O‘zbekiston | 18:26 / 01.06.2022
10764
2 daqiqa o‘qiladi

Xalqaro bolalar kunida 61 nafar bola Senatga taklif qilindi

1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan Toshkent shahri, Sirdaryo va Jizzax viloyatlaridan 61 nafar imkoniyati cheklangan, nogironligi bor va iqtidorli bolalar Senatning yangi binosiga taklif etildi. Ular bilan Senat raisi Tanzila Norboyeva uchrashdi.

Uchrashuv davomida bolalarga Senat binosida turli qonunlar muhokamasi olib borilishi va ular shu yerda ma’qullanishi, yoki rad etilishi tushuntirildi. Shu bilan birga, hozirda kutilayotgan yangiliklar to‘g‘risida ham so‘z yuritildi.

Uchrashuv davomida bolalarga Senat binosida qonunlar muhokamasi qanday olib borilishi va qabul qilinishi haqida tushunchalar berildi.


 
“Xususan, o‘qib-o‘rganishlaringiz uchun zamonaviy maktablar, jismonan chiniqishingiz uchun sport inshootlari, iste’dodingizni rivojlantirish uchun turli markazlar tashkil etilgan va boshqa ko‘plab imkoniyatlar qo‘lingizda. 

So‘nggi yillarda barchaning bepul ta’lim olishga bo‘lgan haq-huquqi ta’minlangani holda, individual ta’limga ham katta e’tibor qaratilmoqda.

Ijod hamda Prezident maktablari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. 56 ta matematika, 28 ta kimyo-biologiya, 14 ta axborot texnologiyalari fanlariga ixtisoslashtirilgan maxsus ta’lim muassasalari tashkil etildi. Sizlarning har biringiz bir olamsiz.

Har biringizning o‘zingizga xos qiziqishingiz, iste’dodingiz va qobiliyatingiz bor. Ushbu maktablar ularni ro‘yobga chiqarish, kelajakda o‘zingiz tanlagan sohani egallash, yetuk mutaxassis bo‘lishingizga mustahkam zamin hozirlaydi”, – degan Senat Raisi.

Tanzila Norboyevaning qayd etishicha, bu yil prezident tashabbusi bilan qizlar maxsus universiteti tashkil qilinadi, olimalar sonini oshirish uchun turli grant loyihalari joriy etiladi.

Tadbir so‘ngida bolalarga esdalik sovg‘alari ulashildi.

Mavzuga oid