Jahon | 18:37 / 26.07.2022
48334
12 daqiqa o‘qiladi

Ob-havo rekordlari – Yer yuzining eng issiq joylari qayerda joylashgan?

Bir necha kundan buyon O‘zbekistonda anomal issiq davo etmoqda. Mamlakat iyul oyida Yer yuzidagi eng issiq hududlardan biriga aylandi. Aksariyat hududlarda havo harorati + 45, + 47 darajagacha ko‘tarildi. Ammo bunday issiq havo rekord darajadagi harorat hisoblanmaydi.

Foto: fb.ru

So‘nggi yillarda sodir bo‘layotgan iqlim o‘zgarishlari va havoga chiqarilayotgan zaharli gazlar tufayli Yer sathidagi havo harorati sezilarli oshyapti. Yer yuzasi bo‘ylab aksariyat hududlarda havo harorati odatdagidan sezilarli darajada oshmoqda. Shu jumladan, O‘zbekistonda ham.

Masalan, bir necha kundan buyon O‘zbekiston va unga tutash davlatlar hududlarida anomal issiqlar kuzatilyapti. Havo harorati bir qancha hududda + 47 darajani tashkil etmoqda. Shu sababli O‘zbekistondagi ayrim hududlar Yer yuzidagi eng issiq joylarga aylandi. Jumladan, 2022 yil 22 iyul kuni soat 11:00 da Navoiy viloyatining g‘arbiy cho‘l hududi dunyoning eng issiq nuqtasi bo‘lib turdi.

Shuningdek, shu kuni Navoiy, Buxoro va Xorazm viloyatining ba’zi kuzatuv stansiyalarida soat 13:50 va 14:50 oralig‘ida + 47, + 48 daraja issiq qayd etilgan. Quyida havo harorati eng issiq va sovuq bo‘lgan hududlar hamda ob-havo harorati bilan bog‘liq rekordlarni keltiramiz.

Eng issiq havo harorati qayerda qayd etilgan?

Ob-havo haroratini o‘lchash boshlangandan keyin Yer yuzidagi eng yuqori harorat + 56,7 daraja issiq 1913 yil 10 iyul kuni AQShning Kaliforniya shtatidagi O‘limlar vodiysi cho‘lida qayd etilgan.

Foto: placepic.ru

Aslida 2012 yil 13 sentabrga qadar sayyoradagi rekord harorat, +58,2 daraja issiq 1922 yil 13 sentabrda Liviya cho‘llaridagi Al-Aziziya qishlog‘ida qayd etilgan deb hisoblangan. Ammo mazkur ma’lumot ro‘yxatga olinganidan 90 yil o‘tib Jahon meteorologiya tashkiloti yozuvlarni chuqur tahlil qilib, harorat o‘lchovlari olishda xatolikka yo‘l qo‘yilganini ma’lum qildi va shu tariqa O‘liklar vodiysi cho‘lidagi harorat eng issiq havo sifatida qayd etildi.

Foto: zubiaks.weebly.com

Turli qit’alardagi eng yuqori issiq qayerlarda qayd etilgan?

  • Shimoliy Amerika – O‘liklar vodiysi cho‘lida + 56,7 daraja, 1913 yil 10 iyul kuni;
  • Afrika – Tunisning Qabiliy viloyatida + 55 daraja, 1931 yil 7 iyul kuni;
  • Osiyo – Kuvaytning Al-Mutriba hududida + 54 daraja, 2016 yil 20 iyul kuni;
  • Avstraliya – Avstraliyaning Udnadatta shahrida + 50,7 daraja, 1960 yil 2 kuni;
  • Janubiy Amerika – Argentinaning Rivadavia hududida + 48,9 daraja, 1905 yil 11 dekabr kuni;
  • Yevropa – Gretsiyaning Afina shahrida + 48 daraja, 1977 yil 10 iyul kuni;
  • Antarktida – Simor orolida + 20,7 daraja, 2020 yil 9 fevral kuni;
  • Okeaniya – Yangi Zelandiyaning Rangiora shaharchasida + 42,4 daraja, 1973 yil 7 fevral kuni eng issiq harorat qayd etilgan.
Foto: businessvisit

O‘zbekistonda meteorologiya xizmati tarixi

«O‘zgidromet» axborot xizmatining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, O‘zbekiston hududidagi birinchi muntazam meteorologik kuzatishlar Toshkent shahrida 1867 yil sentabr oyida Toshkent observatoriya stansiyasida boshlangan.

Toshkent astronomiya va fizika observatoriyasi tez orada Turkiston o‘lkasi meteorologiya xizmatining yetakchi markaziga aylanadi.

1921 yil 7 may kuni observatoriyaning fizik qismi (magnit va meteorologiya boshqarmasi) va Turkiston o‘lkasi Gidrometeorologiya qismining meteorologiya boshqarmasi bazasida O‘zbekiston Gidrometeorologiya xizmati tashkil etiladi. Shu sana Turkiston meteorologiya instituti rasmiy tug‘ilgan sanasi etib belgilanadi.

