Sport | 16:05 / 09.08.2022
29020
11 daqiqa o‘qiladi

Hindistondagi sensatsiya. O‘zbekistonlik shaxmatchilarning g‘oliblik sari yo‘li

O‘zbekiston shaxmatchilari tarixda ilk marta olimpiada chempioni bo‘lishdi.

Shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi Hindistonning Chennay shahrida o‘tkazilgan shaxmat olimpiadasida birinchi o‘rinni egalladi. Bungacha nufuzli turnirdagi eng yaxshi natija uzoq 1992 yilda qo‘lga kiritilgandi – kumush medal. Shaxmat olimpiadasi o‘zi qanday musobaqa, unda kimlar ishtirok etadi, favoritlar qaysi jamoalar edi, sensatsiya taqdim qilgan yosh shaxmatchilarimiz qanday natijalarni ko‘rsatishdi, quyida shular haqida.

Shaxmat olimpiadasi qanday turnir?

Shaxmat olimpiadasi – Xalqaro shaxmat federatsiyasiga (FIDE) a’zo mamlakatlar o‘rtasidagi jamoaviy musobaqa bo‘lib, 1927 yildan buyon o‘tkazib kelinadi.

Har bir jamoa tarkibida to‘rt nafar asosiy va bir nafar zaxira shaxmatchisi bo‘ladi. Jamoa a’zolariga reyting bo‘yicha birdan to‘rtgacha raqamlangan taxtalar biriktiriladi. Masalan, eng yaxshi shaxmatchi har doim birinchi taxtada dona suradi.

Bu yil shaxmat olimpiadasi 44-marta, Hindistonda esa birinchi marta o‘tkazildi. Unda 186 mamlakatning 188 ta jamoasi ishtirok etdi. Hindiston mezbon sifatida uchta jamoa bilan qatnashdi. Ayollar turnirida esa 160 mamlakatning 162 jamoasi (Hindistondan yana uch jamoa) ishtirok etdi. Shaxmatchilarning umumiy soni – 1736 nafar.

Qoidalar qanday?

Albatta 186 mamlakat milliy jamoalari ishtirokidagi turnirni tashkil qilish vaqt nuqtayi nazaridan oson emas. Shu tufayli, shaxmat olimpiadasi Shveytsariya tizimi bo‘yicha o‘tkaziladi. Unda 2-turdan boshlab, har bir turda bir xil ochko jamg‘argan jamoalar o‘zaro o‘ynaydi. Shu sababli, har bir turda deyarli teng kuchli jamoalar to‘qnash keladi. Bu esa ko‘p sonli ishtirokchilar qatnashayotgan turnirni qisqa vaqtda yakunlash imkonini beradi. Musobaqa 11 turdan iborat bo‘ladi.

Shaxmat olimpiadasi jamoaviy musobaqa bo‘lgani sababli, o‘yinchilar g‘alaba uchun 1 ochko va durang uchun yarim ochko oladilar. Yakunda ochkolar jamlanadi. Har bir milliy jamoa g‘alaba uchun 2 ochko, agar o‘yin durang bilan yakunlansa, bir ochko oladi.

Har bir o‘yinda shaxmatchiga 90 daqiqa vaqt ajratiladi. 40 yurishdan keyin yana 30 daqiqa qo‘shimcha vaqt beriladi.

Eng ko‘p ochko to‘plagan jamoa olimpiada g‘olibi bo‘ladi. Turnirda pul mukofoti yo‘q, g‘oliblar Hamilton-Rassel kubogi bilan taqdirlanadi.

Ushbu kubok birinchi rasmiy shaxmat olimpiadasida ingliz magnati Frederik Hamilton-Rassel tomonidan sovrin sifatida taqdim etilgan. Shu sababli uning nomi bilan ataladi.

Shaxmat olimpiadasi tarixi

Shaxmat olimpiadasi 1950 yildan boshlab har ikki yilda bir marta o‘tkazib kelinmoqda.

Eng ko‘p oltin medalni SSSR shaxmatchilari qo‘lga kiritgan – 18 ta. Keyingi o‘rinlarni AQSh (6), Rossiya (6), Vengriya (3), Armaniston (3), Ukraina (2), Xitoy (2), Yugoslaviya (1), Polsha (1) va Germaniya (1) egallab turgandi. Endi ularning qatoriga O‘zbekiston ham qo‘shildi.

Eng ko‘p oltin medal qo‘lga kiritgan shaxmatchilar reytingida ham tabiiyki sovet shaxmatchilari peshqadamlik qiladi – Tigran Petrosyan (9), Vasiliy Smislov (9), Garri Kasparov (8), Mixail Tal (8).

