Zavohiriyning o‘ldirilishi: «Al-Qoida» tahdidi endi barham topadimi?
Ayman az-Zavohiriy yakshanba kuni Afg‘oniston poytaxti Kobul shahrida amerikaliklarning uchuvchisiz uchish qurilmasi orqali o‘ldirildi. AQSh o‘z fuqarolarini ogoh bo‘lishga chaqirdi.
AQSh Davlat departamentidagilarning hisoblashicha, uning o‘limi «Al-Qoida» tarafdorlari yoki u bilan aloqador bo‘lgan boshqa terrorchilik guruhlarni Amerika obektlari yoki fuqarolariga zarba berishga undashi mumkin.
AQSh prezidenti Jo Bayden 2 avgust kuni dunyoning birinchi raqamli terrorchilaridan biri, «Al-Qoida» yetakchisi Ayman az-Zavohiriy Afg‘onistondagi amaliyot natijasida o‘ldirilganini ma’lum qildi. U Kobul markazidagi uylardan birining balkoniga amerikaliklar droni orqali zarba berilishi oqibatida halok bo‘lgan. Amaliyot AQSh qo‘shinlari Afg‘onistonni tark etib, hokimiyatga «Tolibon» kelishidan deyarli bir yil o‘tib amalga oshirildi.
Hujumdan oldin bir necha oy davomida puxta rejalashtirish ishlari olib borildi: CNN xabariga ko‘ra, asosiy vazifa tinch aholi vakillari, jumladan az-Zavohiriyning oilasi a’zolari halok bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik edi. Telekanal ma’lumotiga ko‘ra, Amerika razvedkasi yil boshida «Al-Qoida» rahbarining joylashuvini aniqlagan. Jo Baydenga bu haqda aprel oyida, ma’lumot uzil-kesil tasdiqlanganida hisobot berilgan.
Amaliyotni batafsil rejalashtirish az-Zavohiriyning xulq-atvorini, shuningdek u yashayotgan uyning dizayni va tuzilishining alohida jihatlarini o‘rganishni ham o‘z ichiga olgan. Yakuniy brifing 25 iyul kuni o‘tkazilgan, besh kun o‘tib esa amerikaliklar ikkita Hellfire raketasini yo‘llagan. The New York Times gazetasi yozishicha, ekspertlar fikricha, zarbalar aynan bir insonni yo‘q qilishga mo‘ljallangan R9X raketalari orqali berilgan. Ular o‘zi bilan portlovchi modda olib yurmaydi va kinetik energiya bilan obektni yakson qiladi. Zarba vaqtida az-Zavohiriy uy balkonida bo‘lgan.
Az-Zavohiriy o‘smirligidayoq «Musulmon birodarlar»ga qo‘shilgan. Keyinroq SSSRga qarshi urushda afg‘on mujohidlariga yordam ko‘rsatgan
Ayman az-Zavohiriy 1951 yilda Misrda tug‘ilgan. U badavlat va obro‘li oilada o‘sgan: uning qarindoshlari siyosatchilar, shifokorlar, olimlar va diniy ulamolar bo‘lishgan. 1974 yilda u tibbiyot bo‘yicha diplom olgan, uch yil jarroh sifatida armiyada xizmat qilgan, 1978 yilda esa jarrohlik sohasida magistrlik darajasini olgan.
Az-Zavohiriy juda yoshligidan siyosiy islomni o‘rganishga kirishgan. 14–15 yoshlarida u «Musulmon birodarlar» diniy-siyosiy birlashmasiga a’zo bo‘lgan. Unga 1966 yilda qatl etilgan yozuvchi hamda uyushma mafkurachisi Sayyid Qutb katta ta’sir ko‘rsatgan. Shundan so‘ng, The New York Times nashri yozishicha, az-Zavohiriy Misrdagi dunyoviy hukumatni ag‘darishni maqsad qilgan yashirin yacheykani shakllantirishda ishtirok etgan. BBC News ma’lumotiga ko‘ra, 1970-yillarda bu yacheyka «Misr islom jihodi» terrorchi guruhiga qo‘shilgan.
1981 yilda az-Zavohiriy guruhning qolgan a’zolari bilan birgalikda prezident Anvar Saodatning qotilligida ishtirok etishda gumonlanib qo‘lga olingan. Keyinroq undan suiqasd bo‘yicha ayblov olib tashlangan. NYT nashri yozishicha, sud qariyb uch yil davom etgan va bu vaqtda az-Zavohiriyni doimiy ravishda kaltaklab, qiynoqqa solishgan. BBC News qayd etishicha, aynan shu davrda u beshafqat va fanatik ekstremistga aylangan.
