Jahon | 16:48 / 03.08.2022
8820
2 daqiqa o‘qiladi

Yamanda sulh rejimi 2 oktyabrgacha uzaytirildi

BMT Yamandagi ko‘p yillik mojaroga siyosiy yechim topish uchun muzokaralarni qayta boshlash maqsadida o‘t ochishni doimiy to‘xtatishga intilmoqda.

Foto: Reuters

Yamandagi mojaro tomonlari o‘t ochishni to‘xtatish rejimini yana ikki oyga, 2022 yil 2 oktyabrgacha uzaytirishga kelishib oldi. Bu haqda BMTning Yaman bo‘yicha maxsus vakili Xans Grundberg ma’lum qildi, deya xabar berdi Reuters 2 avgust, seshanba kuni.

«Ushbu sulhni uzaytirish tomonlarning kengaytirilgan sulh bitimiga imkon qadar tezroq erishish uchun muzokaralarni faollashtirish majburiyatini o‘z ichiga oladi», — deyiladi Grundbergning bayonotida. Kengaytirilgan sulh davlat sektorida maoshlarni to‘lash, yo‘llarni ochish, poytaxt Sanodan parvozlarni kengaytirish va Xodeyda portiga muntazam yonilg‘i yetkazib berish mexanizmini taklif qiladi, dedi Grunberg. Bundan tashqari, BMT «barqaror siyosiy yechim» uchun muzokaralarni qayta boshlash maqsadida doimiy otashkesim jarayoniga intilmoqda.

2014 yilda husiylar Yaman poytaxti Sano shahrini egallab, prezident Abd Rabbo Mansur Hodiyni taxtdan ag‘darganidan beri Yaqin Sharqning eng qashshoq davlatlaridan birida fuqarolar urushi sakkiz yildan beri davom etmoqda. 

2015 yilda Saudiya Arabistoni va BAA boshchiligidagi xalqaro koalitsiya Hodiy hukumatini hokimiyatga qaytarish kampaniyasini boshlagan edi. Urush paytida 150 000 dan ortiq odam, shu jumladan 14 500 dan ortiq tinch aholi halok bo‘ldi. BMT bu mojaroni dunyodagi eng dahshatli gumanitar inqiroz deb atadi.

Mavzuga oid