O‘zbekiston shaxmatchilari natijalari

Shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi 1992 yildan buyon olimpiadada ishtirok etib kelmoqda.

O‘sha yili Filippin poytaxti Manilada o‘tkazilgan nufuzli turnirda O‘zbekiston sharafini Valeriy Loginov, Grigoriy Serper, Aleksandr Nenashev, Sergey Zagrebelniy, Mixail Saltayev va Saidali Yuldashev himoya qilgandi. Yakunda ular Rossiya milliy jamoasidan keyin ikkinchi o‘rinni egallab, kumush medallarini qo‘lga kiritishdi. Bugungi kunga qadar ushbu natija shaxmatchilarimiz tomonidan qo‘lga kiritilgan yagona yutuq bo‘lib turgandi.

Chennay shahridagi shaxmat olimpiadasi o‘tkazilayotgan zal fide.com

Chennay olimpiadasi

2022 yilgi shaxmat olimpiadasi tartib bo‘yicha 44-bo‘lib, 29 iyul kuni Hindistonning Chennay shahrida boshlandi.

Turnirda FIDE reytingidagi eng yaxshi o‘n nafar shaxmatchidan 5 nafari ishtirok etgani, uning saviyasi yuqori ekanidan dalolat beradi.

Misol uchun, jahon chempioni Magnus Karlsen Norvegiya milliy jamoasi sharafini himoya qildi. Shuningdek, kuchli o‘nlikka kiradigan shaxmatchilar Fabiano Karuana , Levon Aronyan va Uesli So AQSh milliy jamoasida dona surdi.

Sobiq jahon chempioni Vishvanatan Anand mezbon mamlakat safida o‘ynash o‘rniga jamoaga murabbiylik qilishga qaror qildi. Shaxmat bo‘yicha 2023 yilgi jahon chempionligiga da’vogar bo‘lgan Yan Nepomnyashchiy va Din Lijen Rossiya milliy jamoasi musobaqadan chetlatilgani, Xitoyda esa COVID-19 bilan bog‘liq cheklovlar borligi tufayli musobaqada ishtirok etolmadi.

Olimpiadani o‘tkazib yuborgan boshqa mashhur shaxmatchilar orasida fransiyalik Alirizo Firuzjo va Maksim Vashe-Lagrav ham bor. Teymur Rajabov COVID-19 infeksiyasi oqibatlari tufayli musobaqa boshlanishiga oz vaqt qolganda vatani Ozarboyjon milliy jamoasi safidan chiqdi. Vetnam milliy jamoani musobaqaga yubormagani bois, Le Kuang Liyem ham turnirda ishtirok etmadi.

Favoritlar kimlar edi?

Shubhasiz, juda kuchli jamoalar qatorida sanalgan Rossiya va so‘nggi olimpiada g‘olibi Xitoy shaxmatchilarining turnirda ishtirok etmasligi ko‘plab jamoalarning g‘oliblikka bo‘lgan imkoniyatini oshirdi.

O‘rtacha 2771 reyting balliga ega va tarkibida Fabiano Karuana, Levon Aronyan, Uesli So, Lener Dominges va Sem Shenklend bo‘lgan AQSh milliy jamoasi eng asosiy favorit sifatida sanalayotgan edi.

Eng yuqori o‘rtacha reytingga ega va tarkibida Vidit Santosh Gujrati, Pentala Xarikrishna, Arjun Erigaisi bo‘lgan Hindiston milliy jamoasi, shuningdek, jahon chempioni Magnus Karlsen boshchiligidagi Norvegiya milliy jamoasi ham medallarga da’vogar edi.

Biroq, sovrin uchun kurash umuman boshqa jamoalar o‘rtasida kechdi.

O‘zbekiston milliy jamoasi shaxmatchilari (O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi)

O‘zbekiston milliy jamoasi ishtiroki

O‘zbekiston milliy jamoasi shaxmat olimpiadasiga eng yosh tarkib bilan yo‘l oldi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

O‘zbekistonning birinchi raqamli shaxmatchisi Nodirbek Abdusattorov endi 18 yoshga to‘ladi. U xalqaro grossmeyster hisoblanib, dunyo shaxmat reytingida 2677 ochko bilan 64-o‘rinda bormoqda. 20 yoshli Nodirbek Yoqubboyev 2620 ochko bilan 158-o‘rinni, 17 yoshli Javohir Sindarov esa 2629 ochko bilan 139-o‘rinni egallab turibdi. Shuningdek, tarkibda 27 yoshli Jahongir Vohidov va 20 yoshli Shamsiddin Vohidov ham bor edi.