1985 yilda, ozodlikka chiqarilganidan keyin az-Zavohiriy Misrdan ketadi. Avvaliga Saudiya Arabistoniga keladi, keyin Pokistonga o‘tadi, CNN yozishicha, u yerda jarroh sifatida ishlaydi va Afg‘onistondan kelgan jangarilarni davolaydi. O‘shanda az-Zavohiriy ilk bor Usama bin Lodinni uchratadi, u ham sovet qo‘shinlariga qarshi urushda mujohidlarga yordam berayotgandi. Taxminan o‘sha yillarda az-Zavohiriy «Misr islom jihodi» yetakchisiga aylanadi. BBC News nashri yozishicha, afg‘on urushi yakunlangach, u moliyalashtirish manbalarini izlab juda ko‘p sayohat qilgan.
1997 yilda az-Zavohiriy Afg‘onistonga qaytadi, bir yil o‘tib «Misr islom jihodi» «Al-Qoida» hamda boshqa bir qancha guruhlar bilan birlashib, yahudiy va xristianlarga qarshi islom jihodi frontini tashkil qiladi.
NYT ma’lumotiga ko‘ra, aynan az-Zavohiriy terrorchilar uchun xudkushlik va begunohlarni, jumladan musulmonlarni ham o‘ldirishni maqbul qilgan hujjatni yozgan — u shahidning e’tiqodi bunday taqiqlardan ustun turishini ta’kidlagan. Bundan tashqari, Islom siyosiy tafakkuri instituti direktori Azzam Tamimiyning fikricha, az-Zavohiriy «dunyodagi musulmonlarning ko‘pchiligi aslida musulmon emas» deb hisoblagan.
Birlashuvdan yarim yil vaqt o‘tib, 1998 yilning 7 avgustida, Keniya va Tanzaniya poytaxtlarida sinxron terrorchilik aksiyalari sodir etilgan, bu hujumlar nishoni AQSh elchixonalari bo‘lgan. Portlashlar oqibatida 223 kishi halok bo‘lib, bir necha ming kishi yaralangan.
«Al-Qoida»ning eng yirik aksiyasi esa — 2001 yil 11 sentabridagi teraktlar hisoblanadi. Az-Zavohiriy bin Lodin bilan birgalikda ushbu hujumlar ilhomchisi bo‘lgani aytiladi. O‘shanda terrorchilar guruhi to‘rtta yo‘lovchi samolyotni qo‘lga olishadi: ulardan ikkitasi Jahon savdo markaziga, bittasi Pentagonga borib uriladi. So‘nggi samolyot Pensilvaniyada qulab tushadi. Teraktlar oqibatida uch ming atrofida odam halok bo‘lgan.
11 sentabrdan keyin Usama bin Lodin va Ayman az-Zavohiriy uzoq vaqt yashirinib yuradi, ularning ikkisi ham qayerdaligini aniqlab bo‘lmaydi. O‘shanda AQSh ulardan birortasini topishda qo‘l keladigan ma’lumot uchun 25 million dollar miqdorida mukofot e’lon qilgandi.
Az-Zavohiriy Usama bin Lodinning o‘limidan keyin «Al-Qoida» boshqaruviga keladi
2011 yil bahorida bin Lodin Pokistonda amerikaliklar maxsus amaliyoti natijasida yo‘q qilinadi. Shundan keyin, The Washington Post nashri yozishicha, az-Zavohiriy «Al-Qoida»ning nominal yetakchisiga aylangan.
Ekspertlar Ayman az-Zavohiriyning «Al-Qoida»dagi faoliyatiga turlicha baho berishadi. Advokat va yozuvchi, terrorchi bilan shaxsan tanish bo‘lgan Muntassir az-Zayat The New Yorker uchun bergan intervyusida u AQSh hududidagi teraktlar uchun Usama bin Lodin bilan bir xil darajada javobgar hisoblashini aytgan.
Xalqaro munosabatlar bo‘yicha kengashning terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha mutaxassisi Bryus Hoffman az-Zavohiriy bin Lodinning o‘limidan keyin tashkilot o‘z mavjudligini saqlab qolishida muhim o‘rin tutganini ta’kidlaydi. Bunday fikrni xavfsizlik masalalari bo‘yicha konsalting firmasining terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha tahlilchisi Kolin Klark ham qo‘llab-quvvatlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, az-Zavohiriy tashkilotni boshqargan va notinch zamonda, xususan IShID bilan raqobat davrida ham uni saqlab qola olgan.
Shunga qaramay, ekspertlarning ko‘pchiligi hisoblashicha, yil o‘tgan sayin az-Zavohiriy marginal figuraga aylanib borgan. «U bin Lodin kabi xarizmatik yetakchi emasdi. U shuningdek o‘zini «Al-Qoida»ning o‘ta layoqatli yetakchisi sifatida namoyon eta olmadi», — degan CNN tahlilchisi Piter Bergen.
