O‘zbekiston | 19:18 / 24.05.2022
49512
7 daqiqa o‘qiladi

Tinch zamonning begunoh qurbonlari. Tanishi borlarni hech narsa to‘xtatolmayapti

Ashaddiy qoidabuzar haydovchi tanish-bilishlari orqali oson qutulib ketishini bilsa, YPXning kuchi “Matiz” mingan kirakashdan boshqasiga yetmasa, “Malibu” mingan kattakonni qoidabuzarligi uchun bilmasdan to‘xtatib qo‘ygan YPX xodimiga uning boshlig‘i: “Oq yo‘l tilab, qo‘yvor”, deb topshiriq berib tursa, albatta, yo‘llarimizda bolalar o‘laveradi.

23 may kuni Toshkentga tutash hududda, "Yangi O‘zbekiston" bog‘i oldidagi yo‘lda haydovchi tezlikni 310 km/soatgacha chiqargani ko‘ringan video tarqaldi. Avtomobil rusumi Nissan GT-R R35 ekani taxmin qilinmoqda.

Jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayev Telegram-kanalida Namangandagi dahshatli YTH haqida so‘z yuritdi. Uning qayd etishicha, O‘zbekistonda avtomobil yo‘lida yurish haddan ziyod xavfli bo‘lib qolayotganiga sabab – jazo muqarrar emasligi.

“Kosonsoyda dahshatli avariya bo‘libdi: katta tezlikdagi “Jiguli” boshqaruvni yo‘qotgan va yo‘l chetidagi 7-sinf o‘quvchisini majaqlab bosib ketgan. Bola qochishga uringan, ammo “Jiguli” aynan bola qochayotgan tomonga bosib borgan. Eng dahshati shuki, “Jiguli”ning rulida ham 14 yoshli bola bo‘lgan.

Kosonsoydagi fojia videosidan kadr

To‘g‘ri, ajaldan qochib qutulib bo‘lmaydi. Lekin, bilmadim, aynan shu vaziyatda va shu kabi boshqa holatlarda bunday xulosaga ko‘nolmayman. Tinch zamonda yo‘l chetida maktabdan uyiga (yoki uyidan maktabga) tinchgina ketayotgan shu marhum bolakay o‘rnida har birimizning farzandimiz, ukamiz, jiyanimiz bo‘lishi mumkinligini o‘ylaganim sari, qonim battar qaynaydi. Tinch zamon, lekin ko‘chada yurish, yo‘lni kesib o‘tish qo‘rqinchli – xavf qayerdan kelishini bilmaysan. Zamon tinch, lekin xotirjamlik yo‘q qandaydir. Nega bunday?

Ko‘chalarimiz bo‘ylab katta tezlikda va betartib harakatlanayotgan hamda bu “qahramonligi”ni maqtanish, ko‘z-ko‘z qilish uchun o‘z qo‘li bilan ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirayotganlarning videolari kunda-kunora tarqalyapti. Bunday videolar kamaymayapti, “qahramonlik” darajasi esa oshgandan-oshmoqda: bir-ikki yil oldin soatiga 200 kilometr tezlikda yurganlarning videosini ko‘rib “vo!” degan olomon, endi soatiga 310 kilometrlik tezlikdan ham hayron qolmayapti. Eng yomoni, kimdir endi bu “rekord”ni urish payida, tez orada videoisboti ham chiqsa kerak. Azartga berilgan bu odamlarni hech narsa to‘xtata olmayapti – na jamoatchilik nazorati, na “shtraf”lar. Na uyalish, na qo‘rqish hissi bor. Nega shunday?

Haydovchi Toshkent markazidagi Amir Temir xiyoboni atrofida va Islom Karimov ko‘chasida yo‘lning qarama-qarshi tomonida harakatlangan; shaharning boshqa bir nuqtasida qizil chiroqdan o‘tib, tezlikni 180 km/soatga yetkazgan; bularni o‘zi videoga olgan va katta ehtimol bilan videoni ham internetga o‘zi tarqatgan.
Aholi yashash punktida katta tezlikda harakatlangan haydovchi ikki piyodani bosib ketishga bir baxya qoldi.

Javobni o‘zim uchun taxminan bilaman: qoidabuzarlik uchun, qilmish uchun jazo muqarrar emas. Jazo hatto oddiy E-jarima tizimi bo‘yicha ham muqarrar emas: aslida og‘irroq qoidabuzarlik yuz bergan bo‘lsa-da, tizim mas’ullari qoidabuzar haydovchiga yengilroq jazo qo‘llayotgani haqidagi xabarlarni ham kunda-kunora ko‘rish odat tusiga kirib qoldi.

O‘zbekistonda yo‘l-transport hodisalari favqulodda ko‘payayotgani yo‘q, qurbonlar soni haqida ham shunday deyish mumkin – 10-20 yil avval qanday bo‘lgan bo‘lsa, vaziyat hozir taxminan shunday. Faqat YTHlar, ularning oqibatlari haqidagi xabarlar ko‘paygan. YTHlar ham, ularning qurbonlari soni ham sezilarli ko‘paymayotgani, bu qanchalik g‘alati eshitilmasin, yaxshi, lekin muammo shundaki, ularning soni kamaymayapti.

Kamaymaydi ham. Ashaddiy qoidabuzar haydovchi tanish-bilishlari orqali nisbatan yoki mutlaqo oson qutulib ketishini bilsa, bunga ishonchi komil bo‘lsa, YPX xodimlarining kuchi Matiz mingan kirakashdan boshqasiga yetmaydigan bo‘lsa, Malibu mingan kattakonni qoidabuzarligi uchun bilmasdan to‘xtatib qo‘ygan YPX xodimiga uning boshlig‘i: “Oq yo‘l tilab, qo‘yvor”, deb topshiriq berib tursa, albatta, yo‘llarimizda bolalar o‘laveradi.

Ketma-ket ro‘y bergan ikkita "Malibu" voqealaridek rezonansli va sharmandali holatlarda ham rasmiylar jamoatchilik savollariga tayinli javob bermadi.

To‘g‘risi, Olmaliqdagi o‘sha voqea hozir esimga tushib, yana jig‘ibiyron bo‘lyapman – biror normal odam bunaqa sharmandagarchilikdan so‘ng oshkora uzr so‘rab, iste’fo berib, qochib ketgan bo‘lardi, bizda bo‘lsa shu ishga aloqador hamma hech narsa bo‘lmagandek ishlab yuribdi – qanday ham yaxshi o‘zgarish bo‘lishi mumkin bu ahvolda?

O‘ylaganing sari qo‘rqaverasan. Sen qo‘rqaverasan. Lekin hali poyga poligoni qurib bitkazilmagan chalapoygachilar hech narsadan qo‘rqmaydi. Vaholanki, ularni qo‘rqishga majbur qilish, mening nazarimda, juda oson: ayamay jarima sol, og‘irlashtiruvchi holat bo‘lsa, “prava”dan mahrum qil va mahalladan 90 ta spravka olib kelsa ham hech qanaqa yengillik berma, tanish-bilishchilikka ham o‘rin qoldirma.

To‘g‘ri, aytishga oson. Ayniqsa, tanish-bilishchilikka o‘rin qoldirmaslik haqidagi joyi. Lekin baribir nimadir qilish kerak. YPX xodimlari bilan g‘azabli suhbatlarda “yer dumaloq”ligini eslatish odati bor. Xuddi shunday – agar bugun jazo muqarrarligi ta’minlanmasa, “yer dumaloq” – ertaga jazo muqarrarligini ta’minlamaganlar yoki ularning yaqinlari ayanchli YTHlarning ishtirokchilariga aylanadi.

Ehtimol, allaqachon shunday bo‘layotgandir ham. Balki har doim shunday bo‘lgandir. Eh...” – deya yozadi Muhrim A’zamxo‘jayev.

Mavzuga oid