O‘zbekiston | 18:43 / 06.07.2022
56073
3 daqiqa o‘qiladi

Buxoroda ham chaqaloq qiynoqqa solinib massaj qilingani videosi tarqaldi

Videodagi holat xususiy klinikada sodir bo‘lgani aytilmoqda.

Qariyb 4 daqiqalik “massaj sessiyasi”da tibbiyot xodimi kiyimidagi noma’lum erkak kichik yoshdagi bolani turli usullar bilan massaj qilgani, go‘dak jismoniy og‘riqlarga dosh berolmay yig‘lagani ko‘rinadi.

Erkak tomonidan qo‘llanayotgan usullar xavfli ekani, tinimsiz yig‘layotgan bolaning asab tizimi shikastlanishi mumkinligi ro‘yirost ko‘rinib turgan bo‘lsa-da, video muallifi (ovoziga qaraganda ayol kishi) bamaylixotir tasvirga olishda davom etgan.

Kadr ortidagi ovozlardan xonada yana bir yoki ikki nafar ayol (yoki qiz) ham bo‘lganini eshitish mumkin.

Kuni kecha Toshkentda ham tibbiyot talablariga mutlaqo mos bo‘lmagan xuddi shunday uqalash muolajasi amalga oshirilayotgani aks etgan videolavha internetda tarqalgan edi. Sog‘liqni saqlash vazirligi massajchining tegishli na ruxsatnomasi, na sertifikati, na fizioterapiya yo‘nalishidagi diplom va na malaka toifasi yo‘qligini ma’lum qilgandi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi yuqoridagi holatga huquqiy baho berish uchun huquq-tartibot idoralariga murojaat qilinganini ma’lum qilgan. Biroq shundan keyin huquq organlaridan hozircha izoh bo‘lmadi.

Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi mutaxassislari internetda tarqalgan videodagi massajchining xatti-harakatlarini qoralashgandi. Uqalash muolajasi chog‘ida kichik yoshli bemorda qo‘rquv bo‘lmasligi, videoda aks etgan holatda esa bola yonida yaqini o‘tirganiga qaramay, tinimsiz yig‘lab, bezovta bo‘layotgani, bu uning nafaqat jismoniy salomatligi, balki ruhiyatiga ham juda yomon ta’sir ko‘rsatishi, bunday shafqatsiz massajdan so‘ng paylar jarohatlanishi va hatto suyaklar sinishi kuzatilishi mumkinligini ta’kidlashgandi.

Sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayev ham holatga munosabat bildirib, ota-onalardan bunday shaxslarga farzandlarining taqdiri va salomatligini ishonib topshirmaslikni so‘ragan.

“Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “uqalash muolajasi” bilan bog‘liq videolavha barchamizda e’tiroz va nafrat uyg‘otdi. Chunki ushbu xatti-harakatlar nafaqat tibbiyot, balki insoniylik tuyg‘ulariga ham yotdir.

Vazirlikning bu kabi holatlarga nisbatan pozitsiyasi aniq va qat’iy: biz inson hayoti va salomatligiga xavf soladigan, qadr-qimmati va sha’nini toptovchi har qanday xatti-harakatga murosasiz munosabatdamiz.

[...] Ishonamizki, tez orada ushbu holat o‘z huquqiy bahosini oladi”, degandi vazir.

Musayev ota-onalardan tegishli litsenziya, ruxsatnoma va malakaga ega bo‘lmagan kimsalarga farzandlarining taqdiri va salomatligini ishonib topshirmaslikni, agar bunday noqonuniy xatti-harakatlarga duch kelsa, darhol vazirlikning 71-241-10-67 yoki 71-241-82-40 telefon raqamlariga xabar berishlarini iltimos qilgan.

Mavzuga oid