Keyinroq IShID safiga qo‘shilib ketgan «Al-Qoida»ning sobiq a’zolari ham az-Zavohiriy tashkilot faoliyatida muhim rol o‘ynagan deb hisoblashmaydi, u so‘nggi vaqtlarda deyarli ko‘rinish bermayotgandi. «Ishonchim komilki, Bayden buni muhim voqea sodir bo‘lgandek ko‘rsatishga harakat qiladi. Lekin bu biz uchun mutlaqo ahamiyatsiz. Ayman az-Zavohiriy bin Lodindan keyin amir bo‘lgandi, endi esa u shahid. Bori shu. Muhimi boshqa masala: uning o‘rnini kim egallaydi?» — degan The Washington Post nashriga shaxsi sir saqlanishini so‘ragan «Al-Qoida»ning sobiq a’zosi.
Bayden dushanba kungi bayonotida Zavohiriyning o‘limidan keyin 2001 yilgi terakt qurbonlari oilalari yengil tin olishi mumkinligini aytgan.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Zavohiriy boshqa zo‘ravonlik aktlari, jumladan 2000 yil sentabrida Yamanning Adan shahrida amerikaliklarning USS Cole esminetsida terrorchi xudkush o‘zini portlatishi orqali sodir etilgan terakt ortida ham turgan. Bu hujum oqibatida 17 nafar amerikalik dengizchi halok bo‘lgandi.
«Davlat departamenti 2022 yil 31 iyulida Aymay az-Zavohiriy o‘ldirilgani hisobga olinsa, Amerika manfaatlariga qarshi zo‘ravonlik ehtimoli yuqori deb hisoblaydi. Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, terrorchi tashkilotlar dunyoning ko‘plab mintaqalarida AQSh obektlariga qarshi hujumlarni rejalashtirishda davom etmoqda. Ular xudkushlik hujumlari, qotilliklar, odamlarni o‘g‘irlash, samolyotlarni o‘g‘irlash va portlashlar sodir etish kabi turli taktikalardan foydalanishi mumkin», deyiladi idora xabarida.
Davlat departamenti AQSh fuqarolariga xorijga safarlar vaqtida «yuqori darajadagi hushyorlik va vaziyatni yaxshi anglash»ga chaqirgan.
«Al-Qoida» bilan nima bo‘lmoqda?
Frenk Gardner, BBC’ning xavfsizlik masalalari bo‘yicha korrespondenti
«Al-Qoida» bir vaqtlar kichik, markazlashgan, jipslangan tashkilot bo‘lgan. Bugun u butun dunyo bo‘ylab tarqalgan, asosan boshqarilmaydigan yoki yomon boshqariladigan hududlarda tarqalgan izdoshlar guruhlari bilan global franshizaga aylandi.
Masalan, «Al-Qoida»ning Somalidagi filiali «Ash-Shabob» yetakchi jihodchi guruh bo‘lib qolmoqda.
Afrika «Al-Qoida» va IShID kabi yirik jihodchi guruhlar o‘rtasidagi jang maydoniga aylandi, ayniqsa Afrika shimoli-g‘arbidagi Saxel mintaqasida ta’sir doirasi uchun jiddiy kurash kechadi.
Ular nafaqat o‘z nuqtayi nazarlaridagi «murtad» rejim va hukumatlarga qarshi, balki o‘zaro ham jang qilishadi. Ko‘p hollarda bundan tinch aholi vakillari jabr ko‘rishadi.
«Al-Qoida» hamon Yaqin Sharqdagi asosiy terrorchi guruh bo‘lib qolmoqda. Bin Lodin saudiyalik, Zavohiriy - misrlik edi, bugungi kunda mavjud bo‘lgan oliy rahbariyat - deyarli faqat arablardan tarkib topgan.
Tashkilot Suriya shimoli-sharqida keng ta’sir doirasini saqlab qolgan, bu hududda amerikaliklarning dronlari va maxsus topshiriqli bo‘linmalarning reydlari jangarilarning taxminiy boshpanalariga zarbalar berib keladi.
Zavohiriyning o‘limidan keyin «Al-Qoida» endi o‘zining avvalgi ta’sirini yangi yetakchi va yangi strategiya bilan tiklashga qaror qilishi mumkin.
Yetakchisi halok bo‘lgani bilan uning tahdidi ham yo‘qolishini kutish soddalik bo‘ladi.
Mavzuga oid
16:52 / 28.08.2024
Burkina-Fasoda harbiylar uchun xandaq qaziyotgan odamlarga hujum qilindi
22:50 / 15.02.2023
«Al-Qoida»ning yangi rahbari boshi uchun 10 million dollar mukofot va’da qilindi
08:12 / 02.08.2022
«Al-Qoida» yetakchisi AQSh amaliyoti davomida yo‘q qilindi
13:33 / 19.01.2022