Dastlabki 2 turda shaxmatchilarimiz deyarli qarshilikka duch kelishmadi. Nepal va Farer orollari bir xil – 4:0 hisobida mag‘lub etildi. Uchinchi turda Sloveniya milliy jamoasi 3:1 hisobida dog‘da qoldirildi.

Nodirbek Abdusattorov (O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi)

Birinchi eng kuchli raqib 4-turda yo‘liqdi – musobaqa favoriti AQSh. Biroq, yosh shaxmatchilarimiz juda qiyin kechgan bahsda durangga erishdi. O‘yin taqdirini Nodirbek Abdusattorovning supergrossmeyster Fabiano Karuano ustidan qozongan g‘alabasi hal qildi.

Beshinchi turda Slovakiya shaxmatchilari 4:0 hisobida mag‘lub etildi.

Shamsiddin Vohidov (O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi)

Oltinchi turda o‘zbekistonliklar yana bir jiddiy raqib – Hindiston milliy jamoasiga qarshi dona surishdi. Bu bahs ham 2:2 natijasidagi durang bilan yakunlandi. Shamsiddin Vohidov o‘z raqibi Krishnan Sashikirandan reytingda qariyb yuz pog‘ona pastda turgan bo‘lsa-da, uni mag‘lub etib, jamoani muqarrar mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi.

Yettinchi turda Peru shaxmatchilari 4:0 hisobida osonlikcha taslim etildi.

Nodirbek Yoqubboyev (O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi)

Sakkizinchi turda Germaniya milliy jamoasi 2,5:1,5 hisobida mag‘lub etildi. Hal qiluvchi ochkoni Nodirbek Yoqubboyev keltirdi. U Mattias Blyubaumni mag‘lub etishga erishdi.

To‘qqizinchi turda O‘zbekiston milliy jamoasi yana bir prinsipial raqib Armanistonga qarshi dona surdi. Armanistonliklar turnir jadvalida O‘zbekistonni ta’qib qilib kelayotgandi. Katta ehtimol bilan bu bahsning g‘olibi turnirdagi chempionlikka asosiy da’vogar bo‘lar edi. Shaxmatchilarimiz 3:1 hisobidagi ajoyib g‘alabani qo‘lga kiritib, olimpiada peshqadami bo‘lib olishdi. Javohir Sindarov Samvel Ter-Saxakyanni, Jahongir Vohidov esa Robert Ovanisyanni yengib, juda qimmatli ochkolarni keltirishdi.

O‘ninchi turda O‘zbekiston milliy jamoasi Hindiston-2 jamoasi bilan kurashdi. Uchta taxtadagi bahslar yakunlanganidan so‘ng shaxmatchilarimiz 1:2 hisobida ortda borishayotgandi. Ammo Nodirbek Abdusattorov o‘ta qiyin kechgan bahsda iroda ko‘rsatib, Gukesh ustidan g‘alabaga erishdi. Dramatik tarzda kechgan bahsda raqib shaxmatchisiga yurish qilish uchun vaqt yetmay qoldi. Bu esa shaxmatda mag‘lubiyatga teng.

So‘nggi tur oldidan O‘zbekiston milliy jamoasi Armaniston bilan bir xil – 17 tadan ochko jamg‘arib, birinchi o‘rinda edi. Musobaqada g‘olib chiqish uchun shaxmatchilarimiz Niderlandiyani har qanday hisobda mag‘lub etishi kifoya qilardi.

Jahongir Vohidov (O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi)

Ammo so‘nggi o‘yinlar oson bo‘lmadi. Dastlabki uchta taxtadagi bahslar durang natija bilan yakunlandi. Bu vaqtda Armaniston Ispaniyani, Hindiston-2 esa Germaniyani mag‘lub etib, onlayn jadvalda O‘zbekistonni quvib o‘tgandi.

So‘nggi taxtada esa Jahongir Vohidov raqibi Maks Varmerdamni tom ma’noda «ezib qo‘ydi». U o‘yin oxirigacha tashabbusni qo‘ldan boy bermay, raqibni mag‘lubiyatni tan olishga majbur qildi. 2,5:1,5 hisobida g‘alaba qozongan O‘zbekiston milliy jamoasi ilk bor shaxmat olimpiadasi chempioni bo‘ldi.

Nurmuhammad Said

Mavzuga oid