O‘zbekiston | 11:03 / 05.07.2022
19572
2 daqiqa o‘qiladi

Sardor Umrzoqov “Tolibon” delegatsiyasini qabul qildi

Bosh vazir o‘rinbosari Sardor Umrzoqov Afg‘oniston sanoat va savdo vaziri vazifasini bajaruvchi Nuriddin Aziziy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi

Joriy yilning 4 iyul kuni Bosh vazir o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov Afg‘oniston sanoat va savdo vaziri vazifasini bajaruvchi Nuriddin Aziziy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, uchrashuv chog‘ida investitsiyalar, savdo, transport va logistika sohasidagi o‘zbek-afg‘on hamkorligi kun tartibidagi masalalar yuzasidan fikr almashilgan. Ikki tomonlama savdo aylanmasini ko‘paytirish va ikki mamlakat hududlari orqali yuk tashish hajmini oshirish bo‘yicha birgalikda takliflarni tayyorlashga kelishib olingan. Shuningdek, o‘zaro manfaatli sheriklik salohiyatini o‘rganish maqsadida o‘zbek va afg‘on ishbilarmon doiralari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatish bo‘yicha birgalikda ish olib borishning istiqbollari qayd etilgan.

“Muloqot doirasida uchrashuv ishtirokchilari “Termiz – Mozori-Sharif – Kobul – Peshavor” trans-afg‘on temiryo‘lini qurish loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlarini ko‘rib chiqdilar. Joriy yil iyul oyining ikkinchi yarmida temiryo‘l yo‘nalishi bo‘ylab dala tadqiqotlarini tashkil etishning amaliy jihatlari muhokama qilindi. O‘zbekiston tomoni afg‘on xalqiga gumanitar yordam ko‘rsatishni davom ettirish va Afg‘oniston bilan ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirishga tayyorligini bildirdi”, deyiladi vazirlik xabarida.

Mavzuga oid