O‘zbekiston | 18:48 / 28.05.2022
20646
5 daqiqa o‘qiladi

“Ta’lim tizimimiz hali ham sovetcha” – Azamat Ziyoyev

“Oldin odam o‘z tarixi, dinini bilishi kerak. Nega bizda din bilan bog‘liq muammolar bor? Bu masalada ishimizni o‘nglashni istasak, ishni ta’lim-tarbiyadan boshlashimiz kerak”, – dedi Fanlar akademiyasi tarix instituti direktori Azamat Ziyoyev Senat yalpi majlisida.

Foto: Oliy Majlis Senatining axborot xizmati

Senatning bugun – 28 may kuni bo‘lib o‘tgan  yalpi majlisida yoshlarni internetda zararli axborotdan himoya qilish yuzasidan hukumatga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari muhokama qilindi.

Parlament so‘rovi yuzasidan Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Farhod Boqiyevning hisoboti tinglandi.

Shundan so‘ng, mavzu yuzasidan tarix fanlari doktori Azamat Ziyoyev fikrlarini bildirib, ta’lim tizimini milliylik ustiga qurish va o‘zbek tiliga chuqurroq e’tibor qaratish haqida gapirdi.

“Tajribamdan kelib chiqib aytaman: toki ta’lim-tarbiya tizimimizni milliylik asosida qo‘ymas ekanmiz, hech narsaga erisholmaymiz. Agentlik, vazirlik – ularning ishi umuman boshqa. 3 yoshda bola bog‘chaga boradi, 18 yoshida maktabni bitiradi. 15 yil umri maktab, bog‘chada o‘tadi. Biz shu 15 yil ichida milliy tariximiz, tilimiz, san’atimiz, musiqamiz, geografiyamizni ularga singdira olsak, marra bizniki. Biz bu ishlarni qila olmayapmiz. Endi kirishdik, buni tan olishimiz kerak. Shu ma’noda prezidentimiz Qashqadaryoda bo‘lganida Amir Temurning To‘xtamishxon bilan jangi borasida “Biz kimlarni o‘rganib yuramiz, oldin o‘zimizning tariximizni o‘rganishimiz kerak”, dedilar. Biz 9-sinfgacha o‘zimizning tariximizni o‘rgataylik bolalarga”, – dedi u.

Azamat Ziyoyevga ko‘ra, ta’lim tizimidagi standartlar hali ham sovetcha.

“Shunday odatimiz bor, bag‘rimiz keng – hammaga quchog‘imizni ochib yuboramiz. Bo‘ldi, u zamonlar o‘tdi. Shu kunlarda butun dunyo ko‘z o‘ngida turgan katta muammolardan bittasida nima oldinga chiqadi, deganda milliy ruh oldinga chiqayotganini ko‘rib turibmiz. Internet tezligini ming barobar oshiraylik, u yerdagi axborotning hammasini o‘zbekchalashtiraylik, ammo mazmun milliy bo‘lmasa, unaqa internet tezligi, chat, botning bizga nima keragi bor? O‘zimizni o‘zimiz aldamasligimiz kerak. Ayniqsa, tarix bo‘yicha yuz foiz kafolat beraman. Jahon tarixi darsligida muqaddas Rim imperiyasi deb beriladi. “Muqaddas” ular uchun, biz uchun emas. Hali ham o‘sha eskicha – Yevropa, Rossiya nuqtayi nazaridan qarash. Bizning ta’lim tizimimiz haligacha sovetcha. Sovet davrida shakllangan andozalar talablar asosida kelyapti. Buni biz aytishdan uyalmasligimiz kerak. Albatta, zamon talablari asosida Amerika, Yaponiya Yevropa tajribasini o‘rganish kerak, bu boshqa masala. Mening yoshimdagilar yaxshi eslaydi, sovet davrida o‘qiganlar bizga o‘sha paytda “O, Amerika yoshlari faqat o‘zining tarixini biladi, biz butun dunyo tarixini bilamiz”, deb maqtanardi. Hozir o‘ylasam, to‘g‘ri qilarkan o‘shalar. Hozir biz o‘z mahalla, qishlog‘imiz tarixini bilmaymiz. Oldin odam o‘z dinini bilishi kerak, nega bizda din bilan bog‘liq muammolar bor? Bilmagandan keyin ketaveradi-da. Bu masalada ishimizni o‘nglashni istasak, ta’lim-tarbiyadan boshlashimiz kerak. Bekorga prezidentimiz eng og‘ir bo‘lishiga qaramay bog‘chani yo‘lga qo‘yganlari yo‘q”, – ta’kidladi tarix instituti direktori.

Shuningdek, u xususiy ta’lim ko‘zdan qochirilayotganiga ham urg‘u berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, poytaxtdagi bog‘cha, maktablarda asosan ta’lim rus tilida.

“Agarda bu bog‘chalarga kimlarning farzandlari borayotgani, 10-15-30 yildan keyin ular bu jamiyat boshqaruvini qo‘lga olishini inobatga olsak, biz xavotirga tushishimiz kerak. To‘g‘ri, xususiy ta’lim biznes masalasi. Lekin gap tarbiya haqida ketyapti. Xususiymi, davlatmi, boshqami – ahamiyati yo‘q. Andozalarimiz, talablarimiz hammasi bir xilda bajarilishi kerak, deb hisoblayman”, – deydi tarixchi.

Mavzuga oid