O‘zbekiston | 12:50 / 13.07.2022
3657
2 daqiqa o‘qiladi

Nurdinjon Ismoilov Eron islomiy kengash majlisi raisi bilan uchrashdi

2022 yil 13 iyul kuni Qonunchilik palatasida parlament quyi palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilov Eron islomiy kengash majlisi raisi Muhammad Boqir Qolibof boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Foto: parliament.gov

Uchrashuvda keyingi yillarda ikki tomonlama munosabatlar bosqichma-bosqich rivojlanib borayotgani, mamlakatlar o‘rtasida siyosiy va iqtisodiy sohadagi muloqotlar faollashgani ijobiy baholandi.

— Davlatlar rahbarlari o‘tgan yili sentabr oyida Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti va noyabr oyida Ashxobod shahrida bo‘lib o‘tgan Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammitlari doirasida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi muloqotlarda ikki mamlakatlar o‘rtasidagi amaliy hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Bu esa ikki tomonlama savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, transport-logistika, madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalar yanada rivojlanishida muhim omil bo‘lmoqda, — dedi spiker Nurdinjon Ismoilov. 

Mazkur uchrashuvlar asnosida ilgari surilgan takliflar amaliy ijrosi kelajakda ikki tomonlama savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, transport-logistika, energetika va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik munosabatlarni yanada rivojlanishiga xizmat qiladi.

Muloqot chog‘ida mehmonga mamlakat parlamenti, xususan, Qonunchilik palatasi qonunchilik faoliyati, norma ijodkorligi, qo‘mita va fraksiyalari ish uslublari hamda parlamentarizm sohasidagi yangiliklar haqida so‘zlab berildi.

M. Qolibof konstruktiv va amaliy ruhdagi muloqotlarni izchil davom ettirish, ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishda muhim omil bo‘lgan parlamentlararo hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash, shu yo‘nalishdagi muloqotlarni ko‘paytirish har tomonlama foydali ekanini qayd etdi.

Uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston-Eron o‘rtasidagi parlamentlararo hamkorlik aloqalarini kengaytirish, uni yangi mazmun bilan boyitish, norma ijodkorligi sohasida tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni har tomonlama mustahkamlashda parlamentlar rolini kuchaytirishga kelishib oldi.

Mavzuga oid