O‘zbekiston | 20:46 / 09.08.2022
16409
7 daqiqa o‘qiladi

Fikrlashni emas, yodlashni o‘rgatayotgan maktab ta’limi: XTV rahbariyati izoh berdi

Vazir Baxtiyor Saidov va uning o‘rinbosari Usmon Sharifxo‘jayev ta’limda o‘quvchini darslikdagi faktlarni yodlashga o‘rgatadigan yondashuvdan voz kechish haqidagi savolga javoban, bu 2025 yilgacha to‘liq joriy etiladigan yangi Milliy o‘quv dasturiga asosan amalga oshishini aytdi. “Ta’limda natija ko‘rsatishga vaqt kerak bo‘ladi”, – dedi Saidov. Sharifxo‘jayevning fikricha, bunda ota-onalar o‘z bolasining hayotga emas, testga tayyor bo‘lishini xohlashi – asosiy muammo.

8 avgust kuni AOKAda Xalq ta’limi vazirligining so‘nggi 6 oylik faoliyatiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Tadbir davomida Kun.uz muxbiri vazir Baxtiyor Saidovga o‘zbek maktablarida ta’lim o‘quvchini fikrlashga emas, faktlarni yodlashga qaratilgan bo‘lib qolayotgani va O‘zbekiston sohani isloh qilishda qaysi davlat tajribasidan borishi haqida savollar bilan murojaat qildi.

Baxtiyor Saidov savolga javob berarkan, avvalo jurnalistning maktab bolalarini fikrlashga o‘rgatish borasidagi fikri asosli ekanini bildirdi.

“Shaxsan o‘zim dekabr oyidan o‘quv yili yakuni bo‘lgan may oyigacha respublikadagi 998 ta maktabda bo‘ldim, vazirlik jamoasi bilan esa guruhlarga bo‘linib jami 10 130 ta maktabning 4 mingdan ortig‘iga kirib chiqdik. O‘zim kirgan maktablarda ko‘proq 11-sinf o‘quvchilari va ularning ustozlari bilan suhbatlashishga harakat qildim.

Bitiruvchilar bilan gaplasharkanman, ta’lim sifati, ta’limga e’tibor va ularning qiziqishlaridan kelib chiqqanda, afsuski, kamchiliklarimiz juda ko‘p ekanini tushundim. Biz bu muammolarni bartaraf etishimiz shart”, – dedi vazir.

Baxtiyor Saidov / Foto: Kun.uz

U, shuningdek, O‘zbekiston sohani isloh qilishda qaysi davlat tajribasini ko‘proq qo‘llashi haqidagi savolga ham javob berdi.

“O‘zbekiston o‘zining modeli bo‘yicha boradi degan fikrdaman. Nega? Biz ilg‘or davlatlarning ilg‘or tajribasidan faqat ayrim qismlarni olamiz. Ya’ni biz aynan Singapur tajribasini O‘zbekistonga olib kelsak, u bizga to‘g‘ri kelmaydi. Buyuk Britaniya, Finlandiya, Xitoy tajribasi ham shunday, o‘z xalqi, davlatiga mos metodika. Bizda o‘z metodikamiz bor. Alohida qayd etish kerak, 503 ming nafar ustozlarimizning orasida eng fidoyilari ham bor.

Biz metodika, tizim yaratish jarayonidamiz. Ta’limning o‘zbekcha qolipi ish bermadi degan fikringizga qo‘shilmayman, chunki hali qolip qilib qo‘yganimiz yo‘q, buni ochiq aytish kerak. Men yuqorida yangi darsliklar haqida gapirdim. Bu yil shu to‘rtta sinf darsliklarini o‘zgartiramiz va uning natijasini bosqichma-bosqich baholab boramiz.

