Jamiyat | 14:05 / 11.05.2022
15831
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda bankomat orqali qalbaki dollar so‘mga ayirboshlandi

Toshkentdagi bankomat orqali qalbaki 2 000 AQSh dollari so‘mga ayirboshlandi. Uzcard o‘tgan yilning sentabr oyida soxta valuta ayirboshlash holatlari tufayli xizmatni vaqtincha to‘xtatgandi.

Foto: KUN.UZ

Yashnobod tumanida qalbaki AQSh dollarini bankomat orqali so‘mga ayirboshlagan fuqarolar aniqlandi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura huzuridagi departament. 

Ma’lum bo‘lishicha, “Ipak yo‘li bank” amaliyot boshqarmasining murojaatiga asosan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, fuqaro S.F. va boshqalar ushbu bank filialiga tegishli Parkent ko‘chasida joylashgan bankomat orqali qalbaki 2 000 AQSh dollarini so‘mga ayirboshlab olganliklari aniqlangan.

Bosh prokuratura holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilayotganini ma’lum qildi.

2021 yilning sentabr oyida UzCard soxta valuta ayirboshlash holatlari tufayli bankomatlarda valuta ayirboshlashni to‘xtatgandi.

Kompaniya bergan rasmiy bayonotda UzCard valuta operatsiyalari ishonchliligini ta’minlashi kerakligi uchun bankomatlarda 100 va 50 AQSh dollari nominalidagi banknotlarni almashtirish funksiyasini vaqtincha o‘chirib qo‘ygani haqida so‘z borgandi.

Shuningdek, kompaniya bankomatlar dasturiy ta’minotini yangilash bo‘yicha ishlar boshlaganini ma’lum qilgandi. Biroq bankomatlar orqali valuta ayirboshlash qachon tiklanishiga oydinlik kiritilmagan edi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2022 yilning yanvar oyi oxirlarida bankomatlar orqali valuta ayirboshlash qisman qayta yo‘lga qo‘yilgan.  

 

Mavzuga oid