Jahon | 13:29 / 17.06.2022
9352
3 daqiqa o‘qiladi

Yer yuzida 36,5 million qochqin bola bor - YUNISEF 

2021 yil oxirida YUNISEF 36,5 million qochqin bola borligini aniqladi. BMT bolalar jamg‘armasi rahbari rasmiylar voyaga yetmagan qochqinlarning ta’lim olishi va himoyalanishini ta’minlashi zarurligini ta’kidladi.

Foto: UNICEF

To‘qnashuvlar, zo‘ravonliklar va boshqa inqirozlar natijasida qochqinga aylangan bolalar soni Ikkinchi jahon urushi tugaganidan beri eng yuqori cho‘qqiga chiqdi. 17 iyun, juma kuni BMT bolalar jamg‘armasi (YUNISEF) tomonidan e’lon qilingan ma’lumotga ko‘ra, 2021 yil oxirida ularning soni 36,5 million kishini tashkil qilgan. 2020 yilga nisbatan bu ko‘rsatkich 2,2 millionga oshgan. 

Gap xorijda boshpana izlayotgan 13,7 million nafar voyaga yetmagan qochqinlar, shuningdek, qurolli mojarolar tufayli o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan va o‘z mamlakatlari hududida bo‘lgan qariyb 22,8 million kishi haqida bormoqda. Shu bilan birga, YUNISEF ekspertlari tabiiy ofatlar va Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi natijasida qochqinga aylangan bolalarni hisobga olmagan. Jamg‘arma ushbu urush 2 milliondan ortiq bolani mamlakatni tark etishga majbur qilganini va yana 3 million bola davlat ichida boshqa joyga ko‘chirilganini ta’kidladi. 

«Biz faktlarni e’tiborsiz qoldira olmaymiz: mojarolar va inqirozlar tufayli uy-joyini tashlab ketgan bolalar soni tez sur’atlar bilan o‘sib bormoqda - shuning uchun ularga yordam berish bizning mas’uliyatimizdir», dedi YUNISEF ijrochi direktori Ketrin Rassel. U «tashvish beruvchi raqam» hukumatlarni bunday holatlarning oldini olishga undashi, shu bilan birga, qochqin bolalarning ta’lim, himoya va « ularning farovonligi, rivojlanishini qo‘llab-quvvatlovchi boshqa muhim xizmatlardan» foydalanishini ta’minlashiga umid bildirdi. 

Jamg‘armaning ta’kidlashicha, so‘nggi 10 yil ichida butun dunyo bo‘ylab qochqinlar soni ikki baravar ko‘paydi, bunda bolalar umumiy sonning qariyb yarmini tashkil etadi. Ushbu toifadagi bolalarning uchdan bir qismidan ortig‘i (36 foiz yoki 3,9 million) Afrikaning Sahroyi Kabirdan janubi-g‘arbiy qismida, chorak qismi (25 foiz yoki 2,6 million) Yevropa va Markaziy Osiyoda, yana 1,4 million kishi yoki 13 foizi O‘rta Sharq hamda Afrika qit’asining shimoliy qismidagi mamlakatlarda istiqomat qiladi. 

YUNISEF ishtirokchi-davlatlar rasmiylarini barcha qochqin bolalar huquqlari bo‘yicha o‘z majburiyatlarini, shu jumladan qochqinlar bo‘yicha global shartnoma va migratsiya bo‘yicha global shartnoma doirasidagi majburiyatlarini bajarishga chaqirdi. Jamg‘arma ta’kidlashicha, aynan bolalar odam savdosi bilan bog‘liq tasdiqlangan holatlarda qurbonlarning qariyb 34 foizini tashkil qiladi. 

Mavzuga oid