Severodonetskda rossiyalik harbiylarning yurishi to‘xtatilmoqda
Britaniya mudofaa vazirligi Ukraina armiyasi Severodonetskda qarshi hujumga o‘tgani haqida xabar berdi.
Buyuk Britaniya mudofaa vazirligining Ukrainadagi urush bo‘yicha har kungi axborotnomasida so‘nggi haftalarda asosiy harbiy harakatlar maydoniga aylangan Severodonetskda ukrain harbiylari qarshi hujumga o‘tgani haqida xabar qilindi.
Britaniya harbiy razvedkasiga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlarining qarshi hujumi «katta ehtimol bilan, rossiyaliklarning harbiy qismlar va o‘t ochish vositalarini jamlash orqali olib borayotgan yurishi tempini pasaytirgan».
Shuningdek, Rossiya Severodonetskdagi janglarga Rossiya armiyasi harbiylari yo‘qotishlarini kamaytirish maqsadida LXRda zaxiradan chaqirilgan va yaxshi tayyorgarlik ko‘rmagan kuchlarni tashlayotgani aytilgan. Britaniya harbiylarining ma’lumotiga ko‘ra, RF bunday taktikani Suriyadagi harbiy harakatlarda ham qo‘llagandi.
4 iyun kuni kechqurun Lugansk oblasti ma’muriyati rahbari Sergey Gayday Severodonetskning 70 foiz hududini nazorat qilib turgan rossiyalik harbiylar so‘nggi ikki kundagi harbiy harakatlardan keyin chekina boshlagani, ayni vaqtda ukrain harbiylari Severodonetskning yarmini nazorat qilayotganini aytdi. Uning ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya kuchlari katta yo‘qotishlarga uchragan, sakkiz nafar rossiyalik harbiy asirga tushgan.
«Oblastda vaziyat juda og‘irligicha qolmoqda. 4 iyun kuni rossiyaliklar stvolli artilleriya va baravar o‘t ochish reaktiv tizimlari orqali Severodonetsk, Lisichansk, Ustinovka, Vrubovka va Toshkovkani o‘qqa tutishdi. Ka-52 vertolyotlari bilan Gornoye va Mirnaya Dolinaga, Su-25 samolyotlari bilan Ustinovkaga aviatsiya zarbalari berildi. Lisichanskka «Tochka-U» raketa zarbalari yo‘llandi», deya yozgan u telegram-kanalida.
Shahar ma’muriyati ukrain harbiylari shahar nazoratini to‘liq qaytarib olishga urinayotganini ma’lum qilgan. RF mudofaa vazirligi esa Ukraina qurolli kuchlari bo‘linmalari «og‘ir yo‘qotishlarga uchragani» va shahardan chekinayotgani haqida xabar bergan.
- Severodonetsk 2014 yilda Lugansk shahri o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi nazoratiga o‘tgach, Lugansk oblastining Ukraina nazoratida qolgan qismi markaziga aylangandi. Shahar — urush davomida shimoliy qismi rossiyaparast kuchlar tomonidan egallab olingan aglomeratsiyaning bir qismi. Severodonetsk bilan aglomeratsiya tashkil etgan, Shimoliy Donning ikkinchi sohilida joylashgan Lisichansk shahri ukrain harbiylari nazoratida qolmoqda.
Mavzuga oid
23:14 / 11.07.2022
«Frontda operativ tanaffus». Buyog‘iga nima bo‘ladi?
22:14 / 28.06.2022
Ukraina Donbass uchun jangda ilk jiddiy mag‘lubiyatga uchradi. Rossiya muvaffaqiyatini mustahkamlay oladimi?
08:17 / 26.06.2022
Rossiya harbiylari Severodonetskni egalladi, ukrain harbiylari Lisichanskdan ham chiqishi mumkin
15:23 / 24.06.2022