Jahon | 22:40 / 06.08.2022
23360
5 daqiqa o‘qiladi

Dengiz bo‘yidagi osuda hayot – mo‘’jaz Karamursel manzaralari

Turkiyada bo‘lib qaytgan Kun.uz muxbiri Istanbuldan 2 soatlik masofadagi kichik shaharcha – Karamurselda bo‘lib, hamma sayyohlar ham boravermaydigan, tarovatli, ozoda, shinam va yam-yashil go‘shadan fotojamlanma tayyorladi.

Foto: Kun.uz

Turkiya – sehrli diyor. Aslida ko‘pincha Amerikaga nisbatan ishlatib kelingan bu iborani endilikda Turkiyaga nisbatan qo‘llasa ham bo‘ladi, bizningcha. Axir minglab yurtdoshlarimiz uchun ishlash, yashash, o‘qish va sayohat qilish mamlakati bu. Bejizga ko‘pchilik o‘zbeklar turk diyoriga oshiqmasligini u yerda aqalli bir marta bo‘lgan odam his qiladi, tan oladi.

Istanbul, Izmir, Antalya, Alanya, Mersin, Dalaman, Erzurum, Trabzon, Bodrum, Kappadokiya va yana ko‘plab go‘zal shaharlari bor bu o‘lkaning biz uchun ochilmagan qirralari juda ko‘p.

Asosiy turistlarimiz o‘zlari uchun Istanbul yoki Antalyani tanlashadi, biroq yuqorida sanab o‘tganimiz shaharlardan tashqari yana qancha ertaknamo go‘shalari bor bu diyorning. Uzoqqa bormaymiz, Istanbulning yon atrofida ko‘plab shaharchalar va qishloqlar borki, tarovati va shukuhidan mazza qilasiz.

Kun.uz muxbiri “Turkiya? Ha-a, Istanbulmi?” deb fikrlaydigan yurtdoshlarimizda o‘rnashib qolgan yorliqdan qochish maqsadida megapolisdan biroz tashqariga chiqishga qaror qildi. Bu qarori uni Istanbuldan 1,5–2,5 soatlik masofadagi Izmit ko‘rfazi atrofidagi shaharcha va Belediye'lar (tumanlar) tomon boshladi.

Shaharlararo avtobusda 2 soatlik, paromda esa 45 daqiqalik masofada go‘zal Karamursel shaharchasi bor. Yalova va Izmit shaharchalari o‘rtasida joylashgan bu makonni ko‘pchilik bilmasa kerak. So‘nggi yillarda sayyohlar, u ham bo‘lsa, xorijlik sayyohlar o‘zlari uchun kashf qilgan bu mo‘’jaz – aholisi 60 mingdan sal ziyod bo‘lgan shaharcha dam olish, baliq ovlash, cho‘milish va shunchaki toza havodan nafas olib, ko‘pgina megapolislar shovqinidan “detoks” qilish uchun ajoyib maskan.

Karamurselliklar istanbulliklardan, ayniqsa, megapolis Istanbulning Yevropa tomonidagi aholidan farqli ravishda anchayin sodda, samimiy, ochiq va xushmuomala ekanini e’tirof etish kerak.

Shaharcha ham xuddi undagi odamlar kabi hashamdan uzoq, tartibli, ko‘rkam, shinam va sodda. Yo‘llar ravon, ko‘chalar tartibli, qirg‘oqlar ozoda.

Tosh yotqizilgan yo‘lkalar, kichik do‘konchalar va xizmat ko‘rsatish nuqtalari, mo‘’jaz bozorcha va yashil tabiat uyg‘unligini his qilasiz bu yerda.

Ming marta gapirgandan, bir marta ko‘rgan afzal. Quyidagi fotomaqola sizni Karamursel sayriga chorlaydi.

Mo‘’jaz shaharchada ham izdihom bo‘lib turadi
Hokimlikning panjaralarsiz binosi
Shahar hokimi sizni kutib oladi
E’tibor: Nogironlar elektr aravachalarini quvvatlash stansiyasi

Turkiya Qiziloy jamiyati turli go‘shalarga mobil stansiyasi bilan borib, ko‘ngilli donorlardan qon oladi

Baliqchilar qayiqlari

Hayvonlarga, ayniqsa mushuklarga g‘amxo‘rlik
Qush uyasidagi yozuv: Bo‘lishmoq go‘zaldir

Karamursel apelsinlari

1999 yildagi Zilzila qurbonlari xotirasi uchun o‘rnatilgan stella

Yo‘lko‘rsatgichlar har yerda va aniq, lo‘nda. Adashib qolishingiz qiyin

Dengiz manzaralari

Qirg‘oq bo‘ylab har 200 metrda sport, vorkaut va bolalar maydonchalari bor

Karamursel masjidlari
Bu yurtda mulk huquqi kafolatlangan. Egasining roziligisiz, "snos" qilishga hech kimning haqqi yo‘q, garchi, uy umumiy ko‘rinishni buzib turgan bo‘lsa ham

Karamursel ko‘chalari

Ko‘p qavatli uylarda tartib bor - har bir uyda domofon, kiraverishda va liftda e’lonlar, qutidagi hisob-fakturalar

Ijara velosipedlar stansiyasi: "Sog‘lik uchun pedal aylantiring

 

Ko‘rinib turgan daraxtzor - qabriston. Turkiyada qabristonlar odatda ko‘m-ko‘k daraxtzor ichida

Baliqchilar

Karamursel xalq plyaji
Rangin zinapoya

Eskirgan kiyim, poyafzal va o‘yinchoqlar uchun maxsus quti. Keyinchalik ular qayta ishlanib, bolalar maydonchalari va to‘shamalar ishlab chiqariladi
Karamursel parom stansiyasi
Madaniyat markazi
Turkiyada "Xalq noni" tushunchasi bor. Nisbatan arzonroq non sotiladigan kiosk
Gazetalar oddiy do‘konlar oldida sotiladi

Shamol yo‘q paytdda beozor meduzalar qirg‘oqlarga yemish izlab kelishadi
Qo‘l ishlari va suvenirlar bozorchasi

 

Tungi ko‘chalar
Otaturk ilk bor qadam qo‘ygan bino ekan
Karamursel – huzurning poytaxti

Bobur Akmalov

Mavzuga oid