Kechirasizlar, ta’limda natija qilishga ma’lum vaqt kerak bo‘ladi. Men maktablarda dars berayotgan 503 mingdan ortiq ustozlarimiz haqida bekorga gapirmayapman. Ular ichida juda fidoyi va hurmatga sazovor ustozlarimiz bor. Biz ularga faqatgina metodikani berishimiz kerak. Buning uchun xorijiy va mahalliy mutaxassislarni hududlarga olib borish va boshqa choralar ko‘riladi.

Siz aytayotgan qolipga esa hali tushganimiz yo‘q. Men buni ochiq aytishim kerak. Chunki biz darsliklarni navbati bilan o‘zgartiramiz. Bu yil to‘rtta sinf, keyingi yil adashmasam ikkita sinf, keyin yana ikkita sinf... 2025 yilga borib 11 ta sinfning barchasida yangi avlod darsliklariga o‘tgan bo‘lamiz”, – dedi XTV rahbari.

Baxtiyor Saidovning javoblarini uning birinchi o‘rinbosari Usmon Sharifxo‘jayev to‘ldirdi.

“Bizda Milliy o‘quv dasturi o‘tgan yildan e’tiboran, 1-2-sinflardan boshlab bosqichma-bosqich joriy qilinmoqda. Bu yil to‘rtta sinf qo‘shiladi. Milliy dasturda o‘quvchilar egallashi kerak bo‘lgan turli ko‘nikmalar belgilangan. Ya’ni bugun bitirayotgan bola ertaga jamiyatda qanday ko‘nikmalarga ega bo‘lishi kerak? Bunda oldinga ham qarashimiz kerak.

Lekin bizda asosiy muammo – uzoq yillar davomida ota-onalarning asosiy maqsadi bolasining oliy o‘quv yurtiga kirishi bo‘lib qolgan. Menimcha, 99 foiz ota-onaning maqsadi shu. Xo‘sh, shunday paytda bolalarni qanday qilib biz aytayotgan maqsadlarga yetaklash mumkin? Ota-onalarning asosiy maqsadi bolasida jamiyatda kerak bo‘ladigan ko‘nikmalarning shakllanishi emas, uning test yechishi bo‘lib qolgan.

O‘zbekistonda repetitor bozori rivojlanib ketgan, degan e’tirozlar ham shundan kelib chiqadi. Ota-onalar bolam hamma fanlarni o‘qimaydi, 3-4ta fanni yod olib o‘qiydi va testlardan o‘tadi, degan fikrdan qaytmaguncha, bu mavzuni gapiraveramiz.

Afsuski, kelayotgan 2-3 yilda bitiruvchilarimiz birdaniga o‘zgarib qoladi deb ayta olmaymiz. Qachon natija bo‘ladi, degan savolingizga uzoq muddat deyishim noto‘g‘ridir, lekin, keling, bu yil 1-2 sinfga kelayotgan bolalarni ko‘raylik – ular yangi darsliklar bo‘yicha o‘qimoqda. Siz bilan tajriba qilib ko‘raylik, sentabrda shu bolalar bilan suhbat qilib, dasturda nima borligiga qarab, taxminan may oyida yana suhbat qilaylik. Shunda siz bilan, jamoatchilik bilan baho bera olamiz. Aminmanki, hozirgi 1-2-sinflar 11-sinfni bitirayotganida, ota-onalarning bolalariga talabi o‘zgargani sari, holat ham o‘zgaradi”, – dedi Sharifxo‘jayev.

Eslatib o‘tamiz, prezident farmoniga asosan 2024 yil 1 sentabrga qadar yangi Milliy o‘quv dasturi ta’lim jarayoniga to‘liq joriy etilishi lozim: 2022 yil yakuniga qadar 3-, 6-, 7- va 10-sinflar uchun, 2023-2024 yillarda 4-, 5-, 8-, 9- va 11-sinflar uchun yangi metodika va standartlarga asoslangan darsliklar yaratilishi zarur.

Kun.uz may oyida tasdiqlangan xalq ta’limidagi yangi 5 yillik islohotlar rejasi sharhini taqdim etgan edi.

Mavzuga oid