O‘zbekiston | 19:40 / 13.05.2022
21987
12 daqiqa o‘qiladi

“O‘ztransgaz” va MET ko‘rayotgan trillionlab zarar: mas’ullar izoh berdi

2021 yilni “O‘ztransgaz” 2,5 trln so‘m, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” 2,1 trln so‘m zarar bilan yakunladi. Kun.uz bunday katta zararning sababi yuzasidan energetika vaziri o‘rinbosari va ushbu ikki kompaniya matbuot xizmatlaridan izoh so‘radi.

Foto: Getty Images/RIA Novosti

O‘zbekistonda 2019 yildan joriy etilgan amaldagi tizimga asosan, elektr energiyasi va tabiiy gaz ta’minoti uch bosqichli zanjirdan iborat.

Elektr energiyasi ta’minoti:

  • Ishlab chiqaruvchilar “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ, “O‘zbekgidroenergo” AJ va boshqalar. Ushbu kompaniyalar tizimidagi IES va GESlarda, shuningdek, quyosh va shamol elektr stansiyalarida elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining qariyb 85 foizi IESlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
  • “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ ishlab chiqaruvchilar va xorijiy hamkorlardan elektr energiyasini sotib olib, magistral tarmoqlar orqali “Hududiy elektr tarmoqlari” AJga va xorijiy hamkorlarga sotadi.
  • “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ — METdan sotib olingan elektr energiyasini belgilangan tariflar asosida yakuniy iste’molchilar – jismoniy va yuridik shaxslarga taqsimlaydi va sotadi.

Tabiiy gaz ta’minoti:

  • Ishlab chiqaruvchilar “O‘zbekneftgaz” AJ va boshqalar.
  • “O‘ztransgaz” AJ magistral gaz quvurlari operatori; ishlab chiqaruvchilardan tabiiy gazni sotib olib, “Hududgazta’minot”ga va magistral tarmoqqa ulangan iste’molchilarga sotadi.
  • “Hududgazta’minot” AJ “O‘ztransgaz”dan tabiiy gazni, ishlab chiqaruvchilardan suyultirilgan gazni sotib olib, belgilangan tariflar asosida yakuniy iste’molchilarga taqsimlaydi va sotadi.

“1 so‘mdan olib, 95 tiyindan sotsangiz, yilni faqat zarar bilan yakunlaysiz”

O‘zbekistonda to‘liq yoki qisman davlatga qarashli 2117ta korxona bor. Ular orasidan ikkitasi boshqalari bilan mutlaqo solishtirib bo‘lmaydigan darajada katta zarar bilan ishlaydi. Bular – “O‘ztransgaz” AJ va “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ.

Energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev 12 may kuni jurnalistlar bilan uchrashuvda mazkur moliyaviy zararning sababini quyidagicha tushuntirdi.

“2021 yilda faoliyatini zarar bilan yakunlagan ikkita asosiy korxonamiz bor. Savol paydo bo‘ladi, nimaga ular yilni zarar bilan yakunladi? Bugungi kunda elektr energiyasi yoki tabiiy gaz uchun bozor yo‘q deganimiz bilan, bozorning bitta modeli joriy etilgan: yagona xarid qiluvchi modeli. Bu qanday ishlaydi: ishlab chiqaruvchilar [gaz va elektr energiyasi] ishlab chiqaradi, ularning hammasidan mahsulotlarini bitta kompaniya sotib oladi. Keyin hududiy kompaniyalarga, ular esa o‘z navbatida iste’molchilarga sotadi. Tabiiy gaz tizimida bu “O‘ztransgaz” AJ, elektr energetika tizimida “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ.

Endi, stansiyada ishlab chiqarilgan elektr energiyaning tannarxi baland bo‘lgandan keyin, bizning oldimizda ikkita yechim bor. Birinchisi, ishlab chiqarilgan tannarxdan past narxda sotib olamiz, stansiya zarar bilan ishlaydi. Ikkinchisi, stansiyadan mahsulotini yagona xarid qiluvchi adolatli narxda mahsulotni sotib oladi-yu, lekin hududlarga pasaytirilgan narxda sotishga majbur bo‘ladi. Mana shu yerda subsidiya aynan o‘rtada turgan tashkilotga beriladi, chunki u qimmat sotib olib, hududlarga arzon beryapti.

Foto: Kun.uz

Bu kompaniyalarning operatsion zararini yaxshilasa bo‘ladi, lekin baribir zarardan qochib bo‘lmaydi. Sababi biror mahsulotni 1 so‘mdan olsangiz-u, 95 tiyindan sotsangiz, hech qachon foyda ko‘rmaysiz. Yilni doim zarar bilan yakunlaysiz. Agar ularning oladigan va sotadigan narxi o‘rtasida ijobiy tafovut qilib bersak, [shundagina] foyda bilan chiqadi. Lekin bu holda “Hududiy elektr tarmoqlari” va “Hududgazta’minot” qimmat narxda xarid qilib, iste’molchilarga qat’iy belgilangan tarif narxlarida sotadi va zarar ko‘radi.

