O‘zbekiston | 08:07 / 21.06.2022
8612
3 daqiqa o‘qiladi

Dzyudo va qo‘l jangini rivojlantirish bo‘yicha prezident qarorlari qabul qilindi

Dzyudo hamda qo‘l jangi sport turlarini yanada rivojlantirish bo‘yicha prezident qarorlari qabul qilindi.

Foto: Kun.uz

“Huquqiy axborot” kanali xabariga ko‘ra, 2023 yil 1 yanvardan an’anaviy tarzda dzyudo sport turi bo‘yicha O‘zbekistonda quyidagi musobaqalar o‘tkaziladi:

  • kattalar o‘rtasida “Katta dubulg‘a” xalqaro turniri;
  • Osiyo chempionati g‘olibi va Xalqaro toifadagi O‘zbekiston sport ustasi Uchqun Murodov xotirasiga bag‘ishlangan 18 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar va qizlar o‘rtasida xalqaro turnir;
  • maktab o‘quvchilari o‘rtasida “Xalq ta’limi vaziri kubogi”;
  • o‘rta maxsus, professional va oliy ta’lim muassasalari o‘quvchi-talabalari o‘rtasida “Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri kubogi”;
  • Qurolli Kuchlar tizimida “Mudofaa vaziri kubogi”;
  • 2024–2025 yillarda harbiylar o‘rtasida Jahon chempionati.

2023 yil 1 yanvardan Sportni rivojlantirish vazirligi tizimiga kiruvchi Denov hamda Urganch dzyudo sport mahorati maktablari (dzyudo maktablari) davlat sport-ta’limi muassasasi sifatida tashkil etiladi.

Dzyudo maktablariga o‘qishga 5-sinfdan qabul qilinadi hamda ta’lim olish muddati 7 yil etib belgilanadi.

2023 yil 1 yanvardan:

  • umumiy o‘rta ta’lim maktablarida dzyudo sport turini rivojlantirish bo‘yicha “Bolalar uchun dzyudo” dasturi;
  • maktabgacha ta’lim tashkilotlarida “Maktabgacha dzyudo” loyihasi joriy qilinadi.

2023 yildan dzyudoni o‘quvchilar o‘rtasida ommalashtirish bo‘yicha tanlangan maktablarni o‘quv qo‘llanma, tatami, aksessuar va boshqa zarur anjomlar bilan ta’minlash uchun har yili 5 milliard so‘mgacha mablag‘ yo‘naltiriladi.

“Bolalar uchun dzyudo” dasturi doirasida qurib foydalanishga topshirilgan dzyudo zallarida O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi huzuridagi Dzyudo sport klubining filiallari tashkil etiladi.

O‘zbekiston Milliy universitetida 2022/2023 o‘quv yilidan “Dzyudo va sport faoliyati” bakalavriat ta’lim yo‘nalishi ochiladi. Sportni rivojlantirish vazirligi tizimida O‘zbekiston dzyudo akademiyasi tashkil etiladi.

2023 yildan an’anaviy tarzda qo‘l jangi sport turi bo‘yicha:

  • har yili Toshkent shahrida 14 yanvar ‒ Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan Qurolli Kuchlar chempionati hamda o‘z xizmat vazifasini bajarish chog‘ida qahramonlik va jasorat ko‘rsatib, halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va xodimlar xotirasiga bag‘ishlangan Xotira turniri tashkil etiladi;
  • har yili Namangan shahrida professional sportchilar o‘rtasida “O‘zbekiston prezidenti kubogi” xalqaro turniri o‘tkaziladi;
  • har ikki yilda bir marotaba Qarshi, Samarqand va Buxoro shaharlarida yoshlar o‘rtasida “Amir Temur kubogi” xalqaro turniri o‘tkaziladi.

Mavzuga oid