezina shlangimni qaytarib bersa kifoya».
SSSRga ko‘rsatilgan yordamlar
1941 yil yozda Germaniya armiyasi SSSRga bostirib kirgach Hitler kuzgacha Moskvani olishini, 1941 yil 7 noyabr kuni Qizil maydonda g‘alaba paradini o‘tkazishini e’lon qiladi. Avvaliga barchasi nemislarning rejasi bo‘yicha ketadi. Tuzukroq harbiy texnikalari bo‘lmagan va qurol-yarog‘ ta’minotida kamchiliklar yetarlicha bo‘lgan sovet armiyasi jiddiy qarshilik ko‘rsata olmaydi va nemislar 1941 yilning kuzida Moskvaga yetib kelishadi.
AQShdan yordam yetib kela boshlagach vaziyat biroz o‘zgaradi. Xalqning dushmanga qarshi jipslashuvi va AQShdan yuborilgan harbiy samolyotlar, tanklar, oziq-ovqatlar, yonilg‘i va boshqa yordamlar tufayli dushman Moskva ostonasida to‘xtatiladi.
Urush tugaguncha, AQSh umumiy hisobda SSSRga lend-liz dasturi orqali jami 11 milliard dollarga teng mahsulotlar yetkazib bergan (dollar undan keyin bir necha marta qadrsizlandi va bu mablag‘ hozirgi hisobda 160 milliard dollardan oshadi).
AQShdan SSSRga 17 yarim million tonnaga teng turli xil tovarlar, jumladan:
- 11 mingdan ortiq samolyot,
- 12 mingta bronetexnika,
- qariyb 2 mingta parovoz,
- 11 mingdan oshiq vagon,
- 427 mingta turli rusumdagi avtomobillar,
- 318 ta turli rusumdagi harbiy kemalar, mashina va uskunalar, oziq-ovqatlar, rangli va qora metallar, kiyim-kechaklar, materiallar, kimyoviy reaktivlar hamda boshqa narsalar jo‘natilgan.
Yordam ko‘lami shu darajada ko‘p bo‘lganki, 4 yildan oshiqroq vaqt mobaynida jo‘natilgan aksariyat mahsulotlar, oziq-ovqat va texniklaar hajmi SSSRning o‘zida 1941–1945 yillarda ishlab chiqarilgan mahsulotlar hajmining 50 foizidan oshiqroqni tashkil etgan.
Masalan, 1941–1945 yillarda nemislarga qarshi urushda SSSR foydalangan portlovchi moddalarning 30 foizi, misning 40 foizi, alyuminiy, kobalt, jun, temiryo‘l relslari va yana boshqa ko‘plab mahsulotlarning 50 foizdan oshig‘i AQShdan yuborilgan. Sovetlar AQShdan bir necha million tonna benzin, kerosin, dizel, aviabenzin va boshqa yonilg‘i-moylash mahsulotlari olishgan.
Urush paytida armiya uchun eng zarur narsa hisoblangan poroxning salmoqli qismi, yana konserva, shakar va o‘simlik yog‘lari to‘liq AQShdan yuborilgan.
Shuningdek, urushda sovet armiyasiga asqotgan o‘sha mashhur «Katyusha»lar ham AQShdan yuborilgan Studebaker Corporation kompaniyasi tayyorlab bergan yuk mashinalariga o‘rnatilgan edi. O‘sha paytda SSSRda «Katyusha»larni ko‘taradigan va qiyin sharoitda ham harakatlana oladigan bunday yuk mashinalari bo‘lmagan.
Bundan tashqari, xalq orasida «Villis» nomi bilan tanilgan yengil mashinalar ham urush paytida lend-liz dasturi asosida AQShdan jo‘natilgandi.
AQSh tomonidan jo‘natilgan harbiy samolyotlar nemislarga qarshi janglarda tub burilishlarga olib kelishdan tashqari, keyinchalik sovet harbiy va fuqaro aviatsiya sanoatiga asos solinishiga sabab bo‘ladi.
Urush yillarida sovetlar AQShning yordamini tez-tez e’tirof etishgan. Jumladan, Iosif Stalin 1943 yilda Tehron, 1945 yilda Yalta konferensiyalarida AQShning yordami uchun minnatdorchilik bildirgan, okean ortidan misli ko‘rilmagan yordam yetkazib berilmaganda urushda ustunlikka va g‘alabaga erishib bo‘lmasligini ta’kidlagandi.
Ammo urush tugagandan keyin Sharqiy Yevropani tasarruf etishda o‘zaro kelishmovchiliklar, shuningdek, Koreya yarimorolini boshqarish masalasida SSSR va AQShning harbiy aralashuvi har ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni ancha sovitib yuboradi. Shundan so‘ng SSSRda nemislarga qarshi urushda AQSh ko‘rsatgan yordam «unutila» boshlanadi.
