Jahon | 14:29 / 23.08.2022
4903
4 daqiqa o‘qiladi

Shols va Tryudo Ukrainaga yordam haqida kelishib oldi 

Germaniya kansleri Olaf Sholsning Kanadaga tashrifi chog‘ida Ukrainaga yordam ko‘rsatish, shuningdek, Germaniya-Kanada iqtisodiy hamkorligini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Foto: AP

Germaniya kansleri Olaf Sholsning Kanadaga tashrifi chog‘ida Germaniya va Kanada 22 avgust, dushanba kuni energetika sohasida yaqin hamkorlik to‘g‘risida kelishib oldi hamda Ukrainaga Rossiya harbiy bosqiniga qarshi kurashda ko‘proq yordam qilishga va’da berdi.

Sholsning Germaniya vitse-kansleri va iqtisodiyot vaziri Robert Xabek hamda ishbilarmon doiralar vakillaridan iborat katta delegatsiya hamrohligidagi uch kunlik safari asosiy maqsadlaridan biri - Kanada bilan iqtisodiy aloqalarni sezilarli darajada mustahkamlash, Germaniya va Kanada o‘rtasida Germaniyaga energiya tashuvchilar va xomashyo yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishish. Shu bilan birga, asosiy e’tibor yashil vodorodni ishlab chiqarish va tashish sohasida yaqin hamkorlikka qaratilmoqda. Bundan tashqari, Kanadadan Germaniyaga suyultirilgan tabiiy gaz (STG), nikel, kobalt, litiy va grafit kabi minerallar hamda metallarni yetkazib berish masalasi muhokama qilinmoqda. 

Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo STGni Atlantika bo‘ylab YeIga eksport qilish masalasi o‘rganilishiga va’da berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, STG yetkazib berish bilan bog‘liq muammolardan biri - infratuzilmaga investitsiyalarning yetarli darajada emasligi. «Biroq, biz nemislar va yevropaliklarga qisqa muddatda yordam berishning barcha variantlarini ko‘rib chiqmoqdamiz, chunki ular kelayotgan qishda haqiqiy muammoga duch keladi», dedi Tryudo dushanba kuni Monrealda Shols bilan qo‘shma matbuot anjumanida. Rossiya energiya tashuvchilardan qurol sifatida foydalanmasligi kerak, deya qo‘shimcha qildi u. 

Monrealda bo‘lib o‘tgan brifingda Ukrainaga yordam ko‘rsatish bo‘yicha so‘zga chiqqan Shols bu mamlakatni urushdan keyingi qayta qurish «jahon hamjamiyati o‘z vaqtida to‘g‘ri yo‘lni belgilashi kerak bo‘lgan muhim vazifa» ekanini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, mamlakatni tiklash bilan hozir, urush paytida shug‘ullanish kerak. Bundan tashqari, uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina sharqiga qurol-yarog‘ yetkazib berishni ta’minlash muhim vazifa bo‘lib qolmoqda. 

Germaniya kansleri, shuningdek, Kanadaga sanksiyalardan istisno qilish va «Shimoliy oqim» turbinasiga xizmat ko‘rsatgandan so‘ng Yevropaga qaytarish qarori uchun minnatdorchilik bildirdi. 

«Bu muhim qaror edi. Chunki u Putinning Ukrainaga yordam ko‘rsatishga ta’sir qilish maqsadida ittifoqchilarni bo‘lishga qaratilgan strategiyasini fosh qildi». Rossiya ishonchli biznes sherigi emas, deya davom etdi kansler. U Moskva texnik sabablarga ko‘ra Yevropa bo‘ylab gaz yetkazib berishni qisqartirganini eslatib o‘tdi. «Shuning uchun biz Putinning tuzog‘iga tushib qolmaslik, birlashish va birdam bo‘lishimiz muhim», - deydi Shols. 

Monrealdan Shols va Xabek Germaniya-Kanada biznes konferensiyasi uchun Torontoga, so‘ngra yashil vodorod ta’minoti masalasini muhokama qilish uchun Nyufaundlendga yo‘l olmoqda. 

Mavzuga oid