Bu yerda maqsad nima edi? Agar tizimdagi sotish jarayonida foyda va zararlar mutanosibligi buzilgan bo‘lsa, bu nomutanosiblikni bitta kompaniyada jamlagan ma’qulroq. Zararning bir qismini ishlab chiqaruvchi stansiyaga, bir qismini hududiy korxonada qilgandan ma’no yo‘q.

Undan ko‘ra, zarar bitta kompaniyada shakllansin, u shaffof bo‘lsin va biz uning aniq miqdorini ko‘ramiz. Stansiya adolatli narxda sotsin, “Hududiy elektr tarmoqlari” adolatli narxda xarid qilib sotsin. Stansiya uchun adolatli narx nima: tannarx ustiga rentabellik darajasini qo‘yib sotishi. “Hududiy elektr tarmoqlari”da shuning teskarisi: ularda sotish narxiga chegara qo‘yilgan, belgilangan tarifdan qimmat sotolmaydi; demak, arzon narxda xarid qilishi kerak, arzon olib, chegaralangan narxda sotganda ham zarar bilan chiqmasligi kerak.

Mana shu yakuniy tariflar o‘zgarmaguncha, bu tizim korxonalarining ichidagi zanjirda kimdir baribir zarar bilan yakunlayveradi, chunki ishlab chiqarish xarajatlari yuqori”, dedi Xo‘jayev.

MET va “O‘ztransgaz”ning mahsulot sotib olishi va sotishi o‘rtasidagi narx tafovuti davlat budjetidan subsidiya ajratish orqali qoplab kelinadi.

MET: Bu yil zarar miqdori 2,5 barobarga ko‘payishi mumkin

Foto: Kun.uz

“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ 2021 yilni 2,1 trln so‘m zarar bilan yakunlagan. Kompaniya matbuot xizmatining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, hozirgi tariflar saqlanib qolsa, bu miqdor 2022 yil yakunlariga ko‘ra 5,3 trln so‘mga yetishi kutilmoqda.

“Aksiyadorlik jamiyati 2022 yil 1 chorak yakunlarini 1,5 trillion so‘m zarar bilan yakunlagan. 2022 yil 1 chorakda ishlab chiqaruvchilardan jami, 18,6 mlrd kVt.soat elektr energiyasi o‘rtacha QQS bilan birga 378,2 so‘mdan xarid qilinib, hududiy elektr tarmoqlari korxonalariga o‘rtacha 320,9 so‘mdan sotilgan (har bir kVt.soatdan 57,3 so‘mdan zarar ko‘rilgan).

Jamiyat moliya-xo‘jalik faoliyati bo‘yicha hozirda amaldagi sotib olish va sotish tariflari saqlangan holda, ya’ni qimmat narxlarda elektr energiyasini sotib olib, arzon narxlarda sotish natijasida 2022 yilda jamiyatning moliyaviy xo‘jalik faoliyati 5,3 trln so‘m miqdorida zarar bilan yakunlanishi kutilmoqda.

Shu bilan birga, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ 2022 yilda o‘z mablag‘lari hisobidan 492,5 mlrd so‘m miqdorida investitsiya loyihalarini moliyalashtirish va xalqaro moliya institutlari, respublika tijorat banklaridan jalb qilingan kreditlar bo‘yicha 362,6 mlrd so‘m miqdoridagi to‘lovlarni amalga oshirishi belgilangan.

Mazkur holatlar, jamiyatning iqtisodiy holatiga hamda respublikaning magistral elektr tarmoqlarini hamda yuqori kuchlanishli tarnsformator podstansiyalarini modernizatsiya qilish va ta’mirlash ishlarining moliyalashtirilishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda”, – deyiladi kompaniya axborot xizmati ma’lumotida.

“O‘ztransgaz”: Tizim texnik jihatdan eskirgan, modernizatsiyaga muhtoj

Foto: Kun.uz

2021 yilni moliyaviy-xo‘jalik faoliyatida 2,5 trln so‘m moliyaviy zarar bilan yakunlagan “O‘ztransgaz” AJ ham bu borada Kun.uz'ga izoh taqdim etdi.

Unga ko‘ra, 2021 yilda kompaniya 17,5 trln so‘mlik tabiiy gaz sotib olgan, uni o‘rnatilgan narxlarda iste’molchilarga 16,4 trln so‘mga sotgan – ko‘rilgan zarar 1,1 trln so‘mdan oshiqroqni tashkil etgan.

