O‘zbekiston | 18:21 / 16.06.2022
30434
2 daqiqa o‘qiladi

Agrar universitet sobiq rektori qamoqda ekani ma’lum bo‘ldi

2013-2020 yillarda Toshkent davlat agrar universiteti rektori lavozimida ishlagan, 2021 yil yanvargacha qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari bo‘lgan Botirjon Sulaymonov ayni paytda qamoqda va uning ustidan mahkama ketmoqda. Bu haqda bugun, 16 iyun kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida oliy ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov Kun.uz muxbiri savoliga javoban ma’lum qildi.

“Agrar universiteti Qishloq xo‘jaligi vazirligi tasarrufida. Bu universitetga hozir qishloq xo‘jaligi vaziri (Jamshid Xo‘jayev – tahr.) rektor sifatida faoliyat ko‘rsatyapti.

U yerda juda katta attestatsiya o‘tkazildi. Juda ko‘p o‘qituvchilar ishdan bo‘shatildi. Botir Sulaymonov ishiga kelsak, tergov jarayoni ketayotgani uchun men bir narsa ayta olmayman. Eng muhimi, ehtiyot chorasi sifatida qamoq qo‘llanilgan. Hozir dastlabki tergov jarayoni ketyapti. Balki moliyaviy xatoliklar bo‘lgandir, balki qabul bilan bog‘liq holatlar bo‘lishi mumkin.

Ba’zi oliy ta’lim muassasalarini tekshirganimizda shunaqa xatoliklar chiqyaptiki, super kontraktda o‘qishi kerak bo‘lgan bola oddiy kontrakt bilan o‘qishi holatlari kuzatilmoqda. Menda rektor bilan ham shunga o‘xshash holat sababli tekshiruv boshlandi, degan qarash bor. Ammo tergov tugaguncha biror narsa ayta olmaymiz. Xatoliklar bo‘lmaganda rektorga nisbatan bunaqa katta ish ochilmasdi”, – dedi vazir.

Botirjon Sulaymonov / Foto: Toshkent davlat agrar universiteti rektori

Kun.uz manbasiga ko‘ra, Toshkent davlat agrar universitetining sobiq rektori Botirjon Sulaymonov 2021 yil oktyabr oyida tergov harakatlari doirasida qamoqqa olingan, ayni paytda sud jarayonlari davom etmoqda.

Shuningdek, universitetning boshqa ayrim mas’ullari ham ish doirasida sudga jalb qilingan.

Ma’lumot uchun, akademik Botirjon Sulaymonov 2021 yil yanvarida qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari – Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat ta’minoti ilmiy-ishlab chiqarish markazi bosh direktori lavozimidan ozod etilgandi.

Mavzuga oid