Meteorologik kuzatuvlar:

  • Andijon shahrida 1882 yildan;
  • Nukus shahrida 1883 yildan;
  • Buxoro shahrida 1890 yildan;
  • Farg‘ona shahrida 1880 yildan;
  • Jizzax shahrida 1881 yildan;
  • Bekobod shahrida 1910 yildan;
  • Quva shahrida 1911 yildan boshlangan.

Eng issiq harorat qachon qayd etilgan?

O‘zbekistonda eng issiq havo harorati 1983 yil 29 iyul kuni Qizilqum cho‘lida + 49,8 daraja va Termiz shahrida 1914 yil 21 iyun kuni + 49,6 daraja qayd etilgan.

Dunyoning ayrim davlatlarida qayd etilgan eng issiq haroratlar

– AQSh – O‘liklar vodiysi cho‘lida +56,7 daraja, 1913 yil 10 iyul kuni;

– Kanada – Britaniya Kolumbiyasi provinsiyasidagi Litton qishlog‘ida + 49,6 daraja, 2021 yil 29 iyun kuni;

– Indoneziya – Jakarta shahrida + 37,4 daraja, joriy yil iyun oyida;

– Braziliya – Nova-Maringa munitsipalitetida, 2020 yil 5 noyabr kuni;

– Rossiya – Qalmiqiston Respublikasi + 44,8 daraja, 2010 yil 12 iyul kuni, + 45,4 daraja issiq bo‘lgan.

Indoneziya poytaxti Jakarta shahri ham dunyoning eng issiq shaharlaridan biri hisoblanadi
Foto: mascontext.com

Eng issiq davlatlar

Eng issiq mamlakatlar reytingi ikki xil ko‘rsatkichga ko‘ra tuziladi. Birinchisi yil davomidagi o‘rtacha harorat bo‘yicha, ikkinchisi harorat eng yuqori bo‘lgan kunlarning davomiyligi bo‘yicha.

1. Qatar

Yil davomida o‘rtacha havo harorati eng yuqori davlatlar reytingida Qatar davlati birinchi o‘rinni egallaydi. Bu davlatda yoz davomida o‘rtacha harorat + 41 daraja, qishda esa + 25 daraja issiq bo‘ladi.

Foto: qatarliving

2. Botsvana

Afrikada joylashgan bu davlatda yoz davomida o‘rtacha harorat + 40 daraja, qishda esa + 25 daraja issiq bo‘ladi.

3. Birlashgan Arab Amirliklari

Bu davlatda yoz davomida o‘rtacha harorat + 37 – 40 daraja, qishda esa + 25 – 23 daraja issiq bo‘ladi.

4. Vetnam

Janubiy-Sharqiy Osiyodagi bu davlatda yoz davomida o‘rtacha harorat + 33 daraja, qishda esa + 25 daraja issiq bo‘ladi.

5. Bahrayn

Fors Ko‘rfazida joylashgan bu davlatda yoz davomida o‘rtacha harorat + 33 – 40 daraja, qishda esa + 17 daraja issiq bo‘ladi.

6. Yamayka

Karib havzasida joylashgan Yamaykada yil davomida o‘rtacha harorat + 31 – 32 daraja issiq bo‘ladi.

7. Malayziya

Ekvatorga yaqin joylashgan Malayziyada yil davomida o‘rtacha harorat + 32 daraja issiq bo‘ladi.

8. Hindiston

Hindistonda yoz davomida o‘rtacha harorat + 32 daraja, qishda esa + 16 daraja issiq bo‘ladi.

9. Indoneziya

Indoneziya ham ekvatorga yaqin joylashgani uchun u yerda yoz davomida o‘rtacha harorat + 31 daraja, qishda esa + 29 daraja issiq bo‘ladi.

10. Efiopiya

Efiopiyada yoz davomida o‘rtacha harorat + 31 daraja, qishda esa + 17 daraja issiq bo‘ladi.

Foto: yandex.ru

Yer yuzasi harorati

Ma’lumki havo harorati soya joyda o‘lchanadi. Shu sababli quyosh nuri to‘g‘ridan to‘g‘ri tushadigan aksariyat joylarda havo harorati meteorologlar o‘lchovidan sezilarli farq qiladi. Masalan, soya joyda havo harorati + 40 bo‘lgan joyda quyosh nuri to‘g‘ridan to‘g‘ri tushadigan joyda + 50 – 60 daraja issiq bo‘lib ketishi ham mumkin.

Sun’iy yo‘ldoshlar yordamida amalga oshirilgan monitoringga ko‘ra, 2010 yil 10 avgust kuni Eronning janubiy-sharqida joylashgan cho‘l tepasida, dengiz sathidan 3900 metr balandlikda Yer yuzasidagi eng yuqori harorat, +70,7 daraja issiq bo‘lgani o‘lchangan. Hozircha Yer sathidagi eng issiq harorat sifatida shu joy qayd etilgan.

