O‘zbekiston | 10:37 / 03.06.2022
57027
3 daqiqa o‘qiladi

«Haj-2022»: O‘zbekistonlik ziyoratchilar uchun kvotalar va narxlar oshirildi

O‘zbekistonda «Haj-2022» mavsumi uchun 1 nafar ziyoratchiga to‘lov miqdori 62 million 900 ming so‘m etib belgilandi. Shuningdek, 2022 yilgi mavsumda o‘zbekistonlik ziyoratchilar uchun kvotalar miqdori 7200 kishidan 10 ming 865 nafarga oshirildi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilayotgan brifingda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita axborot xizmati rahbari Ilhom Ma’rufov ma’lum qildi.

Foto: Omer Arslan

Qayd etilishicha, narxlarning oshishiga Saudiya hukumati tomonidan haj safari narxiga ta’sir qiluvchi qo‘shimcha soliq va majburiy to‘lovlar joriy qilingani, kommunal, transport, elektr-energiya va boshqa xizmatlar uchun to‘lovlar miqdori bir necha baravar (30-40 foiz) oshgani sabab bo‘lgan.

Haj amallarini tashkil etuvchi muassasalarning xizmatlariga 2022 yilda yangi majburiy to‘lovlar joriy etilgan. Shu bois dunyo mamlakatlari uchun haj xizmatlari narxi o‘rtacha 40-45 foizga ko‘tarilgan.

Shuningdek, Saudiya Arabistoni tomoni bilan olib borilgan muzokaralardan so‘ng joriy yil O‘zbekiston fuqarolari uchun umumiy haj kvotasi 10 865 nafar etib belgilandi. 2019 yilda bu ko‘rsatkich 7 200 nafarni tashkil etgan edi.

Saudiya hukumati tomonidan bu yilgi haj ibodatini ado etish uchun xorijiy va mahalliy fuqarolarga quyidagi talablar e’lon qilingan:

  • Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj va umra vazirligi tomonidan qo‘yilgan qat’iy karantin talabiga ko‘ra, “Haj-2022” mavsumida ishtirok etish yosh chegarasi 65 yoshgacha etib belgilandi. Ushbu yosh chegarasiga 1957 yil 30 iyun kunigacha tug‘ilgan insonlar kiradi;
  • Bo‘lajak hojilar Saudiya Arabistoni Podshohligi Sog‘liqni saqlash vazirligi talabiga ko‘ra, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan tasdiqlangan Pfizer/BioNTech (AQSh-Xitoy), Oxford-AstraZeneca (Buyuk Britaniya-Shvetsiya), Moderna (AQSh) va Johnson & Johnson (AQSh) vaksinalarining to‘liq dozasini qabul qilgan bo‘lishlari shart;
  • Barcha ziyoratchilar Saudiya Arabistoni Sog‘liqni saqlash vazirligi talabiga ko‘ra, meningitga qarshi 4 valentli vaksinani qabul qilgan bo‘lishi zarur;
  • Barcha fuqarolar Saudiya Arabistoniga kirishdan 72 soat oldin koronavirus diagnostikasi haqida salbiy natijali PZR ma’lumotnomani taqdim etishlari lozim.

Shuningdek, o‘zbekistonlik ziyoratchilar shu yilning 18-30 iyun kunlari Toshkent-Madina, Buxoro-Madina, Namangan-Madina, Samarqand-Madina, Qarshi-Madina, Urganch-Madina, Nukus-Madina yo‘nalishlari bo‘yicha haj safariga kuzatiladi hamda xuddi shu yo‘nalishlar bo‘yicha 14-31 iyul kunlari qaytib keladi.

Mavzuga oid