Shuningdek, yil yakuniga ko‘ra “Hududgazta’minot”ning “O‘ztransgaz” oldidagi debitor qarzdorligi 2,5 trln so‘mni tashkil etgan. Bundan tashqari, 2021 yilda xorijiy valutadagi qarzlardan hosil bo‘lgan valuta kurslari farqidan ko‘rilgan zarar 1,7 trln so‘mni tashkil etgan.

Kompaniya axborotida tizimdagi ahvol va xarajatlar haqida ham ma’lumotlar bor:

Qayd etilishicha, jami 13 234 km magistral gaz quvurlarning 8 238 km qismidan (62 foiz) 30 yildan ortiq vaqt beri foydalanilyapti, natijada tabiiy gaz o‘tkazuvchanligi loyiha quvvatiga nisbatan 35-38 foizgacha kamaygan.

Tabiiy gaz o‘tkazuvchanligini oshirish yoki amaldagi ko‘rsatkichda ushlab turish maqsadida, “Magistral gaz quvurlar texnik ekspluatatsiya qilish” qoidalarining talablariga muvofiq har 5-10 yilda quvur ichki sirti diagnostika ishlari hamda boshqa turdagi tekshirishlar o‘tkazilib, aniqlangan nuqsonli qismlar ta’mirlanmoqda.

Foto: Kun.uz

2022 yilda ta’mirlash va avariya zaxiralarini to‘ldirish uchun turli o‘lchamdagi 84 549 metr quvur xarid qilinyapti. Quvurlarni korroziyadan saqlash va boshqa maqsadlar uchun 14 442 km uzunlikdagi kommunikatsiyalar elektr kimyoviy himoyalanishi lozim. Biroq katodli himoya stansiyalarining 35 foizi, nazorat-o‘lchov ustunlarining 45 foizi, 6-250 kV A quvvatli transformator podstansiyalarining 43 foizi, yuqori va past kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlarining 25 foizi ishchi holatda emas.

Bundan tashqari, kompressor stansiyalardagi jami 232 ta gaz haydash agregatidan 159tasi (69 foiz) yuz foizdan ortiq eskirgan. Mavjud 57ta gaz turbinali dvigatellarning 29 tasi 50 foizdan100 foizgacha, 6tasi 100 foizdan ortiq eskirgan.

Kompaniya matbuot xizmati axborotida yuqoridagi texnik uskunalar bosqichma-bosqich ta’mirlanayotgani va yangilari xarid qilinayotgani, tizim investitsion loyihalar orqali modernizatsiya qilinayotgani ma’lum qilingan.

Qo‘shimcha qilinishicha, sohani transformatsiya qilish bo‘yicha Osiyo taraqqiyot bankining texnik ko‘magida “ILF Biznes Konsalt” (Germaniya) xalqaro muhandislik konsalting tashkiloti jalb qilingan hamda hamkorlikda “Gaz transport tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish dasturining bosh rejasi” ishlab chiqilgan. Shuningdek, “Korporeyt Solyushnz”, “Grant Tornton”, “Dentons”, “Boston Konsalting Grupp” kabi xalqaro hamkorlar bilan birgalikda boshqa qator loyihalar amalga oshirilmoqda.

Har ikki kompaniya ham xalqaro auditdan o‘tadi

2021 yilda "O‘zbekneftgaz" ilk marta Fitch va S&P agentliklaridan xalqaro kredit reytingini olgan edi. Kompaniya, shuningdek, moliyaviy hisobotlariga Ernst & Young'dan ijobiy auditorlik xulosasini oldi. Endilikda "O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari" va "O‘ztransgaz" oldiga ham shunday talab qo‘yilmoqda. / Foto: Wall Street Journal

Kun.uz avvalroq xabar berganidek, shu yil 1 sentabrgacha “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” va “O‘ztransgaz” kompaniyalari bo‘yicha hukumat qarori qabul qilinishi kutilmoqda. MET 2023 yil oxirigacha, O‘TG esa 2024 yil oxirigacha xalqaro kredit reytingini olishi belgilangan.

Shuningdek, davlatning “O‘zbekneftgaz” AJdagi kamida 49 foiz ulushi, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJdagi kamida 51 foiz ulushi xususiylashtiriladi.

Eslatib o‘tamiz, kuni kecha elektr energiyasi va tabiiy gaz bo‘yicha ijtimoiy iste’mol normasi kiritilib, tabaqalashtirilgan tariflarga o‘tilishi ma’lum bo‘ldi.

2022 yilgi davlat dasturida, shu yildan energetika bozorini erkinlashtirishga tayyorgarlik boshlanishi ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid