O‘zbekiston | 16:23 / 13.05.2022
20825
7 daqiqa o‘qiladi

Toshkent deputatlari bloger Nikita Makarenko ustidan IIBBga shikoyat qildi

Toshkent hokimligi, shahar kengashining qarorini asos qilib ko‘rsatgan holda, ko‘p qavatli uylar fasadidagi mozaikalarni o‘chirib tashlamoqchi bo‘lgandi. Mozaikalarni bo‘yab tashlash deputatlarning qarori bo‘lganiga ishongan bloger Nikita Makarenko ularni tanqid qilgan. Ma’lum bo‘lishicha, deputatlar shu kunning o‘zida shahar IIBBga bloger ustidan ariza bergan. Madaniy meros agentligi Makarenkoni qo‘llab-quvvatlab chiqdi.

Foto: Gazeta.uz

Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi raisi o‘rinbosari Toshpo‘lat Matkarimov musiqachi, bloger Nikita Makarenko ustidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga shikoyat qildi. Bu haqda bloger o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.

Makarenkoning yozishicha, u O‘zbekistonning madaniy merosi, xususan, mozaikalarni faol himoya qilarkan, shahar deputatlarini bu boradagi harakatsizligi uchun tanqid qilgan, deputatlar bu tanqiddan ranjigan.

“Hurmatli deputatlar! Men sizning bolalarcha tahdidlaringizdan keyin ham madaniy merosni himoya qilishdan to‘xtamaslikka butun jamoatchilik oldida qasam ichaman. Madaniy meros – muqaddas narsa. Siz ketasiz, ular esa qoladi.

Albatta, bu absurd. Biz nafaqat merosimizni himoya qilishimiz kerak, balki uning himoyachilari ham aslida merosni himoya qilishi kerak bo‘lgan hokimiyatdan sudda o‘zlarini himoya qilishga majbur. Lekin, buning o‘rniga ular ehtimoliy jinoyatlarni yashirish uchun himoyachilarni zararsizlantirishga harakat qilmoqda”, – deb yozgan Nikita Makarenko.

Shuningdek, u jamoatchilikni madaniy meros himoyachilari va Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi o‘rtasidagi sud kutayotganini ta’kidlagan.

Mart oyida Chilonzordagi qator ko‘p qavatli uylar fasadidagi mozaikalarga sement aralashmasi surtib chiqilgan, jamoatchilik xavotir bildirganidan keyin hokimiyat buni mozaikalar mustahkamligini oshirish maqsadi bilan izohlagandi. Tsement aralashmasi yuvib tashlangan bo‘lsa-da, Gazeta.uz'ning aniqlashicha, hokimlik bayonoti rost emasdi: tasvirlarni o‘chirishga qasddan harakat bo‘lgan. / Foto: Gazeta.uz

Bir necha hafta oldin Chilonzor tumanidagi bir nechta ko‘p qavatli uylar fasadidagi mozaikalarni bo‘yash boshlanganida, jamoatchilik e’tiroziga javoban shahar hokimligi bu ishlar shahar kengashining qarori asosida bo‘layotganini ma’lum qilgandi. Biroq kengash qarorida mozaikalarni o‘chirib tashlash ko‘zda tutilmagan, faqat obodonlashtirish haqida so‘z borgan. Makarenko o‘shanda deputatlarni tanqid qilib post yozgan.

“Bu odamlar kimlar? Ularni kim tanlagan? Nimasi bilan nom qozongan? Nima qilishyapti?

Toshkentdagi hayotim davomida ularning shahar hayotida faol ishtirok etgani haqida biror marta eshitmaganman. Hech qachon. Biror bir ziddiyatli holatlarda ham. Hamma joyda faollar yoki jurnalistlar. Bular har doim jim va hokimga qog‘ozlarni “silkitadi”.

Ma’lum bo‘lishicha, madaniy merosni yo‘q qilishadi. Shahar kengashi, sen kimsan? Bizga bunday kengash kerak emas!” – degan bloger joriy yil 29 mart kuni yozgan postida.