Ikkinchi jahon urushida AQShning SSSRga yordami ahamiyati keyinchalik, har ikki mamlakat o‘rtasida «sovuq urush» avj olganda sovetlar tomonidan teskari targ‘ibot olib borilishiga ham sabab bo‘ladi. Bir paytlar shaxsan Stalin va boshqa sovet rahbarlari hamda armiya qo‘mondonlari ko‘rsatilgan yordam uchun AQShga minnatdorchilik bildirgan bo‘lsa, endi o‘sha yordamlar «kapitalistik AQSh tomonidan foyda uchun qilingani» aytila boshlanadi.
Ammo bugun aksariyat tarixchilar Ikkinchi jahon urushida AQShning lend-liz dasturi doirasida SSSRga ko‘rsatgan yordami Hitler Germaniyasi ustidan qozonilgan g‘alabada muhim rol o‘ynaganini aytishadi. Ularga ko‘ra o‘shanda AQSh yordamisiz sovetlar nemislarni yenga olmasligi ham mumkin edi.
SSSR lend-liz haqini qanday to‘lagan?
Lend-liz shartiga ko‘ra SSSR faqat yaroqli saqlangan harbiy texnikalarni qaytarib berishi yoki ularni o‘ziga olib qolib, AQShga pulini to‘lashi shart edi. Ikkinchi jahon urushi tugagandan so‘ng ikki davlat SSSR to‘lashi lozim bo‘lgan yakuniy miqdorni muhokama qilishga kirishadi.
Hisob-kitoblar yakuni bo‘yicha SSSRga ko‘rsatilgan yordam miqdori qariyb 11 milliard dollar bo‘lgani ma’lum bo‘ladi. AQSh shundan sovet ittifoqi to‘lashi lozim bo‘lgan mablag‘ni 2,6 milliard dollar hisoblaydi. Keyingi muhokamalarda AQSh bu mablag‘ning ham yarmidan kechadi va SSSR 1,3 milliard dollar to‘lashi belgilanadi.
Avvaliga SSSR tomoni bu mablag‘ni to‘lashga e’tiroz bildirmaydi. Ammo urush tugagandan so‘ng har ikki davlat o‘rtasida keskinlik oshib boravergach, sovetlar bor-yo‘g‘i 170 million dollar to‘lashlarini ma’lum qilishadi. Oradan biroz o‘tib ,SSSR to‘lanishi lozim bo‘lgan miqdorni 200 millionga ko‘tarishini va pullarni 50 yil davomida bo‘lib to‘lashini bildiradi.
Tabiiyki bu AQShni qanoatlantirmasdi. Amerikaliklar SSSRdan 1 milliard dollarni 30 yilda bo‘lib to‘lashni talab qilishadi, ammo sovetlar ko‘nmaydi. Shu tariqa muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qoladi.
Keyinchalik dunyoning turli chekkalarida o‘z ta’sir doirasini o‘tkazish masalasida har ikki davlat o‘rtasida kelishmovchiliklar battar kuchayadi va sovetlar AQShga umuman pul to‘lamaydi.
Jumladan, 1951 yilda AQSh qarz miqdorini 800 million dollarga kamaytiradi. Ammo SSSR uni to‘lashdan yana bosh tortadi.
Faqat 1969-1974 yillarda AQSh prezidenti bo‘lgan Richard Nikson davrida SSSR-AQSh munosabatlari biroz iliqlashadi. Ana shu paytda 1972 yilda har ikki davlat o‘rtasida Ikkinchi jahon urushi davridan qolib kelayotgan qarzlarni to‘lash tartibi haqida shartnoma imzolanadi. Unga ko‘ra SSSR 30 yil davomida AQShga 722 million dollar to‘lab berishga rozi bo‘ladi.
Shundan so‘ng SSSR amerikaliklarga uch marta jami 48 million dollar to‘laydi. 1979 yilda SSSRning Afg‘onistonga bostirib kirishi tufayli AQSh bilan aloqalar yana yomonlashadi va pul to‘lash to‘xtatib qo‘yiladi.
1990 yilda SSSR va AQSh prezidentlari qarz masalasida yangi shartnoma imzolashadi. Unga ko‘ra dollar ancha qadrsizlanib ketgani uchun SSSR 2030 yilgacha 40 yil mobaynida AQShga 674 million dollar to‘lab beradi.
SSSR tarqab ketgach uning vorisi bo‘lgan Rossiya avvaliga AQShning qarzini to‘lashdan bosh tortadi va uni ittifoqdosh respublikalar barchasi birgalikda to‘lashi lozimligini aytadi. Keyinchalik 1993 yilda Boris Yelsin qarzni Rossiya to‘lashini ma’lum qiladi va 2006 yilgacha u to‘liq to‘lab beriladi.
Qisqacha aytganda, Ikkinchi jahon urushi davrida hisoblangan bir necha milliard dollarlik qarz oradan 50 yil o‘tib, arzimagan pul bilan to‘langan.
