O‘zbekiston | 20:26 / 25.08.2022
14011
4 daqiqa o‘qiladi

Hukumat tarkibidagi inspeksiyaning 142 xodimi jarimaga tortildi

Vazirlar Mahkamasining fermerlarni “odam o‘rnida ko‘rmaydigan” Agrosanoat majmui ustidan nazorat inspeksiyasi xodimlari mingdan oshiq holatda tadbirkorlar huquqlarini buzgani ma’lum bo‘ldi. Eng ko‘p huquqbuzarlik Jizzaxga to‘g‘ri kelmoqda – 660 ta.

Foto: Kun.uz

Prezident huzuridagi Biznes-ombudsman hukumat huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat inspeksiyasi va uning quyi tizimlarida o‘rganishlar o‘tkazgan. Natijada 1044 ta holatda tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari buzilishiga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan.

Biznes-ombudsman ofisining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, 815 ta holatda tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatida tekshirish o‘tkazish bilan bog‘liq qonunchilik talablari buzilgan.

Hududlar kesimida Jizzax (660 ta), Sirdaryo (28 ta), Andijon (27 ta), Farg‘ona (20 ta), Samarqand (10 ta), Toshkent (8 ta), Buxoro (7 ta) va Xorazm (3 ta) viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida (52 ta) bunday kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan.

Shuningdek, tadbirkorlik sub’yektlarining murojaatlarini ko‘rib chiqishda 198 ta holatda huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘yilgan. Misol uchun:

Agrosanoat majmui ustidan nazorat inspeksiyasi Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumani bo‘limi katta inspektori Anorboy Xo‘jamberdiyev tomonidan tumandagi 14 ta fermer xo‘jaliklarining faoliyatida belgilangan tartibni buzgan holda tekshiruvlar o‘tkazilgan. Natijada A.Xo‘jamberdiyev Biznes-ombudsman devoni xodimlari tomonidan MJtKning 2412-moddasiga asosan ma’muriy javobgarlikka tortilib, unga nisbatan 10,8 million so‘m miqdorida jarima jazosi qo‘llanilgan.

Inspeksiyaning Sirdaryo tumani bo‘limi katta inspektori Davronbek Nurulayev tomonidan tekshiruv o‘tkazish to‘g‘risidagi buyruqda ko‘rsatilmagan shaxs bilan birgalikda 4 ta tadbirkorlik sub’yektining faoliyatida tekshiruv o‘tkazilgan. Undan tashqari, tekshiruvdan oldin tadbirkorlik sub’yekti tekshirish dasturi bilan tanishtirilmagan. Natijada, D.Nurulayev Biznes-ombudsman devoni xodimlari tomonidan MJtKning 2412-moddasiga asosan 10,8 million so‘m jarimaga tortilgan.

Inspeksiyaning Surxondaryo viloyati Sherobod tumani bo‘limi katta inspektori G‘ayrat Suvonov tekshiruv vakolatiga ega bo‘lmasa-da 3 ta tadbirkorlik sub’yektining faoliyatida tekshiruv o‘tkazgani aniqlangan. Bu huquqbuzarlik bo‘yicha G‘.Suvonovga nisbatan 2,7 million so‘m jarima jazosi qo‘llanilgan.

Inspeksiyaning Xorazm viloyati Urganch tumani bo‘limi xodimi tomonidan “Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimi”da ro‘yxatdan o‘tkazmasdan 2022 yil 29 mart kuni “Quvondiq Sardor Salimboy” fermer xo‘jaligida tekshirish o‘tkazilgan.

Qayd etilishicha, yuqoridagilardan tashqari, 31 ta holatda tadbirkorlarga davlat xizmatlari ko‘rsatishda qonunchilik talablari va belgilangan muddatlarga amal qilinmagan.

Qayd etilgan kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan 142 nafar mansabdor shaxslarga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.

Shu bilan birga, Agrosanoat majmui ustidan nazorat inspeksiyasiga yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish, ularni kelgusida yo‘l qo‘yilishini oldini olish hamda tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilishi yuzasidan taqdimnoma kiritilgan.

Ma’lumot uchun, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat inspeksiyasi qishloq va suv xo‘jaligi sohasidagi qonunchilik talablariga rioya etilishi ta’minlash ustidan nazorat olib boradi.

Inspeksiyaga Vahobov Abrol Jabborovich rahbarlik qiladi. Inspeksiyaning markaziy apparatida 76 nafar, hududiy boshqarmalarida o‘rtacha 30 nafardan, tuman-shahar bo‘limlarida o‘rtacha 10 nafardan xodimlar ishlaydi.

Inspeksiya ta’minoti O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Mavzuga oid