O‘zbekiston | 20:48 / 16.05.2022
41065
5 daqiqa o‘qiladi

AQSh elchisi - O‘zbekistonda erkaklarning soqoli IIBda olib tashlangani haqida

“Bu boradagi harakatlardan Amerika xursand emas. Men so‘zlarimni do‘st sifatida aytyapman. To‘g‘ri, mamlakatda 2016 yildan beri ko‘p islohotlar qilindi. Lekin ba’zi narsalar orqaga ketayotgandek tuyulmoqda. Biz yanada inklyuziv jamiyat sari intilishimiz kerak”, – dedi Deniyel Rozenblyum Toshkentda diniy bag‘rikenglikka bag‘ishlab o‘tkazilayotgan forumda.

Foto: Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti

AQShning Toshkentdagi elchisi Deniyel Rozenblyum 16 may kuni Toshkentda o‘tgan “Deklaratsiyalar muloqoti” xalqaro forumida O‘zbekistondagi diniy erkinlik holati haqida fikr bildirdi. Bu haqda Daryo.uz xabar bermoqda.

Rozenblyum forum ochilishidagi nutqida O‘zbekistonda diniy erkinlikni ta’minlash bo‘yicha ijobiy o‘zgarishlar bilan birga, ayrim muammolar ham borligini aytgan.

“Albatta, AQShda ham dinlararo munosabatlarni tartibga solishda kamchiliklar bor. Ammo hozir O‘zbekistondagi vaziyat bo‘yicha to‘xtalib o‘tmoqchiman. Mamlakatda so‘nggi 5 yilda diniy sohada ko‘p islohotlar qilindi. Ularni e’tirof etish kerak. Misol uchun, respublikaning maxsus diniy cheklovlar mavjud davlatlar xalqaro ro‘yxatidan olib tashlangani katta natijalardan biri. Ko‘plab diniy va siyosiy mahbuslar ozod qilingani, kichik diniy guruhlarga reydlar olib borish to‘xtatilgani yaxshi ko‘rsatkich. AQSh bu ishlarni qo‘llab-quvvatlaydi.

Biroq O‘zbekistonda eski davrlarni aks ettiruvchi muammolar ham borligi odamni tashvishga soladi. Masalan, fuqarolarni ekstremistik materiallar saqlagani uchun qamash masalasi. Yaqinda bloger Fozilxo‘ja Orifxo‘jayev shunday ayblov bilan 7,5 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Insonlarda o‘z dinlariga erkin rioya qilish imkoniyati bo‘lishi kerak.

Yana bir muammo – diniy tashkilotni ro‘yxatga olishda to‘siqlar mavjudligi va jarayon o‘ta murakkabligi. Bu xalqaro qonunlarga zid keladi.

Shuningdek, politsiya tomonidan soqol qo‘yganlar soqolini majburlab olib tashlanishi muammosi. Bu boradagi harakatlardan Amerika xursand emas. Men so‘zlarimni do‘st sifatida aytyapman. To‘g‘ri, mamlakatda 2016 yildan beri ko‘p islohotlar qilindi. Lekin ba’zi narsalar orqaga ketayotgandek tuyulmoqda. Biz yanada inklyuziv jamiyat sari intilishimiz kerak”, – degan AQSh elchisi.

Eslatib o‘tamiz, may oyi boshida Toshkentda o‘nlab erkaklar IIB binosiga olib kelinib, ularning soqoli olindi. Ichki ishlar vazirligi Kun.uz savoliga javoban buni “jamoat xavfsizligini ta’minlash jarayonida o‘tkaziladigan tezkor-profilaktik tadbirlar” deb atadi va ularni “diniy e’tiqod bilan bog‘lash mutlaqo noto‘g‘ri” ekanini uqtirdi. Vazirlik, shuningdek, fuqaro huquqi poymol etilgan deb hisoblasa, tegishli joyga shikoyat qilishi mumkinligini bildirdi.

“Deklaratsiyalar muloqoti”

16-20 may kunlari Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlarida Shimoliy Amerika, Yevropa, Osiyo, Yaqin Sharq va Afrikaning turli diniy konfessiyalari vakillari, taniqli ulamolar, dinshunos olimlar va huquqshunoslar ishtirokida “Deklaratsiyalar muloqoti” xalqaro forumi o‘tkazilmoqda.

Tashkilotchilar – Prezident huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, AQShning Global jalb qilish instituti, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va boshqalar.

Anjuman doirasida turli mamlakatlar dinshunos olimlari, amaliyotchi mutaxassislariga jamiyatda tinchlik va totuvlikni saqlab turishning muhim sharti sifatida dinlar va madaniyatlar o‘rtasida samarali muloqot o‘rnatish sohasidagi eng yaxshi xalqaro amaliyot, ilg‘or xorijiy tajriba namoyish etiladi.

Bugun “Madaniyatlararo diniy savodxonlik va global xavfsizlik”, “Din va qonun ustuvorligi”, “Konfessiyalararo munosabatlarni rivojlantirish” mavzularida davra suhbatlari o‘tkazildi.

I seminarda AQSh Global hamkorlik instituti prezidenti Kris Saypl “Madaniyatlararo diniy ta’lim ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashning asosiy omili sifatida” nomli taqdimotini namoyish qildi.

“Konfessiyalararo bag‘rikenglikning g‘oyaviy asosi plyuralizm va xilma-xillikning qadri, ahamiyatini e’tirof etishdan iborat”, – dedi, jumladan, Saypl o‘z chiqishida.

AQSh jahon instituti ilmiy xodimi Noks Temz seminar chog‘ida “Diniy ozchilik va ko‘pchilikning madaniyatlararo diniy savodxonligi dinamikasi” mavzusida ma’ruza o‘qidi.

II va III seminarlarda Renata Uits, Imom Muhammad Majid, Pastor Bob Robers singari xorijiy ekspertlar turli mavzular doirasida ishtirokchilar bilan o‘z fikr-mulohazalarini o‘rtoqlashdi.

Mavzuga oid