Jamiyat | 18:20 / 26.06.2022
14086
2 daqiqa o‘qiladi

Yangiyo‘lda yuk mashinasi va avtobus to‘qnashdi. Bir yo‘lovchi halok bo‘lgan

Yangiyo‘lda yuk mashinasi avtobusga borib urilishi oqibatida bir ayol halok bo‘ldi, yana bir yigit jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.

Foto: Toshkent viloyati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi

Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida 26 iyun kuni yuk avtomashinasi va avtobus ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Bu haqda viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xabar qildi.

Holat shu kuni soat 07:00 larda M-39 Toshkent—Termiz yo‘lining 825-chaqirimida sodir bo‘lgan. Haydovchi A.S. (1997 yilda tug‘ilgan) Isuzu yuk avtomashinasini Chinoz—Toshkent yo‘nalishida boshqarib ketayotib, o‘ziga nisbatan bir yo‘nalishda oldinda harakatlanib ketayotgan haydovchi A.Ch. (1963 yilda tug‘ilgan) boshqaruvidagi Isuzu avtobusining orqa qismiga borib urilgan.

YTH oqibatida avtobusi yo‘lovchisi bo‘lgan ayol F.O. (1997 yilda tug‘ilgan) olgan tan jarohati bilan voqea joyida vafot etgan. Shuningdek, yuk avtoulovi yo‘lovchisi B.S. (2000 yilda tug‘ilgan) tan jarohati bilan jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.

Avtobusdagi boshqa yo‘lovchilarga ham birinchi yordam ko‘rsatilgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, YTHga Isuzu yuk mashinasi haydovchisining uxlab qolishi sabab bo‘lgan. Hozirda holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid