Samarqanddagi qo‘ziqorinsimon bino buzilishi kerakmi: olimlar va mutaxassislar fikri
Samarqand tumani Jo‘ysoy mahallasida hech qanday hujjatlarsiz barpo etilgan va mustahkamligi shubha ostiga olinayotgan 12 qavatli mehmonxona masalasi hamon kun tartibida turibdi.
Bu binoning zarur xavfsizlik talablari va shaharsozlik me’yorlariga javob bermasligi haqida dastlab qurilish vazirligi o‘z munosabatini e’lon qildi. Chunonchi, vazirlik «O‘zog‘irsanoatloyiha» AJ va Samarqand viloyat qurilish nazorati inspeksiyasi xodimlari tomonidan 2022 yil 6 may kuni binoning seysmik holati o‘rganib chiqilib, binoning QMQ, ShNQ talablariga javob bermasligi va kolonnalarning ayrim joylari darz ketganligini ko‘rsatib, binoni buzish bo‘yicha xulosa berilganini qayd etgan.
Samarqand viloyat qurilish nazorati inspeksiyasi ham bu binoning texnik holati haqida matbuot anjumani o‘tkazgan edi.
Shundan so‘ng Kun.uz saytida ushbu binoni qurgan tadbirkor Furqat Xalilov bilan katta intervyu e’lon qilindi. Tadbirkor binoni qanday barpo etganini hikoya qilib, so‘nggi yillarda uni hujjatlashtirish bilan bog‘liq to‘sqinliklarga duch kelayotganini aytib bergan edi.
Nihoyat, Qurilish vazirligi qurilish sohasi soha mutaxassislari, olimlar ishtirokida Samarqand viloyat qurilish bosh boshqarmasida ushbu binoning mustahkamligi va qonuniyligi bilan bog‘liq masalalarga oydinlik kiritish uchun katta matbuot anjumani tashkillashtirdi.
12 qavatli mehmonxona binosining texnik holati haqida dastlab Samarqand viloyat qurilish bosh boshqarmasi boshlig‘i Laziz Hamidov o‘z fikrlarini bildirdi. Boshqarma boshlig‘i bino shaharsozlik normalariga mutlaqo javob bermasligini ta’kidlab o‘tib, uning mustahkamligi ham savol ostida ekaniga urg‘u berdi. Chunonchi, binodan foydalanishga ruxsat berilsa, unda qo‘shimcha yuklar paydo bo‘lishi, qurilganiga 6 yil bo‘lib hali bo‘y ko‘rsatmagan nuqsonlar tezda paydo bo‘lib, binoda ishlayotgan, yashayotgan insonlar, shuningdek qo‘ni-qo‘shnilar hayotiga xavf solishi mumkinligini aytib o‘tdi.
Shu sababli, dastlab binoning mustahkamligi borasida soha mutaxassislari va olimlar, xulosa bergan tashkilot xodimlariga so‘z berdi.
Binoning mustahkamligini shaxsan o‘zi vizual va instrumental tekshirib ko‘rgan va xulosa bergan «Og‘irsanoatloyiha» aksiyadorlik jamiyati yetakchi mutaxassisi Aburayhon Safayev binoda juz’iy kamchiliklar borligi, uning mustahkamligini kompyuterda modellashtirib hisoblanganda xatolarga yo‘l qo‘yganini ta’kidladi. Binoning seysmik mustahkamligini hisoblashda 7 ballik zilzilaga hisoblangani, hudud 8 ballik zilzila zonasi ekani, qolaversa, amalda binoning muayyan konstruksiyasi yo‘qligi, hisoblashda esa rigelli tizim deb olingani, binoning 7-qavatigacha rigel yo‘qligini bayon qildi.
O‘ZGAShKLITI Toshkent filiali bino va inshootlarni texnik tadqiq etish bo‘limi mutaxassisi Sarvar Abdujabborov «SVP MASKAN» MChJ tomonidan binoning mustahkamligi hisoblangan «Lira» dasturiga ma’lumotlar to‘g‘ri kiritilganini shubha ostiga oldi. Dastur lisenzionligi yoki yo‘qligiga urg‘u qaratdi.
Samarqand davlat arxitektura va qurilish instituti professor-o‘qituvchilari ham so‘zga chiqib, binoning mustahkamligi borasida o‘z fikrlarini bildirishdi. Jumladan, o‘qituvchi Vladimir Kondratev bunday binoni ataydan o‘ylab topish mumkinmas, deb baholadi va «O‘zog‘irsanoatloyiha» AJning xulosasini to‘liq qo‘llab-quvvatlashi va bino buzib tashlanishi kerakligini ta’kidlab o‘tdi.
Shundan so‘ng binoning ishchi loyihasini tuzgan «KONSTANT-PROYEKT» MChJ tashkilot rahbariga so‘z berildi. Rahbar Odil Ziyadullayev kutilmaganda loyihani unga qarashli firma ishlab chiqmagani, ustidagi muhr uning korxonasiniki bo‘lsa ham, imzo uniki emasligini aytdi.
Furqat Xalilov bino qurilishi 2012 yilda boshlanib, 2016 yilda yakunlangani, yaponlar bilan qilingan dastlabki loyiha yonib ketgani, shundan so‘ng 2017 yilda «KONSTANT-PROYEKT» MChJning filiallaridan birida loyiha qayta tiklaganini aytib o‘tdi.
Shunga qaramasdan, yuqori qavatdagi rigellarda so‘nggi tekshiruvlar chog‘ida ostki armaturalar soni loyihadagidek 4 dona emas, 2 dona qo‘yilgani, rigellar balandligi loyihadagidek 400 mm emas, 200 mm ekani aniqlangan. Biroq shu loyiha asosida binoning mustahkamligini hisoblagan «SVP MASKAN» MChJ ham hisob-kitoblarda armaturalar sonini 4 dona, balandligini 400 mm deb olgani qayd etildi.
Qurilish boshqarmasi boshlig‘i Laziz Hamidov noqonuniy qurilayotgan bino nega o‘z vaqtida aniqlanib, uning qurilishini to‘xtatish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmagani haqidagi savolga ham javob berdi.
Uning aytishicha, noqonuniy qurilayotgan binoni to‘xtatish va buzish borasida xatti-harakatlar 2016 yildan buyon olib borilmoqda. Tadbirkorga ogohlantirish xati berilgan, ish sudga oshirilgan. Sud jarayoni hamon davom etib kelmoqda ekan.
Samarqand viloyat qurilish nazorati inspeksiyasi boshlig‘i Sa’dulla Ziyodullayev bino hech qanday xavfsizlik me’yorlariga to‘g‘ri kelmasligi, uni buzish lozimligini yana bir bor ta’kidlab o‘tdi.
Binoni instrumental tekshiruvdan o‘tkazib, uning mustahkamligi borasida to‘rt marta ijobiy xulosa bergan SamDAQI temir-beton konstruksiyalar kafedrasi mudiri, dotsent Valiahmad Usmonovga ko‘ra, binoning umumiy mustahkamligi joyida. Bu hisob-kitoblar vositasida aniqlagan. Binoning kuchaytirilishi zarur bo‘lgan konstruksiyalari borasida tavsiyalar berilgan. Tavsiyalarga ko‘ra, binoda kuchaytirish ishlari olib borilgan, chunonchi 5-qavatdagi konsollar ostiga kuchaytiruvchi va ushlab turuvchi tirgak ustunlar o‘rnatilgan.
V.Usmonov tashqi tomondagi tirgak ustunlardagi yoriqlar binoning og‘irligidan emas, keyinchalik cho‘kishi natijasida hosil bo‘lganini urg‘uladi.
Samarqand davlat arxitektura va qurilish instituti Qurilish mexanikasi kafedrasi dotsenti Sobir Toshev har ikkala xulosaga qisman qo‘shilishi, binoning mustahkamligini saqlab qolish mumkin bo‘lgani, biroq maslahatlar quruvchi tomonidan inobatga olinmagani to‘g‘risida gapirdi.
Chunonchi u, binoda yong‘in xavfsizligi qoidalariga mutlaqo rioya qilinmaganini ta’kidlab, ushbu binoni buzish tarafdori ekanini, biroq «O‘zog‘irsanoatloyiha» AJ tomonidan berilgan xulosalar yetarli emasligini aytib o‘tdi.
Sobir Toshev binoni tashqi tomondan yadro qo‘yib, yoki qo‘shimcha binolar bilan qisib mustahkamligini oshirish, qulashdan saqlab qolishning amalda imkoni borligi, biroq bunda tadbirkorning ko‘proq puli ketishi, shu sababli eng yaxshi holatda uning qavatlari soni kamaytirilishi kerakligini ta’kidlab o‘tdi.
«Qishloqqurilishloyiha» MChJ bosh konstruktori Sherzod Odilov binoning mustahkamligi borasida uzil-kesil xulosaga kelish uchun Turin politexnika instituti filialida mavjud zilzila laboratoriyasidan foydalanish lozimligini ta’kidlab o‘tdi. Ya’ni binoning mustahkamligini aniqlash uchun ma’lum bir ballgacha tebratib ko‘rishni taklif qildi.
Jo‘ysoy mahallasida uzoq yillardan buyon istiqomat qilib kelayotgan faxriylardan Furqat Xalilovning amakisi va qo‘shnisi Olim Xalilov agar bino mustahkamlik talabiga javob bermaydigan bo‘lsa, u buzib tashlanishi kerakligi, mutaxassislar bino mustahkam degan yakdil fikrga kelishsa, uning qolishiga qarshi emasligini ta’kidlab o‘tdi. Agar, bino qolishi uchun yon-atrofdagi uylar buzilishi kerak, degan xulosaga kelinsa, u o‘z uyini hech qachon bo‘shatib bermasligini ham ta’kidlab o‘tdi.
Bir necha yil Rossiyadagi loyihalash firmalarida ishlab kelgan Samarqand davlat arxitektura va qurilish instituti katta o‘qituvchisi Alisher Badalov o‘zining otashin chiqishida shaharsozlik normalari va talablarini buzganlik uchun javobgarlik borligini eslatib o‘tdi. U o‘z nutqida binoning mustahkamligi ikkinchi masala ekanligi, eng avvalo u shaharsozlik normalariga to‘g‘ri kelmasligi uchun ham buzilishi lozimligini ta’kidlab o‘tdi.
Shundan so‘ng yig‘ilishda ishtirok etgan barcha bino qurilgan mahallaga borib, joyida masalani o‘rganishdi. Binoga xulosa bergan mutaxassislar yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni joyida ko‘rsatib berishdi.
Binoga qo‘shni turuvchi mahalla ahliga ham mikrofon tutdik. Ular faqat 4 qavat qurilganda kadastr hujjatlari qilinishi uchun rozilik xati berishganini aytib, shundan so‘ng yana 8 qavat ko‘tarilganini bayon qilishdi. Agar bino mustahkamligiga mutaxassislar kafolat bersagina uning qoldirilishiga qarshi emasligini aytishdi. Aks holda, ularga xavf tug‘diradigan bo‘lsa buzib tashlanishi lozimligini ta’kidlashdi.
Furqat Xalilov binoni loyiha hujjatlarisiz va o‘zboshimchalik bilan qurgani uchun barchadan uzr so‘rab, rahbarlardan uyi yonidagi 2 gektarga yaqin uzumzorni auksionga chiqarib berishni, u yerdan yer uchastkalari sotib olib, yon-atrofidagi qo‘shnilarni u yerga o‘z hisobidan mustahkam uy qurib berib ko‘chirishda amaliy yordam so‘radi.
Ya’ni Furqat Xalilov shuncha vaqt, mablag‘ va mehnat sarflab qurgan binosini buzib tashlamoqchi emas. U shaharsozlik normalariga ko‘ra, o‘zi qurgan bino atrofidagi 45 metr radiusdagi qo‘shnilarini shu yaqinga ko‘chirib, binoni tashqi tomondan mustahkamlab, saqlab qolmoqchi.
Ayni paytda ushbu binoning talablarga zid ravishda qurilgani yuzasidan sud majlisi davom etmoqda. Da’vogar — Samarqand tuman hokimligi bino belgilangan qonunchilik va xavfsizlik talablarga mutlaqo to‘g‘ri kelmasligini vaj qilib, uni buzish uchun da’vo arizasi kiritgan.
Kun.uz ushbu bino borasidagi voqea va yangiliklarni kuzatishda davom etadi.
Shuhrat Shokirjonov, Kun.uz jurnalisti
Tasvirchi va montaj ustasi: Jahongir Aliboyev
Mavzuga oid
09:18 / 17.11.2024
Bolalar ombudsmani Samarqandda jinsiy zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan qiz bilan uchrashdi
23:25 / 09.11.2024
Samarqandda Qurolli kuchlar xizmatchisi, soliqchi, Milliy gvardiya va kadastr xodimlari pora bilan ushlandi
15:06 / 01.11.2024
Samarqand viloyatida isitish mavsumi 1 noyabrdan boshlandi
10:59 / 25.10.2024