O‘zbekiston | 07:39 / 05.08.2022
3419
3 daqiqa o‘qiladi

Mustaqil OTMlar mablag‘ bilan qanday qo‘llab-quvvatlanishi belgilandi

Toshkent davlat pedagogika universiteti / Foto: Kun.uz

Vazirlar Mahkamasining “Moliyaviy mustaqillik berilgan davlat oliy ta’lim muassasalarida davlat buyurtmasi (davlat granti) asosida kadrlar tayyorlash uchun davlat budjetidan moliyalashtirish tartibini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan moliyaviy mustaqillik berilgan davlat oliy ta’lim muassasalarini bir talaba uchun to‘g‘ri keladigan o‘rtacha xarajat miqdoridan kelib chiqib moliyalashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. U quyidagilarni tartibga soladi:

  • moliyaviy mustaqillik berilgan oliy ta’lim muassasalariga moliya yili uchun ajratiladigan budjet mablag‘lari hajmini aniqlashda qo‘llaniladigan xarajatlar bazaviy normativlari;
  • moliya yilida xarajatlarning bazaviy normativlarini qo‘llash yo‘li bilan moliyaviy mustaqillik berilgan oliy ta’lim muassasalari uchun budjet mablag‘lari hajmini hisoblash tartibi.

Moliya yili uchun OTMga ajratiladigan budjet mablag‘lari hajmini aniqlashda quyidagi xarajatlar bazaviy normativlari qo‘llaniladi:

  • professor-o‘qituvchilar hamda boshqaruv, texnik, xizmat ko‘rsatuvchi va o‘quv-yordamchi xodimlar mehnatiga haq to‘lash va rag‘batlantirish bilan bog‘liq xarajatlari;
  • bir nafar talabani o‘qitish uchun joriy xarajatlar;
  • boshqa xarajatlar (kommunal xizmatlar, o‘qitish xarajatlari, joriy ta’mirlash) hamda asosiy aktivlarni xarid qilish va kapital ta’mirlash uchun ajratiladigan mablag‘lar;
  • davlat budjeti mablag‘lari hisobidan moliyaviy mustaqillik berilgan oliy ta’lim muassasalarini moliyalashtirish tartibi.

Davlat buyurtmasini moliyalashtirish davlat buyurtmasi (davlat granti) asosida ta’lim olayotgan talabalarni o‘qitishni moliyalashtirish bo‘yicha namunaviy bitimga muvofiq amalga oshiriladi. U buyurtmachi (vazirlik, idora) hamda oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida tuziladi. Bitim imzolangandan so‘ng OTM budjet mablag‘lari bo‘yicha xarajatlar smetasini shakllantiradi va tasdiqlaydi.

Nizom normalari quyidagilarga tatbiq qilinmaydi: talabalarga stipendiya to‘lovlari; oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim xarajatlari, pedagoglar malakasini oshirish; yetim va ota-onasi qarovisiz qolgan talabalar moddiy ta’minoti bo‘yicha xarajatlar belgilash; prezident va Vazirlar Mahkamasi qarorlari asosida ajratiladigan mablag‘lar.

Mavzuga oid