Jahon | 17:29 / 29.07.2022
8930
2 daqiqa o‘qiladi

Iyulda yevrohududdagi inflatsiya yana rekordni yangiladi

Yevropada oylik narxlarning o‘sishi 8,9 foizga yetdi va iyun oyidagi 8,6 foiz rekordidan oshib ketdi. Mutaxassislar aytishicha, inflatsiyaning asosiy omili Ukrainadagi urush tufayli energiya tashuvchilar narxining oshishi hisoblanadi.

Foto: Unsplash

Ukrainadagi urush tufayli energiya tashuvchilar narxining keskin o‘sishi yevrohududda inflatsiyaning yangi rekordlari o‘rnatilishiga olib keldi. Xususan, iyul oyida iste’mol narxlari o‘tgan yilning shu oyiga nisbatan 8,9 foizga oshdi. Bu Yevropa statistika boshqarmasi Eurostat tomonidan 29 iyul, juma kuni e’lon qilingan jami narxlar o‘sishini baholash bo‘yicha dastlabki ma’lumotlardir. 

Shu bilan birga, iqtisodchilar bu ko‘rsatkich iyun oyiga nisbatan o‘zgarmasligini va yillik hisobda 8,6 foizni tashkil etishini kutgandi. May oyida umumevropa inflatsiyasi 8,1 foizni, aprelda esa 7,4 foizni tashkil etdi. Bu shuni anglatadiki, joriy inflatsiya darajasi hali ham Yevropa Markaziy banki (YeMB)ning 2 foizlik ko‘rsatkichidan ancha yuqori. 

Mutaxassislar va YeMB rahbari Kristin Lagard inflatsiyaning keskin o‘sishi tufayli foiz stavkalarini oshirish tashabbusi bilan chiqdi. Bir hafta oldin, payshanba kuni, YeMB o‘n bir yil ichida birinchi marta asosiy foiz stavkasini 50 bazaviy punktga oshirishini e’lon qildi. Bu dastlab e’lon qilinganidan ikki barobar ko‘pdir. Boshqa markaziy banklar bilan taqqoslaganda, YeMBning reaksiyasi kechikdi. Ba’zi kuzatuvchilar fikricha, ushbu raqam yanada o‘sishi mumkin. YeMBning foiz stavkalari bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi 8 sentabr kuni Frankfurt-Maynda bo‘lib o‘tadi. 

Eurostat ma’lumotlariga ko‘ra, energiya tashuvchilar narxi iyun oyida 42 foizga oshganidan so‘ng, iyul oyida yillik hisobda 39,7 foizga ko‘tarilgan. Qayta ishlanmagan oziq-ovqat mahsulotlari narxi 11 foizga, xizmatlar narxi esa 3,7 foizga yuqoriladi. 

Yevrohududdagi eng yuqori inflatsiya darajasi yana uchta Boltiqbo‘yi davlatida qayd etildi va 20 foizdan ortiqni tashkil etdi. Germaniyada Yevropa standartlari bo‘yicha hisoblangan inflatsiya darajasi 8,5 foizga teng bo‘ldi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid