O‘zbekiston | 13:48 / 11.07.2022
91719
11 daqiqa o‘qiladi

«Yupatuvchi mansab»: hokimiyatdan chetlatilib, Kasaba uyushmasidan panoh topganlar

Foto: Kun.uz

Prezident Administratsiyasiga rahbarlik qilib kelgan Zaynilobiddin Nizomiddinov hayit arafasida lavozimidan ozod etilib, O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi raisining birinchi, sanoqda esa to‘qqizinchi o‘rinbosari etib tayinlandi. Bungacha ham hukumatdagi yuqori martabali ko‘plab amaldorlar kursisini tark etgach, ma’lum muddat kasaba uyushmalaridan panoh topishgandi.

1 yil vazirlik qilgan shifokor

Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlayotganida Zangiotadagi maxsus shifoxona xodimlarini qattiq tanqid qilganiga oid audio tarqalib ketgach, davlat rahbari nazariga tushgan va 2020 yil noyabrida sog‘liqni saqlash vaziri etib tayinlangan Abduhakim Hojiboyevning mazkur lavozimdagi faoliyati 1 yil davom etdi xolos.

Abduhakim Hojiboyev. Foto: Xabar.uz

U 2021 yilning noyabrida ishdan olindi va so‘nggi besh yil sog‘liqni saqlash tizimidan iste’foga chiqarilgan to‘rtinchi vazirga aylandi. Bungacha 2016 yil dekabrida Anvar Alimov, 2017 yil fevralida Adham Ikromov, 2020 yil noyabrida Alisher Shodmonov vazir kursisidan chetlatilgandi.

Abduhakim Hojiboyev ishdan olingach O‘zbekiston kasaba uyushmalari rahbariga o‘rinbosar etib saylandi. Tibbiyot fanlari doktori, professor ilmiy unvoniga ega bo‘lgan Hojiboyevni hamkasblari malakali mutaxassis, yaxshi shifokor sifatida bilishadi. Biroq yaxshi shifokordan har doim ham yaxshi vazir chiqavermas ekan. Garchi prezident Mirziyoyev uni «sinalgan, zamonaviy va talabchan, eng muhimi, kim qandayligini biladi» deya maqtagan bo‘lsa-da, u tizimdagi muammolarni hal qila olmadi.

Rustam Xolmatov. Foto: Kun.uz

Toshkent viloyati hokimligidan «profsoyuz» raisligiga

2019 yil 4 iyundan Toshkent viloyati hokimi sifatida faoliyat yuritib kelgan Rustam Xolmatov 2021 yil noyabrida kutilmaganda ishdan olingandi. 2016 yildan 2019 yilgacha, uch yil ichida 4 nafar hokim – Sodiq Abdullayev, Islomjon Ergashxo‘jayev, Shukrullo Boboyev va G‘ulomjon Ibragimov ushbu lavozimda ishlagan bo‘lsa, Rustam Xolmatov Mirziyoyev davrida [hozircha] Toshkent viloyati hokimi kursisida eng uzoq vaqt (1 yil 7 oy-u 25 kun) qolgan shaxs hisoblanadi. Uning o‘rnini egallagan Davron Hidoyatov 9 oy 19 kun hokimlik qila oldi, xolos.

Aslida Toshkent viloyati mustaqil O‘zbekiston tarixidagi hokimlari eng ko‘p o‘zgargan viloyat hisoblanadi. Viloyat va tuman ijroiya qo‘mitalari raisi lavozimi tugatilib, hokim lavozimi joriy etilgan 1992 yil 4 yanvardan hozirgacha Toshkent viloyatida 15 marta hokim o‘zgargan. Rustam Xolmatov ushbu ro‘yxatdagi 13-hokim bo‘ldi. Darvoqe, Xolmatov aynan bir viloyatda tanaffus bilan ikki marta hokimlik qilgan kam sonli siyosatchilardan biridir.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev viloyatga tashriflaridan birida boshqa hududlarda hokimlar o‘n yillab ishlayotgan bir paytda aholisi deyarli 3 million kishi bo‘lgan Toshkent viloyatiga yaxshi rahbar topilmayotganini aytgan, shuningdek, Xolmatovning ishdan ketish tarixini ochiqlagandi.

«Rustam Xolmatovning o‘zi ishdan bo‘shash to‘g‘risida ariza yozdi, men uni o‘sha payt ishdan bo‘shatish niyatim yo‘q edi. Uning o‘zi bugungi kun talabini tushunib shu qarorga keldi, men ham unga yarasha ish berdim», dedi prezident.

Iste’fodan so‘ng 60 yoshli Rustam Xolmatov Agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashi raisi lavozimiga saylangan bo‘lib, bugungi kunda ham ushbu lavozimda ishlab kelmoqda.

Musa Anorboyev. Foto: Jizzax viloyati hokimligi

Qayta ishonch qozona olgan mulozim

2018 yildan Baxmal tumaniga hokimlik qilib kelayotgan Musa Anorboyev ham 2012–2015-yillarda Rustam Xolmatov ayni paytda egallab turgan lavozimda faoliyat yuritgan. U birinchi prezident Islom Karimov davrida – 2007–2009-yillari Jizzax viloyati xokimi vazifasini bajaruvchi bo‘lgan, biroq lavozimidagi «v.b» qo‘shimchasidan qutilib ulgurmay ishdan olingan.

Dastlab uch yil «O‘zagromashservis» uyushmasi «Agrotexta’mir» birlashmasi raisi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan Anorboyev 2012 yili O‘zbekiston Agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi Markaziy kengashi raisi etib saylangandi. Bu yerda 2017 yilgacha qolib ketgan mulozim Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelishi ortidan yana hokimlikka qaytdi.

Rustam Qosimov. Foto: Tvitter

Bosh vazir o‘rinbosarligidan «qulagan» arbob

O‘zbekiston hukumatidagi yuqori kursilarni egallab kelgan Rustam Qosimov (2021 yil mayida vafot etgan) 2011 yili Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektorligidan pensiyaga chiqarilgandi. Mamlakat oliy ta’limidagi inqiroz bevosita u hukumatda ta’lim sohasiga kurator bo‘lgani payti boshlangani, u «ishda yo‘l qo‘ygan kamchiliklari» uchun Karimovning qahriga yo‘liqqani haqida gap-so‘zlar bor.

Shavkat Mirziyoyev muvaqqat prezident etib tayinlangach, Qosimov yana Bosh vazir o‘rinbosari, oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri etib tayinlanadi. 2017 yildan to o‘limiga qadar davlat rahbariga turli masalalar bo‘yicha maslahatchilik qildi, bir vaqtning o‘zida avval prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, so‘ngra Xalqaro islom akademiyasining rektori sifatida ham faoliyat yuritdi.

Garchi rasmiy tarjimai holida tilga olinmasa-da, ushbu shaxs maqolaning boshqa qahramonlari singari kasaba uyushmalari tizimida ishlagan. Rustam Qosimovning o‘limi munosabati bilan bildirilgan rasmiy ta’ziyanomada uning O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasining boshqaruv tizimida turli lavozimlarda ishlab, jamiyatda fuqarolik institutlarining o‘rni va nufuzini oshirish borasida jonbozlik ko‘rsatgani ta’kidlanadi.

Gap shundaki, u Bosh vazir o‘rinbosari vazifasidan bo‘shatilganidan so‘ng ma’lum muddat ishsiz yurgan. Keyinroq Ta’lim, fan va madaniyat sohasi kasaba uyushmasi Markaziy kengashida rais o‘rinbosari lavozimida (2016 yil 13 sentabriga qadar) ishlagan.

Ergash Shoismatov. Foto: Avesta.tj

Kasaba uyushmasida ikki marta «jon saqlagan» mansabdor

«O‘zbekenergo» va «O‘ztransgaz» kompaniyalari rahbari, bosh vazir o‘rinbosari, ayni damda O‘zbekistonning Tojikistondagi elchisi bo‘lib turgan Ergash Shoismatov ham bu yerda ma’lum muddat «jon saqlagan»lardan biri.

2014–2016-yillarda Energetika xodimlari kasaba uyushmalari respublika kengashiga raislik qilgan ushbu shaxs 2016 yil dekabrida «O‘ztransgaz» kompaniyasi boshqaruvi raisligiga tayinlangandi. Biroq u yerda bir yil ham ishlamay 2017 yil avgustida ishdan olinadi.

Iste’fodan so‘ng u yana avvalgi joyiga – Energetika xodimlari kasaba uyushmalari Respublika kengashi rahbarligiga qaytadi. 2018 yil fevralida u Tojikistonga elchi etib tayinlanadi.

Shundan buyon katta davralarda ko‘zga tashlanmay qolgan Shoismatov 2021 yili prezident farmoniga muvofiq «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlangandi.

Farhod Omonov. Foto: Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati

“Karimovning qahriga uchrab mansabidan quvilgan amaldor”

“O‘zpaxtasanoat” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi o‘rinbosari, keyinchalik raisi sifatida faoliyat yuritgan Farhod Omonov mamlakatning birinchi rahbari Islom Karimov qahriga uchrab, kursisidan ayrilgandi. U ham norasmiy siyosiy an’anaga ko‘ra kasaba uyushmasi tizimiga ishga o‘tgan, O‘zbekistonda hokimiyat almashuvi ro‘y bergandan keyin yana siyosiy sahnaga qaytganlardan biri.

Farhod Omonov 2022 yilning fevralida Oqqo‘rg‘on tumani hokimi vazifasidan ozod etilib, Toshkent viloyatining Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari – viloyat hokimining keksalar va faxriylar ishlari bo‘yicha maslahatchisi etib tayinlangan.

Zaynilobiddin Nizomiddinov. Foto: Kun.uz

Kasaba uyushmasiga jo‘natilganlarning eng yirigi

2018 yilning avgustidan buyon Prezident administratsiyasiga rahbarlik qilib kelgan Zaynilobiddin Nizomiddinov 8 iyul kuni Shavkat Mirziyoyev farmoniga muvofiq lavozimidan ozod etildi. Prezident matbuot xizmati tomonidan tarqatilgan xabarda iste’foga mulozimning salomatligidagi muammo sabab bo‘lgani aytiladi.

Amaldagi davlat rahbarining eng ishongan kadrlaridan biri sifatida ko‘rilgan Nizomiddinov Shavkat Mirziyoyevga u bosh vazirligida yordamchilik qilgan va O‘zbekiston bosh vaziri kotibiyati mudiri lavozimida ishlagan.

Kun.uz’ning hokimiyatga yaqin manbasiga ko‘ra, Nizomiddinovni sog‘lig‘idagi muammolar anchadan beri bezovta qilib kelgan. U o‘tgan yili prezident saylovi vaqtida operatsiya bo‘lgani, davlat rahbarining hududlarga tashrifi chog‘ida tobi qochib qolgan paytlar bo‘lgani aytiladi.

Ayrimlar uning iste’fosi ortida siyosiy sabab borligini ham taxmin qilmoqda. Jumladan, jurnalist Aleksey Volochevich kadrlar masalasida mamlakatdagi eng qudratli mansabdorlardan biri bo‘lgan Nizomiddinovning chetlatilishi Qoraqalpog‘istonda ro‘y bergan voqealarga daxldor ekanini taxmin qilgan.

Nima bo‘lgan taqdirda ham Zaynilobiddin Nizomiddinov endi ancha tinch joydan qo‘nim topdi. O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi raisi birinchi o‘rinbosari kursisida undan avvalgiday jiddu jahd chekish talab etilmaydi.

Kasaba uyushmalari haqida ikki og‘iz

O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi huquqiy maqomiga ko‘ra nodavlat tashkilot bo‘lib, a’zolari soni bo‘yicha mamlakatdagi eng yirik tashkilot hisoblanadi. Kasaba uyushmasining maqsadi xodimlarning mehnatga oid ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlarini ifodalash hamda himoya qilishdan iborat.

O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi Kengashining tarkibida o‘ndan ortiq tarmoq kasaba uyushmalari va hududiy kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmalari mavjud.

Ko‘pincha davlat xizmatidan chetlatilgan amaldorlar kelgusidagi taqdirini, ya’ni «amnistiya»ga tushish-tushmasligini kutib aynan kasaba uyushmasida vaqt o‘tkazishadi. Odatda xizmatidan butunlay voz kechib yuborilmagan, kelgusida davlat xizmatida foydalanish mumkin bo‘lgan “figura”lar shu yerda saqlab turiladi.

Jamshid Niyozov, jurnalist

Mavzuga oid