Harbiy yordam olgan boshqa davlatlar
Ikkinchi jahon urushi davrida AQSh lend-liz doirasida birgina SSSRga emas, balki Hitler Germaniyasi va Yaponiyaga qarshi urushayotgan bir nechta davlatga yordam bergan.
Jumladan, Buyuk Britaniya, Eron, Fransiya, Xitoy Respublikasi (Tayvan) kabi davlatlar AQShdan yordam olishgan.
Buyuk Britaniyaning lend-liz dasturiga binoan AQShdan olingan yordam bo‘yicha qarzi 4,3 milliard dollarni tashkil etgan. Buyuk Britaniya hududida urush harakatlari bo‘lmagan. Bu davlat quruqlikdagi janglarga nemislar ancha kuchsizlanib qolgan 1943 yildan qo‘shilgani uchun aksariyat harbiy texnikalar soz holda saqlanib qolgan. Shu sababli Buyuk Britaniya AQShga to‘lashi lozim bo‘lgan mablag‘ SSSRga hisoblangan qarzdan ko‘proq edi.
Buyuk Britaniya urush davrida Kanadadan ham qarzga qurol-yarog‘ olib, katta miqdorda qarz bo‘lgandi. Rasmiy London har ikki davlatga oxirgi pullarni 2006 yilda to‘lab berdi va qarzlarni yopdi.
1946 yil 28 may kuni Fransiya va AQSh o‘rtasida lend-liz dasturiga binoan yetkazib berilgan qarzlarni to‘lash masalasi muhokama qilinadi. Muhokama so‘ngida Fransiya AQSh mahsulotlari uchun bojlarni kamaytirishi hisobiga amerikaliklar qarzdan voz kechishadi.
Lend-liz dasturi bo‘yicha Ukrainaga yordam beriladi
«2022 yilda Ukrainadagi demokratiyani himoya qilishga qaratilgan lend-liz» deb nomlanuvchi qonun Kongressga hali Rossiya Ukrainaga bostirib kirishidan avval, yanvar oyida kiritilgan. 3 may kuni Vakillar palatasi katta ustunlik bilan (417 kishi rozi, 10 kishi qarshi bo‘lgan) qonunni ma’qulladi. Ungacha hujjat AQSh senati tomonidan ham ma’qullangandi. Vakillar palatasida qonun loyihasi ko‘pchilik tomonidan ma’qullanishiga 24 fevral kuni Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirgani ham sabab bo‘ldi deyish mumkin.
Imzolangan qonunga ko‘ra, endilikda AQSh prezidenti to‘g‘ridan to‘g‘ri Ukrainaga yoki Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan jabr ko‘rgan Sharqiy Yevropa davlatlariga qarz yoki harbiy qurollarni ijaraga yuborish bo‘yicha hukumatga topshiriq berishi mumkin. Qonun o‘rtadagi katta vaqt oladigan byurokratik to‘siqlarni cheklab o‘tishga imkon beradi.
AQSh urush boshlangandan buyon Ukrainaga uch marta harbiy yordam yubordi. Ularning har biri 800 million dollarni tashkil etgan. Shuningdek, pul va boshqa ko‘rinishda ham yordam yuborilgan. 28 aprel kuni Jo Bayden Ukrainaga yordam ko‘rsatish uchun Kongressdan qo‘shimcha 33 milliard dollar so‘ragandi. 10 may kuni AQSh kongressi vakillar palatasi Ukrainaga 40 milliard dollarlik yordam ko‘rsatishni ma’qulladi.
Oddiy holatda Ukraina AQShdan ijaraga olgan qurollarini 5 yil ichida qaytib berishi va yetkazilgan zararni o‘sha vaqtning o‘zida to‘lashi shart bo‘lardi. Endi bunday bo‘lmaydi va lend-liz dasturi bo‘yicha AQSh o‘z ixtiyoridagi qurollarni Ukrainaga uzoq muddatga ijaraga berishi mumkin.
Shuningdek, bu qonun Bayden administratsiyasidan Kongressga Ukrainaga yuboriladigan har qanday qurol haqida hisob berish majburiyatini vaqtincha olib tashlaydi. Harbiy ekspertlarning fikricha, endilikda AQSh Ukrainaga katta miqdorda og‘ir qurollar yuborishi mumkin. Bu esa hozir Rossiya bilan to‘xtab qolgan muzokaralarda tiklanadigan bo‘lsa, Ukrainaga ustunlik beradi.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyoradi.
Mavzuga oid
13:30
Tramp yutsa urushni bir sutkada to‘xtatishni va’da qilgandi. U yutdi - xo‘sh?
23:26 / 09.11.2024
“G‘arbning geosiyosiy ochko‘zligi kelishmovchiliklar bosh sababi” – Putinning “Valday”dagi chiqishi
20:42 / 09.11.2024
Oq uy Trampning saylovlardagi g‘alabasidan keyin Ukrainaga harbiy yordam yuborishni tezlashtirdi
16:25 / 09.11.2024