Jamiyat | 09:17 / 26.06.2022
4570
3 daqiqa o‘qiladi

Xorazmda «Kitobxonlik festivali» g‘oliblari aniqlandi

Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika bolalar kutubxonasi tomonidan yoshlar o‘rtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish maqsadida respublika bo‘ylab «Kitobxonlik festivali» o‘tkazildi.

Foto: Xorazm viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi

Xorazm viloyatida o‘tkazilgan festivalda Respublika bolalar kutubxonasi hamda viloyat Bolalar kutubxonalari mas’ullari, Xalq ta’limi boshqarmasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Xorazm viloyati boshqarmasi, qator hamkor tashkilotlar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari va 500 nafardan oshiq kitobsevar o‘quvchilar ishtirok etdilar.

Tadbir doirasida kitoblar yarmarkasi, ma’naviy-ma’rifiy kecha, teatr tomoshalari tashkil etildi. Shuningdek, tanlov va tadbirlarda faol qatnashgan ishtirokchilar Xorazm viloyati xalq ta’lim boshqarmasi va Respublika bolalar kutubxonasi tomonidan munosib taqdirlandilar.

«Eng yaxshi kitobxon o‘quvchi» ko‘rik-tanlovida Xiva tumani, 1-son maktabining 7-sinf o‘quvchisi Matnazarova Asaloy g‘alaba qozondi. 

«Men sevgan adabiy qahramon» insholar tanlovida Urganch shahri, 29-son maktabi 9-sinf o‘quvchisi Otaboyeva Gavharjon g‘olib bo‘ldi.

Foto: Xorazm viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi

Viloyat bolalar kutubxonasi tomonidan oromgoh tarbiyalanuvchilarining yozgi ta’til kunlarini mazmunli va maroqli o‘tkazish maqsadida «Kun g‘olibi» savol-javob viktorinasi o‘tkazildi. Unda Shovot tumani, 18-son maktabining  10-sinf o‘quvchisi Ro‘zimboyeva Mashhura g‘olib bo‘ldi.

«Men eshitgan ertaklar» Respublika onlayn tanlovida Shovot tumani, 15- son maktabining 6-sinf o‘quvchisi Komilova Gulnora g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

Mahallalarda kitob mutolaasiga bo‘lgan qiziqish va e’tiborni yanada oshirish maqsadida o‘tkazilgan «Eng faol kitobxon mahalla raisi» onlayn tanlovida Urganch shahridagi «Hamjihatlik» fuqarolar yig‘ini raisi Rajapov Erkin g‘olib deb topildi. 

«Yilning eng yaxshi maktab kutubxonachisi» tanlovida 1-o‘rinni Gurlan tumani, 30-son maktabining kutubxonachisi Xudoyberganova Surayyo qo‘lga kiritdi.

«Dillarda Vatan madhi» videorliklar tanlovida Shovot tumani, 28-son maktabining 2-sinf o‘quvchisi Sa’dullayeva Umida, «Men sevib o‘qigan kitob» tanlovida Gurlan tumani, 4-son maktabining 5-sinf o‘quvchisi Azatova Aziza, «Ogahiy she’riyati shaydosiman» tanlovida Xiva shahri, 17-son maktabining 9-sinf o‘quvchisi Omongaldiyev Nuriddin g‘olib bo‘ldi.

Foto: Xorazm viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi

«Ta’tilda - kitob bilan» shiori ostida «Kitobxonlar ligasi» respublika ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida 1-o‘rinni Gurlan tumanining «Believer» jamoasi qo‘lga kiritdi. G‘olib jamoa tanlovning respublika bosqichida ishtirok etadi.

Mavzuga oid