Nikita Makarenko / Foto: Facebook

“Bu – deputatlarning umumiy shikoyati”

Kun.uz bilan gaplashgan deputat Toshpo‘lat Matkarimov 29 mart kuni Nikita Makarenko ustidan Toshkent shahar IIBBga aynan o‘zi emas, kengash deputatlari umumiy shikoyat kiritganini ta’kidladi.

“Makarenko biz chiqargan qarorni ko‘rmasdan turib, bizni mozaikalarni bo‘yashda aybladi. Vaholanki, qarorda u hududlarni obodonlashtirish haqida gap ketgan edi. U o‘zbek tilini tushunmagan bo‘lishi yoki kimdir unga qaror matnini noto‘g‘ri talqinda tushuntirgan bo‘lishi mumkin.

Bundan tashqari, u deputatlarni obro‘sizlantiruvchi gaplarni yozgan. Axir, deputatlar xalq tomonidan saylangan va deputat maqomiga doir qonun bilan himoyalanadi.

Agar jurnalistlar etikaga rioya qilmasa yoki nimadir noto‘g‘ri yozsa, AOKAga yoki jurnalistlar uyushmasiga shikoyat qilamiz. Nikita bloger bo‘lgani uchun qayerga yozishni bilmay, Toshkent shahar IIBBga uning harakatlariga huquqiy baho berishini so‘rab murojaat kiritdik.

Shaxsan meni Nikita Makarenkoga hech qanday g‘arazim yo‘q. U bilan men ham, deputatlar ham ochiq muloqotga tayyor. Biror masala bo‘lsa, bizga aloqaga chiqsin yoki kelib muammolarni ko‘rsatib bersin, birgalikda hal qilaylik”, – deya deputat Toshpo‘lat Matkarimovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Toshpo‘lat Matkarimov / Foto: Toshkent shahar hokimligi

Madaniy meros agentligi Makarenkoni qo‘lladi

12 may kuni Madaniy meros agentligi bloger Nikita Makarenkoni nazarda tutgan holda madaniy meros obektlarini himoya qilish va ularga yetkazilayotgan zararni aniqlashga hissa qo‘shib kelayotgan faol bloger va jurnalistlarning sa’y-harakatlarini e’tirof etishini ma’lum qildi.

Agentlik, poytaxtdagi ko‘p qavatli uylarning mozaikalari bo‘yab tashlanayotgani madaniy meros himoyachilarining haqli e’tiroziga sabab bo‘layotgani, bularning ko‘pchiligi aynan jamoatchilik e’tirozidan so‘ng to‘xtatilayotganini eslatgan.

Vakolatli organ deputatlarning IIBBga shikoyati bo‘yicha munosabat bildirmagan, biroq o‘z bayonotida Makarenkoning 29 mart kuni yozgan, deputatlarda e’tiroz uyg‘otgan yuqoridagi postiga havola bergan.

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov Nikita Makarenko ko‘targan masalalar aslida kengashga yordam ekanini ta’kidlab, “deputatlar kim tarafida o‘zi”, deya savol qo‘ygan.

“… Albatta, jurnalist maqolasiga e’tiroz bo‘lsa tuhmat, yolg‘on ma’lumot berilgan bo‘lsa, masalani sud orqali hal qilish – uni ko‘chada ushlab olib, boshiga bir urgandan ko‘ra eng to‘g‘ri yo‘l. Lekin Nikita ko‘targan masalalar haqiqatda jiddiy bo‘lsa, bloger madaniy meros uchun kuyib-pishib jon kuydirayotgan bo‘lsa, bu aslida kengashga yordam emasmi?

Deputatlar kimning tomonida o‘zi?

Nima ham derdik. Qani ko‘ramiz masala qayerga qarab ketadi va uning ortida kim hingillab o‘tiribdi. Kuzatamiz”, – deya yozgan Allamjonov.

Eslatib o‘tamiz, shu yil fevral oyida Toshkentdagi madaniy meros obektlaridan biri – Kosmonavtlar maydonini qonunga zid ravishda, Madaniy meros agentligidan ruxsat olmay turib rekonstruksiya qilish boshlangan, agentlik qurilish kompaniyasiga ogohlantirish berganiga qaramay, rekonstruksiya davom etavergandi.

Mavzuga oid