Foto: shutterstock.com

Yer sathida juda yuqori harorat qayd etiladigan yana bir joy Xitoydagi Sinszyan-Uyg‘ur avtonom o‘lkasida joylashgan tog‘li hudud hisoblanadi. Qizil qum bilan qoplangan mazkur hududdagi Yer sathida NASA + 66,8 daraja issiqni qayd etgan.

AQShdagi O‘liklar vodiysi cho‘li ham eng issiq hududlardan biri hisoblanadi. Bu yerda Yer yuzasidagi harorat + 56,7 darajagacha chiqqan.

Shuningdek, Arabiston yarimorolidagi cho‘llar, Sahroyi Kabir cho‘llari, Eron va Markaziy Osiyodagi cho‘llar Yer sathi harorati juda baland bo‘lgan hududlarga kiradi.

Bundan keyin nima bo‘ladi?

Bugun dunyodagi aksariyat iqlimshunoslar holat hozirgiday davom etaversa va atmosferaga chiqarilayotgan zaharli gazlar miqdori kamaytirilmasa ahvol yanada battar bo‘lib boraverishi va havo harorati ko‘tarilishda davom etishini taxmin qilishmoqda.

Jahon meteorologik tashkiloti 2022-2026 yillar ichida harorat 2017-2021 yildagidan issiqroq bo‘lishini taxmin qilmoqda. Iqlimiy me’yorning 1,5 daraja oshish ehtimoli 2015 yilda nolga teng bo‘lgan. Bu ehtimol 2017-2021 yillarda 10 foizga, keyingi 5 yillikda esa 50 foizga oshgani aytilmoqda.

Yana bir tarafdan dunyo davlatlari orasida havoga chiqarilayotgan zaharli gazlarni kamaytirish masalasida birdamlik yo‘q.

Foto: fb.ru

Masalan, 2015 yil 12 dekabr kuni Parij shahrida o‘tkazilgan xalqaro anjuman yakunida Iqlim o‘zgarishlariga qarshi Parij kelishuvi imzolangan edi. Kelishuvda barcha davlatlar atmosferaga chiqarilayotgan zaharli gazlar miqdorini kamaytirishga rozi bo‘lgandi.

Ammo oradan bir yil o‘tib Donald Tramp AQSh Parij kelishuvidan chiqishini ma’lum qildi. Oradan biroz muddat o‘tib AQSh kelishuvdan chiqib ketdi. Dunyodagi atmosferaga eng ko‘p zaharli gaz chiqarayotgan AQShning bu ishi Yerda ekologik muammolarning oldini olishga qaratilgan harakatlarga jiddiy zarba berdi.

Ammo 2020 yil noyabr oyida bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovida Tramp yutqazdi. 2021 yil yanvar oyida AQShning yangi prezidenti Jo Bayden qasamyod qilgach birinchi navbatda Parij kelishuviga qaytish haqidagi qarorni imzoladi.

Parij kelishuvi havo haroratining ko‘tarilib borishini to‘xtatadimi?

2020 yildan amalga kirajak Parij kelishuvini shu paytgacha dunyoning qariyb barcha mamlakatlari ratifikatsiya qilgan. Unga ko‘ra, hujjatni ratifikatsiya qilgan davlatlar global iqlim isishiga qarshi amaliy harakatlarni amalga oshirishi kerak.

Bu uchun ular:

  • Elektr energiyasini tejash masalasiga e’tibor berishi;
  • Qayta tiklanuvchi energiyani (yashil energiya deb ataladi) ishlab chiqarishga e’tiborni oshirishi;
  • Elektrda harakatlanuvchi transportlar sonini ko‘paytirishi va yana bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirib, global iqlim isishiga qarshi kurashish kerak.

AQShning Parij kelishuviga qayta qo‘shilishining ijobiy tomoni shundaki, bu davlat iqlim o‘zgarishiga olib keluvchi turli zaharli gazlar va chiqindilar chiqarish hajmi bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda turadi.

Undan keyin Xitoy va Yevropa Ittifoqi joylashgan. Agar ular Parij kelishuvida nazarda tutilgan ishlarni amalga oshirishga kirishsa holat yaxshilanib ketmasa ham, atmosferaning zaharlanish darajasi oshmasdan bir xil turishi, hatto biroz kamayishi mumkin.

Aks holda Yerda havo harorati iqlim o‘zgarishlari va havoga chiqarilayotgan zaharli gazlar hisobidan muttasil oshib boraveradi. Demak, barchasi insoniyatning o‘z qo‘lida.

Bugun Yer yuzi duch kelayotgan global muammolarga asosan odamlarning o‘zi sababchi bo‘lgan. Ayniqsa, jiddiy iqlim o‘zgarishlari va havo haroratining muttasil ko‘tarilib borishida insoniyatning yaxshigina hissasi bor. Bugun ana shu muammolarni bartaraf etishda dunyo davlatlarining hamjihatligi zarur.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid