Jamiyat | 11:45 / 06.08.2022
15385
1 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda belgilanmagan joyga chiqindi uloqtirgan haydovchi jarimaga tortildi

Poytaxtda «Matiz» haydovchisi mahalla hududida belgilanmagan joyga chiqindi uloqtirgani uchun jarimaga tortildi. Holat hududdagi kameraga tushib qolgan.  

Foto: Videodan kadr

Toshkent shahrining Yangihayot tumanidagi Chortoq mahallasi hududida chiqindi bilan bog‘liq holat aniqlandi.

Hududga o‘rnatilgan kamera obektiviga "Matiz" transport vositasi oynasidan belgilanmagan joyga noqonuniy tarzda chiqindi uloqtirib tashlab ketgan vaziyat muhrlangan. 

Ushbu holat yuzasidan davlat inspektorlari olib borgan sa’y-harakatlari natijasida avtomobil davlat raqami orqali huquqbuzar shaxsiga aniqlik kiritildi. Unga nisbatan qonunda belgilangan tartibda ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi va jarima belgilandi.

Shuningdek, haydovchiga holat takrorlanmasligi yuzasidan tushuntirish berilgan.

“Hurmatli yurtdoshlar, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlab o‘zingiz va yurtdoshlarimiz oldida mulzam bo‘lmang”, deyiladi poytaxt Ekologiya boshqarmasi xabarida.

MJtKga ko‘ra, belgilanmagan joylarga chiqindi tashlash fuqarolarga 1-3 BHM (300-900 ming so‘m) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Mavzuga oid