Jamiyat | 12:20 / 11.07.2022
15991
3 daqiqa o‘qiladi

“Otdan yiqilib 45 kun bir joyda yotdim” – farg‘onalik otboqar

Shuhrat Ahmadaliyev Farg‘ona viloyatining Marg‘ilon shahrida yashaydi. U bolalikdan otlarga mehr qo‘ygan. “Olimbek hoji” fermer xo‘jaligida 20 yildan beri otboqarlik qiladi.

“Fermer xo‘jaligida 100 bosh naslli otlar parvarish qilinadi. Arab, Qorabayir, Turkman otlarini yildan yilga ko‘paytirib kelyapmiz. Yugurishda axaltekin turkman otlarining oldiga tushadigani yo‘q. Chidamlilik borasida o‘zimizning Qorabayir otlari yaxshi. Arab otlarining bo‘yi balandroq va issiqqa chidamli bo‘ladi.

Har kuni ertalab otlarni yaylovga olib kelib to qosh qoraygunicha boqamiz. Qishga esa zaxira sifatida o‘t bosamiz. Qish faslida otlarga maxsus xonalarda yem beriladi. Sport maktablari bilan shartnomalar qilganmiz. Yosh sportchilar otlarimizni minib, mashq qilishadi. Uloq o‘yinlarida ham yilqilar sovrin olib kelgan”, – deydi u.

“Ot mingan odam dardga chalinmaydi”

“Otlarimizning yana bir o‘ziga xos qiziq jihati — erkak ot podani o‘zi olib chiqadi. Boshqa ekinlarga kirib ketishmaydi. Aynan o‘sha erkak ot atrofda aylanib yurib o‘zi boqib yuradi podani. Birorta biya daydib qolgudek bo‘lsa yo‘ldan qaytarib podaga qo‘shadi. Begona odam yoki biror hayvon yilqilarga oralasa, podaga bosh bo‘lgan ot uni quvlab chiqarib yuboradi.  

Otlarimizning hammasi bizlar uchun bebaho. 10 ming dollardan 1 mln dollargacha narxlardagi otlar bor. Ot boqishdan maqsad ularni ko‘paytirishdan iborat.

Ot mingan odam kasal bo‘lmaydi. Ot odamni yoshartiradi. Jonivorning inson tanasidagi dardni o‘ziga tortib oladigan xususiyati bor. Ot egasiga vafodor. Kasal bo‘lib yotib qoladigan bo‘lsangiz u sizga xamroh bo‘ladi. Otdan yiqilib tushgan paytda jonivor ketib qolmay yoningizda turadi.

Otlar ko‘zi bilan gaplashadi. Ko‘zi bilan ko‘p narsani sezib oladi. Yoniga yaqinlashayotgan odamning ko‘ziga qarab turib uning asl maqsadini bilib olish xususiyatiga ega. Agar otga ayol kishi minadigan bo‘lsa u buni his qiladi va asta-sekinlik bilan harakatlanadi. Yosh bolalar minsa ham xuddi shunday.

 

Ot ustidan ko‘p marta yiqilganman. Oyoq-qo‘llarim ko‘p marta singan. Ishqibozligimiz sabab ot boqishdan qaytmayman. Oxirgi marta yiqilganimda 45 kun bir joyga yotganman”, – deydi u.

Sarvar Ziyayev, Kun.uz muxbiri,
Montaj ustasi: Jahongir Aliboyev

Mavzuga oid