Iqtisodiyot | 21:11 / 12.08.2022
75485
4 daqiqa o‘qiladi

Spark uchun shartnoma berish to‘xtatildi. UzAuto Motors tomonlarda nima gaplar?

UzAuto Motors 2-3 oy oldin Spark avtomobillari uchun shartnoma berishni to‘xtatgan, qachon tiklanishi noma’lum. Pulini to‘lab, avtomashinasini kutayotgan fuqarolar soni 128 mingdan oshib ketgan. Yaqinda sotuvi boshlanishi kutilayotgan Tracker-2023 modeli esa Xitoydagi muqobilidan sezilarli qimmat bo‘lishi mumkin.

UzAvtosavdo ilovasida Spark avtomashinasi uchun kontraktatsiya taqdim etish to‘xtatilgan. Vaziyatga aniqlik kiritish maqsadida Kun.uz muxbiri Toshkent shahridagi “UzAuto Motors” AJning bir qancha dilerlik markazlari bilan bog‘landi.

Ma’lum qilinishicha, taxminan 2-3 oy oldin Spark uchun shartnoma berish to‘xtatilgan. Kompaniya bu haqda rasmiy xabar bermagan. Kontraktatsiya qachon tiklanishi noma’lum.

Toshkentdagi "PSM Avtosavdo" MChJ dilerlik markazidagi narxnoma

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilning yanvar-iyun oylarida 7 543 dona Spark ishlab chiqarilgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 24 foizga ko‘p. Biroq 2020 yilga nisbatan Spark ishlab chiqarish qariyb ikki barobarga qisqargan.

Uzun navbatlar yanada uzayishda davom etmoqda

12 avgust holatiga, kamida 50 foiz puli oldindan to‘lab qo‘yilgan va ishlab chiqarilishi kutilayotgan avtomobillar soni 128 160 tani tashkil etmoqda. Xususan:

  • Cobalt uchun – 32 497 dona;
  • Lacetti uchun – 55 382 dona;
  • Traverse uchun – 169 dona;
  • Tahoe uchun – 51 dona;
  • Nexia-3 uchun – 97 dona;
  • Damas-2 uchun – 39 958 dona buyurtma berib qo‘yilgan.

Faqatgina aksariyat o‘zbekistonliklar uchun narxi qimmat bo‘lgan Malibu-2, Equinox, Trailbazer avtomobillari uchun navbatlar yo‘q.

Dilerlik markazi xodimlarining bildirishicha, shu kecha-kunduzda “Lacetti-Gentra” uchun pul to‘lansa, keyingi yilning may oylarida avtomobilni salondan olib chiqish mumkin bo‘ladi.

Sog‘lom raqobat sharoitidagi bozorda taklif qanchalik ko‘p bo‘lsa, bu ishlab chiqaruvchining manfaatlariga xizmat qiladi. Ammo bugun iste’molchilar oldida boshqa muqobil tanlov yo‘q. Shu sabab odamlar kompaniyaning haddan ortiq qoliplangan takliflariga ko‘nishga majbur.

Eslatib o‘tamiz, fevral oyida prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tkazgan yig‘ilishda avtomobillarni ko‘proq ichki bozorga yo‘naltirish topshirig‘i berilgandi. Shuningdek, 1 mayga qadar avtomobil xarididagi navbatlarni to‘liq bartaraf etish vazifasi ham yuklatilgandi. Ammo bugungi kunga kelib, navbatlar soni aprel oyining oxiriga nisbatan ham ikki barobardan ortiqroqqa (23 aprel holatiga 63 062 ta navbat bo‘lgan) ko‘paygan.

Tracker-2023 va Onix uchun shartnoma berish boshlanadi

Joriy yilning sentabr oyidan Tracker-2023, oktyabr oyidan boshlab esa Chevrolet Onix avtomobillari uchun shartnomalar berish boshlanishi kutilmoqda.

Mahalliylashtirish asosida O‘zbekistonda yig‘ilayotgan Tracker-2023'ning bahosi hozircha ma’lum emas. “Uzavtosanoat” matbuot xizmatiga ko‘ra, yakuniy narx hali tasdiqlanmagan va turli opsiyalarning bahosi hisoblanyapti.

“Avtostrada” o‘z manbalariga tayanib yozishicha, Tracker-2023 Premier (eng yuqori komplektatsiya) 320 mln so‘mdan sotuvga chiqishi mumkin. Shu paytgacha Xitoydan import qilinadigan Tracker – 255,2 mln so‘mdan, Tracker Redline esa 264 mln so‘mdan sotilayotgan edi.

Taqqoslash uchun, Xitoyda chiqayotgan Tracker RS 2023 16,3 ming dollardan 19,1 ming dollargacha narxda sotilmoqda.

O‘zbekistonda sotuvda chiqishi kutilayotgan Tracker-2023'da Xitoy variantidan ko‘ra bir nechta ko‘proq qo‘shimcha funksiyalari bo‘lishi, narx balandligi shu bilan izohlanishi mumkinligi aytilyapti.

O‘tgan yili UzAuto Motors Chevrolet Onix 9 mingdan 12 ming dollarigacha bahoda sotuvga chiqarilishini ma’lum qilgandi. Ammo yakuniy aniq narxlar hali e’lon qilinmagan.

Mavzuga oid